“ONA TIL” MI YOKI “ONA TILI” ?
Til — xalqning tarixiy xotirasi, tafakkuri, ruhiyati va milliy o‘zligini mujassam etgan ma’naviy hodisadir. Shu sababli til nomi bilan bog‘liq har bir so‘z va qo‘shimcha ortida muayyan ma’no yotadi. Ba’zan esa bitta qo‘shimchaning qo‘llanishi ham ifodalanayotgan tushunchaning mohiyatini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan “ona til” va “ona tili” shakllarini bir-birining oddiy variantlari sifatida qabul qilish masalani soddalashtirib yuboradi.
“Ona tili” deyilganda, avvalo, onaning tili, ya’ni muayyan bir onaga tegishli til tushunchasi grammatik jihatdan yuzaga keladi. Chunki -i qo‘shimchasi o‘zbek tilida egalik munosabatini ifodalovchi grammatik vositalardan biridir. “Ona tili” shaklida “ona” va “til” o‘rtasida egalik munosabati ko‘rinadi.
“Ona til” birikmasida esa bunday munosabat mavjud emas. Bu yerda “ona” so‘zi tilning egasini emas, uning mohiyati va inson uchun qadrini belgilaydi. “Ona” — bu o‘rinda biologik shaxs nomi emas, balki tug‘ilish, manba, mehr, ildiz va muqaddaslik timsolidir. Shuning uchun “ona til” deganda “onaning tili” emas, insonning ona kabi aziz va tug‘ma tili anglashiladi.
Bu farq o‘zbek tilining boshqa tabiiy birikmalarida ham yaqqol ko‘rinadi. Biz “ona Vatan”, “ona zamin”, “ona yer” deymiz. Bu birikmalarda “ona” keyingi so‘zning egasini bildirmaydi. U Vatan, zamin va yerga nisbatan insonning chuqur ma’naviy munosabatini ifodalaydi. Demak, “ona” so‘zining bunday qo‘llanishida uning semantik vazifasi egalikdan ko‘ra kengroq: u azizlik, tug‘malik va muqaddaslik ma’nolarini yuklaydi.
“Chet el” birikmasi ham o‘zbek tilidagi aniqlovchi–aniqlanmish munosabatining sodda va tabiiy ko‘rinishlaridan biridir. “Chet” so‘zi “el”ni aniqlaydi, biroq “chet eli” shakliga ehtiyoj tug‘dirmaydi. Xuddi shuningdek, “chet til” birikmasida ham “chet” so‘zi “til”ning belgisini aniqlab keladi.
Shunday ekan, “ona til” shaklida qo‘shimchaning yo'qligini grammatik nuqson sifatida baholash shoshma-shosharlik bo‘ladi. Tilning barcha birikmalari bir xil sintaktik qolip asosida tuzilmaydi. O‘zbek tilida aniqlovchi va aniqlanmishning bitishuv asosida bog‘lanishi keng tarqalgan hodisa. “Ona til” ham shu imkoniyat doirasida talqin qilinishi mumkin.
Masalaning eng muhim tomoni shundaki, “ona til” shakli faqat grammatik ixchamlikni emas, ma’no aniqligini ham ta’minlaydi. “Ona” so‘zi “til”ga egalik qiluvchi shaxsni emas, tilning inson hayotidagi maqomini belgilaydi. Bu — inson tug‘ilgan muhitdan, oiladan, xalqdan va milliy tafakkurdan singib keladigan til. U inson uchun ona kabi yaqin, ona kabi aziz. Shu sababli bu yerda masalani faqat “qo‘shimcha kerakmi yoki kerak emasmi?” tarzida qo‘yish yetarli emas. Asosiy savol boshqacha: qo‘shimcha qo‘shilganda dastlabki ma’no saqlanadimi?
Agar -i egalik ma’nosini yuzaga chiqarsa, “ona tili” shakli “ona” va “til” o‘rtasidagi munosabatni egalik yo‘nalishida ifodalaydi. “Ona til” esa tilni muayyan bir onaga tegishli narsa sifatida emas, insonning eng yaqin, eng tabiiy va muqaddas tili sifatida tasvirlaydi.
Demak, masala birgina qo‘shimchani tushirish yoki qo‘shish bilan hal bo‘ladigan texnik masala emas. Bu — so‘zning shakli bilan ma’nosi o‘rtasidagi munosabat masalasidir. Til me’yorini anglash uchun uning tashqi qolipinigina emas, ichki semantik va sintaktik mantig‘ini ham ko‘ra bilish kerak.
“Ona til” degan ikki so‘zda esa katta bir ma’naviy mazmun mujassam: ona — ildiz, til — o‘zlik. Ularning qo‘shilishidan xalqning tarixiy xotirasi, milliy ruhi va avlodlar davomiyligini ifodalovchi tushuncha paydo bo‘ladi. Bu fikrni atoqli shoir- tilshunos, etimolig Eshqobil Shukurning quyidagi misralar nihoyatda teran ifodalaydi:
Ona Til, Ona Yurt, aziz Ona Yer-
Ajdodlar ruhi bu, avlodlar shoni!
Bu jahon mulkida hazrat Alisher
Ma'no olamining O'zbekistoni.
Ibodulla MIRZAYEV,
Samarqand davlat universiteti
o’zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, professor.

