Samarqand davlat universiteti olimlari Xatirchidan tosh davriga oid yangi arxeologik yodgorliklarni aniqladi
Samarqand davlat universiteti hamda Samarqand arxeologiya instituti hamkorligida tashkil etilgan ilmiy arxeologik ekspeditsiya tomonidan Nurota tog‘ tizmasi etaklarida joylashgan Navoiy viloyati Xatirchi tumani Angidon mahallasiga qarashli qishloqlarda arxeologik qidiruv ishlari olib borildi. Ekspeditsiya a’zolari SamDU arxeologiya kafedrasi mudiri, dotsent Odil Ergashev, Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimi Alisher Rajabov va o’qituvchi Abdulla Baxronov tomonidan amalga oshirilgan dala tadqiqotlarida Navoiy davlat universiteti o‘qituvchisi Laziz Pardayev yaqindan yordam berdi.
Tadqiqotlar davomida hududda tosh davriga oid ochiq turdagi manzilgohlar hamda g‘or makonlari aniqlandi. Tog‘ yonbag‘irlaridagi terrasalar yaqinida joylashgan buloqlar atrofidan tosh davriga oid arxeologik artefaktlar yig‘ib olindi. Shuningdek, Chinor qishlog‘i atrofidan qoyatosh suratlari aniqlanib, kelgusidagi tadqiqotlar uchun istiqbolli bo‘lgan buloqlar va mozor-qo‘rg‘onlar xaritaga tushirildi.
Dala qidiruv ishlari davomida to‘plangan tosh buyumlar asosan qumtosh va jigarrang kremniy xomashyosidan tayyorlangan. Topilmalar orasida tosh pichoqlar, retushlangan uchirindilar va plastinalar, mikroplastinkalar, tig‘lar hamda qirg‘ichlar mavjud. Artefaktlarning ishlanish texnikasi va saqlanish xususiyatlariga ko‘ra, ular Golotsen davrining boshlang‘ich bosqichlariga oid deb taxmin qilinmoqda. Umuman olganda, mazkur topilmalar mezo-neolit davrlariga xos moddiy madaniyat namunalarini aks ettiradi.
Yodgorlikning geografik koordinatalari: 40° 16.413′ N, 65° 53.074′ E.
Aniqlangan yodgorliklar mashhur Uchtut, Ijont va Vaush toshga ishlov berish ustaxonalaridan taxminan 25–30 kilometr masofada joylashgan. Shu munosabat bilan Chinor qishlog‘i atrofidagi qadimgi makonlarda foydalanilgan xomashyo mazkur ustaxonalardan keltirilgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Mazkur tadqiqotlarning ahamiyatli jihati shundaki, Navoiy viloyati Xatirchi tumani hududida tosh davriga oid arxeologik yodgorliklar ilk bor qayd etildi. Bu esa hududning qadimgi tarixini qariyb 10 ming yil va undan ham uzoq davrlarga borib taqalishini ko‘rsatadi.
Kelgusida ushbu hududda arxeologik qidiruv va ilmiy tadqiqot ishlarini davom ettirish, aniqlangan yodgorliklarning madaniy-davriy xususiyatlarini chuqur o‘rganish rejalashtirilgan. Bu izlanishlar Nurota tog‘ tizmasi etaklarining qadimgi aholi tomonidan o‘zlashtirilishi va mintaqaning tosh davri tarixiga oid yangi ilmiy ma’lumotlarni taqdim etishi kutilmoqda.






