Samarqand davlat universitetining Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati institutiga Xitoy Xalq Respublikasining yirik davlat nashriyot va media kompaniyalaridan biri — Phoenix Publishing & Media Group (PPMG) vakillari tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolarini institut direktori, professor Jo‘liboy Eltazarov kutib oldi. Muloqot davomida Markaziy Osiyo xalqlarining tillari, adabiyoti va madaniyatiga oid ilmiy tadqiqotlarni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, ilmiy nashrlar va tarjima loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, ikki tomonning nashriyotchilik salohiyatidan samarali foydalanish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Jiangsu Phoenix Electronic Audio-Visual Publishing Co., Ltd. bosh muharrir o‘rinbosari Lin Xue, Jiangsu Phoenix Xinhua Printing Group Co., Ltd. marketing bo‘limi bosh menejeri Chen Xin hamda Jiangsu Phoenix Higher Education Publishing Co., Ltd. xalqaro hamkorlik bo‘limi rahbari Wu Lili ishtirok etdi.
Tomonlar, shuningdek, ilmiy va ma’rifiy nashrlarni birgalikda tayyorlash, tarjima ishlarini rivojlantirish hamda o‘zaro tajriba almashish orqali akademik va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Ma’lumot o‘rnida, Phoenix Publishing & Media Group tarkibida 134 ta korxona, 9 ta nashriyot uyi, 24 ta jurnal va bir shahar gazetasi faoliyat yuritadi. Guruhda 10 mingdan ortiq xodim mehnat qiladi. Kompaniya har yili 6 mingdan ziyod kitob nashr etib, mualliflik huquqi va xalqaro nashriyotchilik yo‘nalishlarida dunyoning 62 ta mamlakati bilan hamkorlik qiladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ilmiy-ma’rifiy va madaniy aloqalarni izchil rivojlantirish, xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma nashriyot va ilmiy loyihalarni amalga oshirish borasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.