Insoniyat tafakkuriga qo‘yilgan haykal
2025-yil oktyabr oyida O‘zbekiston va Yaponiya universitetlari rektorlari forumida ishtirok etish uchun Samarqandga bordim. Bu mening tarixiy shaharga ilk tashrifim edi. Aslida bu safar oddiy xizmat safari emas, balki uzoq yillik orzuning ro‘yobidir. Chunki biz yaponlar uchun Samarqand avvalo, Buyuk Ipak yo‘lining afsonaviy shahri, Sharq va Gʻarbni bog‘lagan sivilizasiyalar chorrahasi hisoblanadi.
Shaharga yetib kelganimizda, bu yerda YUNESKO Bosh konferensiyasi ham o‘tayotgandi. Samarqand davlat universitetida bizni kuy-qo‘shiq sadolari va o‘zbek nonu shirinliklari bilan samimiy kutib olishdi. Bu nafaqat mehmondo‘stlik, balki qadimiy madaniyatning tirik ifodasi edi.
Forum universitetning Biokimyo kampusida bo‘lib o‘tdi. Bu yerning o‘ziga xos ruhi va tarixiy muhitini darhol his qildim.
Tanaffuslarda biz yapon didiga ham nihoyatda mos keladigan o‘zbek milliy taomlaridan bahramand bo‘ldik.
Oqshom Registon maydoniga bordik. U yerdagi uchta ulkan madrasa go‘yo osmon ostidagi moviy kemalardek suzib ketayotgan edi. Samarqandning nega “Moviy shahar” deb atalishini qalban his qildim.
Ammo bu safarning eng muhim nuqtasi hali oldinda edi.
Bir yarim kunlik rasmiy dasturdan so‘ng, bizga shaharni mustaqil tomosha qilish uchun yarim kun vaqt berildi. Men qayerga borishni allaqachon hal qilib qo‘ygandim. Bu Mirzo Ulug‘bek Rasadxonasi edi.
Aslida, aynan shu joyni ko‘rish istagi meni Samarqandga yetaklagandi. Astronomlar uchun Samarqand oddiy tarixiy shahar emas. U astronomiyaning ta’mal toshi qo‘yilgan muqaddas maskan.
XV asrda bu yerda qurilgan rasadxona o‘z davrining eng ilg‘or ilmiy markaziga aylangan edi. Astronomiya insoniyat tarixida taqvim yaratish zaruratidan tug‘ilgan. Qadimgi Mesopotamiya, Yunoniston va Iskandariya orqali rivojlangan bu fan Islom sivilizasiyasi davrida yangi cho‘qqiga ko‘tarildi. Ana shu buyuk an’ananing eng yorqin cho‘qqilaridan biri Samarqanddagi Ulug‘bek Rasadxonasidir.
1428 yilda Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurilgan bu ilmiy markaz o‘z davrida tengsiz edi.
Bu yerda o‘rnatilgan ulkan Faxriy sekstanti dunyodagi eng yirik astronomik asboblardan biridir. Uning radiusi 36 metr bo‘lgan.
Teleskoplar hali ixtiro qilinmagan davrda bu asbob yordamida Ulug‘bek va uning shogirdlari yulduzlar koordinatalarini misli ko‘rilmagan aniqlikda o‘lchashga muvaffaq bo‘ldilar. Natijada yangi yulduzlar katalogi yaratildi.
Bu katalog bir asrdan ortiq vaqt davomida dunyodagi eng mukammal astronomik jadval bo‘lib qoldi va keyinchalik Yevropa astronomiyasiga ham kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Ulug‘bek hatto yil davomiyligini hisoblab chiqqan. Bu natija XV asr uchun haqiqiy ilmiy mo‘’jiza edi.
Rasadxonaga borishdan oldin biz Amir Temur maqbarasini ziyorat qildik. So‘ng rasadxona tomon yo‘l oldik.
Kirish qismida Ulug‘bekning ulkan bronza haykali qad ko‘targan. Zinapoyalardan ko‘tarilganimizdan so‘ng, nihoyat rasadxona ko‘rinish berdi. Avval muzeyga kirdik.
Bu yerda rasadxonaning rekonstruksiya modeli meni chuqur hayratga soldi. Bir paytlar qad ko‘targan ulkan ilmiy inshootning ulug‘vorligini tasavvur qilishsa bo‘ladi.
Keyin rasadxonaning o‘ziga yo‘l oldik. Va nihoyat… Men uning qarshisida turardim. Yer bag‘riga o‘yilgan ulkan tosh yoy bu Ulug‘bek ishlatgan sekstantning o‘zi edi. Shu payt his-tuyg‘ularimni so‘z bilan ifodalash qiyin. Men qimirlay olmadim. Bu oddiy tarixiy yodgorlik emasdi. Bu inson tafakkurining abadiy yodgorligi edi. Oradan olti asr o‘tgan bo‘lsa ham, uning ulug‘vorligi saqlanib qolgan.
Bu yerda turib, siz vaqt chegaralarini unutib qo‘yasiz. Go‘yo XV asr olimlarining nafasi hali ham shu yerda sezilib turgandek. Ulug‘bek barcha zamon astronomlari uchun buyuk ustozdir. Uning rasadxonasi insoniyat ilmiy tarixining eng muhim maskanlaridan biridir.
Men uchun Samarqandga kelish shunchaki safar emas, balki umr davomida orzu qilingan uchrashuvdir. Ipak yo‘li shahri, ilm-fan beshigi, astronomiya markazi bo‘lgan Samarqand barcha tasavvurlarimdan ham oshib ketdi.
Men bu yerga yana qaytaman. Bu safar uzoqroq qolish uchun. Chunki Samarqand nafaqat tarixni eslatadi. U kelajak haqida ham o‘ylashga majbur qiladi.
Sugiyama NAOSHI,
Nagoya universiteti prezidenti.

