MAKTABLARDA BIRINCHI QO‘NGʻIROQ
Samarqand davlat universiteti rektori «Birinchi qo‘ng‘iroq» hamda «Mustaqillik soati» tadbirlarida ishtirok etdi va Prezident sovg‘alarini tantanali topshirdi
Bugun respublikamizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida «Yagona Vatan, yagona oila bo‘lib, yangi hayot va kelajak sari!» shiori ostida yangi 2026–2027-o‘quv yili boshlanishiga bag‘ishlangan «Birinchi qo‘ng‘iroq» tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov Samarqand shahridagi o‘zi o‘qigan 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga tashrif buyurib, «Birinchi qo‘ng‘iroq» hamda «Mustaqillik soati» tadbirlarida ishtirok etdi.
Tadbirda professor Rustam Xolmurodov so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ayniqsa, xorijiy tillarni puxta o‘rganishning bugungi kundagi ahamiyati haqida alohida to‘xtaldi. Bilim olish va kelajakda munosib mutaxassis bo‘lib yetishish uchun mavjud sharoitlardan samarali foydalanish muhimligini ta’kidladi. Pirovardida maktab ostonasiga ilk qadam qo‘ygan o‘quvchilarga Prezident sovg‘alarini tantanali topshirdi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda 14-umumiy o‘rta maktabda 1740 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Yangi o‘quv yilida 1-sinfga 175 nafar o‘quvchi qabul qilindi. 2025–2026-o‘quv yilida esa 106 nafar o‘quvchi maktabni tamomlagan bo‘lib, ularning 48 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.













