Samarqand davlat universitetiga Turkiyaning Van Yüzüncü Yıl universiteti rektori, professor Hamdulloh Shevli boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Martabali mehmonlarni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar akademik almashinuvini kengaytirish, shuningdek, ta’lim va ilm-fan sohasida yangi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy-akademik aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi: Buyuk allomalar Imom al-Buxoriy, Imom al-Moturidiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro kongress o‘tkazish belgilandi. Sun’iy intellekt sohasida Xorazmiy, Beruniy, Farobiy, Ali Qushchi merosiga oid xalqaro ilmiy anjuman tashkil etishga kelishildi. Samarqandda ikki universitet olimlari va tadqiqotchilari ishtirokida dolzarb ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma amaliy seminar (workshop) tashkil etish rejalashtirildi.
Shuningdek, tomonlar mazkur yo‘nalishlarda amalga oshiriladigan ishlar, mavjud ilmiy salohiyat va ilg‘or tajribalar yuzasidan fikr almashdilar.