21 sentyabr – Samarqand davlat universiteti kuni...
Bugun 21-sentabr –Samarqand davlat universiteti kuni. Bu sananing o‘ziga xos tarixi bor, albatta. 1420-yil 21-sentabr kuni bundan 606 yil muqaddam Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasiga asos solingan edi.
Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasining vorisi ekanligida ulkan sharaf bilan birga juda katta mas’uliyat ham mujassamlashgan.
2016-yildan boshlab Samarqand davlat universiteti misolida zamonaviy universitet barpo etishga kirishildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil avgust oyida universitetning Biokimyo institutiga tashrif buyurishi bu borada ishlarning istiqbolini belgilab berdi.
Samarqand davlat universiteti bitiruvchilari akademiklar Akbar Otaxo‘jayev, Tolib Mo‘minov, Nazar To‘rayev, Muhsin Ashurov, Bobomurod Ahmadovlar bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Texas universiteti professori, Kvant markazi ilmiy rahbari Anvar Zohidov, Berlin texnika universiteti professori Valentin Popov, Kaliforniya universiteti professori Sharof To‘g‘izov, Germaniyaning Marburg universiteti katta ilmiy xodimi, PhD Sharof Xudoyberdiyev universitet dovrug‘ini jahonga yoyishmoqda, nufuzini ko‘tarishmoqda. Bugungi kunda Samarqand davlat universiteti Faxriy professorlari safidan ikki nafar Nobel mukofoti laureatlarining o‘rin olganligi barchamizni quvontiradi.
Samarqand davlat universiteti kuni munosabati bilan Amir Temur maqbarasida Mirzo Ulug‘bek ruhiga Qur’on tilovat qilindi. Tadbirda viloyat hokimligi mas’ul xodimlari, jamoatchilik vakillari hamda SamDU professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
Samarqand davlat universiteti kuni munosabati bilan bosh binoga ma’rifiy yuksalish bardavomligining ramzi sifatida Amir Temur saltanati bayrog‘i o‘rnatildi.
Amir Temur bayrog‘i o‘rnatilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti direktori Jo‘liboy Eltazarov so‘zga chiqib, bu tadbirning ma’rifiy mohiyati, ijtimoiy ahamiyatini ta’kidladilar. Amir Temur ta’sis etgan bayroq davlatning siyosiy, iqtisodiy barqarorligining, muzaffarligining, xalq birdamligining ramzi bo‘lgan. Bayroqning mag‘rur hilpirashi dillarda iftixor tuyg‘usini kuchaytiradi.
Samarqand davlat universiteti ajdodlarning ma’naviy-ma’rifiy an’analarini davom ettirmoqda. 2024-yil 20-avgustdan boshlab Samarqand davlat universiteti muassisligida “Samarqandim” va “My Samarkand” ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma’rifiy, tarixiy, ommabop jurnali nashr etib kelinmoqda.
Turkiston jadidlari rahnamosi, samarqandlik Mahmudxo‘ja Behbudiy 1913-yil 20-avgust kuni “Oyina” jurnaliga asos solgan edi. Demak, zamonaviy jurnalning Vatani ham Samarqanddir. Oradan 111 yil o‘tib “Samarqandim” – “My Samarkand” jurnali tashkil etilgani ham tasodif emas, albatta. Ushbu jurnal “Oyina”ning ma’naviy vorisidir.
Bayram tantanalari universitet xiyobonida davom etdi. Samarqand viloyat hokimi Adiz Boboyev so‘zga chiqib, barchani qutlug‘ kun bilan tabrikladi. Talaba yoshlarni buyuk ajdodlarga munosib izdosh bo‘lishga da’vat etdi.
Tadbirda xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi raisi Shuhrat Ne’matov, Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosarlari Rustam Qobilov, Husan To‘xtayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshevlar qatnashdi.
Talabalar va jamoatchilik ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Samarqand davlat universiteti tarixi, ilmiy-tadqiqot faoliyati, ta’lim jarayonlaridan hikoya qiluvchi lavhalar, san’atkorlarning chiqishlari, talabalar jamoalari ishtirokidagi “Zakovat” intellektual o‘yinlari barchaning e’tiborini tortdi va olqishlarga sazovor bo‘ldi. Bayram munosabati bilan dasturxon tuzalib, osh tortildi.











