Yadro texnologiyalari instituti
Institut direktori
Zavqiddin Davronovich Mirtoshev
- Qabul vaqti: Har kuni 14:00 dan 16:00 gacha
- Telefon/Faks: +99866-240-93-30
- Elektron pochta: zmirtoshev@samdu.uz; zmirtoshev@gmail.com
Biografiya
- 2002-2006 yy. - Samarqand davlat universiteti talabasi
- 2006-2008 yy. - Samarqand davlat universiteti laboranti
- 2008-2010 yy. - Samarqand moliya kolleji o‘qituvchisi
- 2009-2011 yy. - Samarqand davlat universiteti magistranti
- 2011-2017 yy. - Samarqand davlat universiteti Astronomiya kafedrasi assistenti
- 2017-2019 yy. - Samarqand davlat universiteti Astronomiya kafedrasi tayanch doktoranti
- 2019-2023 yy. - Samarqand davlat universiteti Yadro fizikasi va astronomiya kafedrasi assistenti
- 2023-2025 yy. - Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi instituti direktor o‘rinbosari
- 05.09.2025-03.11.2025 - Samarqand davlat universiteti yadro fizikasi va astronomiya kafedrasi dotsenti
- 04.11.2025-yil - h.v. gacha - Samarqand davlat universiteti Yadro texnologiyalari instituti direktori
Yadro texnologiyalari instituti to‘g‘risida
Yadro texnologiyalari instituti O‘zbekiston Respublikasida yadro texnologiyalarini tinch maqsadlarda rivojlantirish, ularni ilm-fan, ta’lim va amaliy sohalarga joriy etish hamda ushbu yo‘nalishda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan ilmiy-o‘quv muassasadir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PF-5484-sonli farmoni, 2019-yil 7-fevraldagi “2019–2029-yillarda O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi PQ-4165-sonli qarori hamda “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi farmonida belgilangan vazifalarga muvofiq, Samarqand davlat universitetiga mazkur sohada kadrlar tayyorlash vazifasi yuklatilgan. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining 2025-yil 4-iyuldagi 251-ij-sonli buyrug‘i bilan Yadro texnologiyalari instituti tashkil etildi.
Institut Akademik Tolib Mo‘minov nomidagi yadro fizikasi laboratoriyasi negizida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda zamonaviy ta’lim, ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni uyg‘un rivojlantiruvchi muassasa sifatida faoliyat yuritmoqda. Institut tarkibiga 2 ta kafedra, 2 ta ilmiy laboratoriya, 5 ta o‘quv-ilmiy laboratoriya hamda astronomiya o‘quv-ilmiy markazi kiradi. Hozirgi kunda institutda 30 ga yaqin professor-o‘qituvchilar hamda ilmiy xodimlar faoliyat yuritib, eksperimental yadro fizikasi, radiatsion materialshunoslik, radiobiologiya, radioekologiya, yadro tibbiyoti, astronomiya va astrofizika yo‘nalishlarida samarali ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Ular orasida 4 nafar fan doktori, professor hamda 6 nafar PhD, dotsentlar va 3 nafar katta ilmiy xodimlar, 6 nafar assistent va kichik ilmiy xodimlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Institutda Fizika, Tibbiyot fizikasi, Astronomiya, Yadro texnologiyalari va Yadro energetikasi kabi bakalavr ta’lim yo‘nalishlari va Yadro tibbiyoti, Tezlatgichlar fizikasi va Radiatsion xavfsizlik kabi magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi. O‘quv va ilmiy faoliyat davomida mutaxassislar ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan ishlash, radiatsion o‘lchash va tahlil qilish, tezlatgich qurilmalaridan foydalanish hamda yadro va radiatsion texnologiyalarni tibbiyot, energetika va sanoat sohalarida qo‘llash bo‘yicha chuqur tayyorgarlikdan o‘tkaziladi. Ushbu jarayonlar institutning yadro fizikasi va radiatsion tahlil laboratoriyalari bazasida amalga oshirilib, nazariya va amaliyotning uzviy uyg‘unligi ta’minlanadi.
Yadro texnologiyalari va yadro fizikasi asbob-uskunalari hamda usullari bugungi kunda sanoat va ijtimoiy sohaning keng doirasida faol qo‘llanilmoqda. Institutda olib borilayotgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar tog‘-kon sanoati, jumladan uran qazib oluvchi korxonalar, kimyo sanoati, chegaralarda radiatsion nazorat va parchalanuvchi moddalarning noqonuniy aylanishini aniqlash, oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish materiallarining radiatsiyaviy xavfsizligini ta’minlash, kriminalistika, onkologiya va yadro tibbiyoti, qishloq xo‘jaligi, gidrometeorologiya, geologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, radiatsiyaviy sterilizatsiya hamda uran qazib olingan hududlarni ekologik tiklash kabi yo‘nalishlarga qaratilgan. Ushbu dolzarb masalalarni hal etishda institutning yadro fizikasi va radiatsion tahlil laboratoriyalari ilmiy-tadqiqot, tajriba-sinov ishlari hamda malakali kadrlar tayyorlash orqali faol ishtirok etmoqda.
Institutning ilmiy va o‘quv faoliyati yetakchi xorijiy ilmiy markazlar bilan yo‘lga qo‘yilgan barqaror xalqaro hamkorliklar asosida rivojlanmoqda. Jumladan, institut Rossiya Federatsiyasidagi Kurchatov instituti Milliy tadqiqot markazi, Dubna shahridagi Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti, Xitoyning Harbin Muhandislik universiteti, Janubiy Xitoy universiteti hamda Xitoy fanlar akademiyasi Zamonaviy fizika instituti bilan imzolangan qo‘shma hamkorlik memorandumlari doirasida ilmiy-tadqiqotlar olib bormoqda. Ushbu hamkorliklar doirasida qo‘shma ilmiy loyihalar, tajriba-sinov ishlari, ilmiy almashinuvlar hamda mutaxassislar va yosh tadqiqotchilarni tayyorlashga qaratilgan dasturlar amalga oshirilmoqda.
Institut zamonaviy atom va yadro fizikasi, astronomiya, spektrometriya, dozimetriya hamda yadro elektronikasiga oid ilg‘or uskunalar bilan jihozlangan. Jumladan, Astronomiya o‘quv-ilmiy markazida UNESCOning Kosmik tadqiqotlar qo‘mitasi (COSPAR) va NASA tomonidan moliyalashtirilgan kosmik ob-havo tadqiqotlari doirasida Quyosh radio spektrometri (CALLISTO) asosida muntazam ilmiy kuzatuvlar olib borilmoqda. Ushbu kuzatuvlar natijasida olingan ma’lumotlar NASAning xalqaro ma’lumotlar bazasiga uzatiladi hamda kosmik ob-havo jarayonlarini o‘rganishda xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan faol qo‘llanilmoqda.
Institut proferssor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari muntazam ravishda Yevropa, Rossiya, AQS, Xitoy, Xindiston yetakchi tadqiqot markazlarida malakalarini oshirish bilan birga hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazib, olingan natijalar xalqaro nufuzli ilmiy jurnallarda nashr etib kelmoqdalar.
Xalqaro MAGATE tashkilotining texnik loyihalari doirasida jami 1 million AQSH dollari miqdoridagi xorijiy grantlarni jalb etish hisobiga institutning laboratoriya bazasi sezilarli darajada mustahkamlangan, jumladan 5 ta ilmiy va oʻquv laboratoriyalari tashkil etilgan, ularda har yili 170 dan ortiq talaba va 20 nafar magistrantlar laboratoriya amaliyotlarini olib borishadi.
Institut tarkibidagi laboratoriyada elektron tezlatgichlari uchun mo‘ljallangan maxsus yerosti inshootlari hamda noyob tajribalarni amalga oshirish imkonini beruvchi 300 metrli yerosti kanali mavjud. Ushbu ilmiy majmuaga 2003 yilda «Noyob obyekt» maqomi berilgan bo‘lib, bugungi kunda u zamonaviy yadro texnologiyalarini joriy etish uchun zarur infratuzilmaga ega.
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari
- 60531200 – Tibbiyot fizikasi
- 60530700 – Astronomiya
Magistratura mutaxassisliklari
- 70530901 – Fizika (yo‘nalishlar bo‘yicha)
- 70530701 – Astronomiya
- 70530902 – Yadro fizikasi va yadro texnologiyalari (qo‘llash sohalari bo‘yicha)
Doktorantura ixtisosliklari
- 01.04.08 – Atom yadrosi va elementar zarrachalar fizikasi. Tezlashtiruvchi texnika
- 01.03.01 – Astronomiya

