“Yaldo kechasi” yangi zamon o‘zbek adabiyotida tamomila kashfiyot
To‘rt yuz-u yetmish ikki sahifadan iborat bu kutilmagan asar qo‘lyozmasini 2024 yilning ilk haftasida o‘qib chiqishga muyassar bo‘ldim. Ko‘p kitoblarga oshno-do‘st bo‘lgan edim, lekin bu gal dastlabki sahifalardanoq hayratim ziyoda bo‘ldi. Uning “Yaldo kechasi” deb atalishi ham, tagiga “Abdulla Qodiriy qalamiga mansub, “O‘tkan kunlar”ning ikkinchi kitobi deb taxmin qilinayotgan qo‘lyozma” deb izohlangani ham, “Maxfiy” deb atalgan kirish so‘zi ham, unda bayon etilgan sir-sinoatga to‘la tushuntirishlar ham – barchasi o‘quvchining taajjublarini haddan ortiq oshirgandan oshirardi.
Kirish so‘zidan 1937 yilning 31 dekabr kechasidagi mash’um tintuv paytida Abdulla Qodiriy bilan birga, uning xonadonidan olib ketilgan, adibning shaxsiy mulkiga doir qimmatli ashyolar orasida, 2060 varaqdan iborat qo‘lyozma ham bo‘lganidan xabar topdik. Mazkur So‘zboshida yozilishicha, mustaqillik yillarida tuzilgan, ushbu toqat qilib bo‘lmaydigan zo‘ravonlik va qaroqchilarga xos tintuv tarixini o‘rgangan maxsus komissiya bu asarni sobiq Markazning maxfiy hujjatgohlaridan birida, Qodiriyning emas, balki o‘sha zamonlar siyosiy arboblaridan bo‘lmish Qurbon Bereginning “jinoyat ishi” ichidan topgani bayon etiladi.
Qo‘lyozma qanday qilib bu hujjatlar orasiga tushib qolgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Ehtimol, Bereginga o‘qib, baho berish uchun topshirilgandir? Qo‘lyozmaning Qodiriyga mansub asar ekanligi aniq bo‘lsa ham, lekin unga muallif nomi qo‘yilmagan ekan. Shundan “taxmin qilinayotgan” degan ibora tug‘ilgan.
“Yaldo kechasi” matnida Abdulla Qodiriyga nisbat berilgan “Yozg‘uchidan” deb nomlangan debocha so‘z ham keltirilgan. Va, unda adib millionlagan ixlosmandlarning o‘tinch va iltijolarini hisobga olib, “O‘tkan kunlar”ning ikkinchi kitobini yozishga qaror berganini ma’lum qiladi.
Ta’kidlash joizki, bu gaplar “Yaldo kechasi” ning men bundan qariyb bir yil avval o‘qigan ilk nusxasida bitilgan edi. Shundan so‘ng o‘tgan vaqt davomida mana shu So‘zboshining bir-biridan tubdan farq qiladigan uchta varianti yaratilganiga, roman matni qanday sayqal topib borganiga guvoh bo‘ldim.
Shunday muqaddimalardan keyin romanning Birinchi bo‘limi keladi, u “Piri siddiq. Ikki g‘arib” deb ataladi. Dastlabki jumla “Hijriy 1274 yil, mohi ramazonning o‘n oltinchi kuni” deb boshlanayotganining o‘ziyoq darhol o‘quvchilarga “O‘tkan kunlar”dagi “1264 inchi hijriya, dalv oyining o‘n yettinchisi” degan jumlani eslatadi. O‘quvchi har ikki kitob o‘rtasida chambarchas bog‘liqlik borligini sezadi. Bunday bog‘liqlik va unsiyat barcha hollarda badiiyatning yozilgan-yozilmagan qonuniyatlari va talablariga ko‘ra g‘oyatda muayyan va o‘quvchini lol qoldiradigan daraja va san’atkorona komillikda yaqqol ko‘rinadi.
Albatta, mushtariylarimiz yuqoridagi qisqacha tushuntirib bo‘lmaydigan so‘zlardan suyukli adibimiz Xayriddin Sulton adabiy mistifikasiyadan foydalanib, yangi asar bitganini fahmlab yetgandirlar, deb ishonaman.
U “O‘tkan kunlar”ning Ikkinchi kitobini yozib tugatdi. Bu kitobni u buyuk Qodiriy nomidan yozdi; Qodiriy bo‘lib yozdi; qattol zamon Qodiriyning qo‘lini kishanlab, unga yozish uchun imkon bermaganligi bois fozil izdosh va uvays shogird sifatida yozdi. Hech kimning xayoliga kelmagan fantastik bir orzuni ro‘yobga chiqardi.
Zukko kitobxonlarga ayonki, Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani adibning qisqagina “Yozg‘uchidan” degan so‘zlari bilan yakun topgan edi. Unda muallif Yusufbek hojining nabirasi Yodgorbek XX asrning o‘n to‘qqizinchi–yigirmanchi yillarida, ochlik zamonlarida vafot qilgani, undan ikki o‘g‘il farzand qolgani – ularning biri sho‘ro hukumatida mas’ul ishchi, ikkinchisi esa bosmachilar orasida ekanini ma’lum qilib o‘tgan edi.
Xayriddin Sulton mumtoz adibimiz kelib to‘xtagan mana shu joydan uning tabarruk qalamini qo‘lga olishga jazm etadi va o‘zida mislsiz bir azm-u qaror, jiddu jahdni otlantiradi. Ochiqdan ochiq yozadigan bo‘lsak, u endi Otabekning zurriyodlari – Yodgorbek va uning ikki mard farzandi taqdirini badiiy vositalar bilan yoritish va ifoda etishga bel bog‘laydi.
Aziz o‘quvchilarimiz yaxshi biladilarki, “O‘tkan kunlar” xalqimizning eng sevimli romani, uning qahramonlari el-yurt qalbining to‘ridan joy olgan, bir asrdan ortiq vaqt mobaynida yangi-yangi avlodlarni so‘nmas bir ma’naviy ruh bilan tarbiyalab keladi. Romanga qaragan kishi xuddiki oyinaga qaraganday o‘z qiyofasini ko‘radi. O‘zini buyuk madaniy tarixga ega bo‘lgan xalq kabi his qiladi. Ma’nolar o‘qiydi, kelajagiga umid va ishonch bilan boqadi.
Zamonlar evrilib, Yusufbek hoji, Otabek va Kumush zurriyodlarining taqdirlari qanday kechdi? Bu avlodlar mustamlakachilik g‘olib bo‘lgan dunyoda – urushlar, ocharchiliklar, aybsiz kishilar ustidan avj oladigan tazyiq va zo‘ravonlik, misli ko‘rilmagan haqsizliklar, abgorlik, qashshoqliklar yopirilgan XX asrda qay hollarga tushadilar? Chumolidek uvol bo‘lib ketadilarmi yo aql bovar qilmas jang maydonlarida o‘z insonlik erklari, sha’n-shavkatlarini himoya qilib chiqadilarmi, adolatga erishadilarmi?
Xayriddin Sulton Yodgorbek, uning farzandlari – Ozodbek va Odilbek timsolida erkin inson qadri, haq-huquqlari, el-yurt ozodligi yo‘lida qanday otashin kurashchiga, ortga qaytmas ma’rifatchiga aylanganliklarini tadrijma-tadrij, evolyusion ijodkorlikda tasvirlab, hikoya qilib beradi. Ularga Qodiriy va hurriyatparvar jadid namoyandalarning izdoshlari, ularning kurashlarini davom ettiruvchi shaxslar, deb qaraydi. O‘quvchi uchun qorong‘i bo‘lib kelayotgan vaqt hamda makonlarni tafakkur va badiiyat yog‘dusi bilan yoritadi.
Yodgorbek ajdodlarining olijanob intilishlarini, xalq ozodligi, adolat va ma’rifat jabhasidagi ulug‘ sa’y-harakatlarini butun jism-u jonida tuyadi, gazeta chiqaradi, jaholat g‘ovlab ketgan bir muhitda o‘g‘il va qiz bolalar uchun maktab ochadi. Har bir qadamida el-yurt uchun qayg‘uradi, jonini hurlik uchun tikadi, beqiyos matonatli va mard kurashchi bo‘lib maydonga chiqadi. O‘g‘illari Ozodbek va Odilbek undan ulgi va o‘rnak oladilar. Ularda yurtparvarlik, elsevarlik fazilati mujassam va qat’iy bir tus oladi.
Yodgorbek Yusufbek hojidan qolgan mol-mulklarni sotib, pulini “Najot” deb nomlangan maktab qurish, milliy jarida chiqarishga sarf qiladi. Va mana shunday ezgu faoliyati uchun mustabid tuzum tomonidan Sibirga badarg‘a qilinib, og‘ir uqubatlar ichida halok bo‘ladi. Farzandlari ham bosqinchilar zulmiga qarshi omonsiz jangchiga aylanadilar. Ularning taqdirlari ham qonli fojialar ichida tugaydi. Ozodbek va Odilbek sho‘ro istibdodiga qarshi hayot-mamot janglarida aziz jonlarini fido etadilar.
Qizil va oq terror zamonlari yozuvchining o‘tkir nigohidan birma-bir o‘tadi, fojiali, mudhish tafsilotlar charxning qora quyunlari kabi aylanadi. Har qadamda talafot, har nafasda ofat, zulm-u zulmat o‘z vahshiy hukmida sobit. O‘zini “tarixiy hujjatlar asosidagi badiiy to‘qima muallifi” deb atagan yozuvchi Xayriddin Sulton alg‘ov-dalg‘ov zamon po‘rtanalarini sinchiklab kuzatadi, murakkab voqelikni nazaridan qochirmay, chuqur badiiy tahlil qilib boradi.
Yodgorbek, Ozodbek va Odilbek o‘z kurashlarida Ismoil Gʻasprali va Nusratxon domla kabi ulug‘ ma’rifatparvar zotlarga, jonkuyar, fidokor, el-ulus ishiga sadoqatli olijanob muallimlarga, noshir va muharrirlarga, ilm va din ahllariga suyanadilar. Bu qahramonlarning hayot yo‘llarida Zumrad bibi, Oynisa, Suyima, Zaynab va Rizvon singari olijanob, vafodor ayollar ilhomchi va madadkor bo‘lib turadilar. Ularning sof o‘zbekona obrazlari g‘oyat suyukli va jozibadordir.
Romanda yovuz, makkor va munofiq kuchlarga qarshi ajoyib el farzandlari, imon-e’tiqodli kishilar faol harakatda bo‘ladi, ularning maftunkor siymolari o‘quvchi qalbini zabt etadi, muhabbatini qozonadi.
Qodiriyning “O‘tkan kunlar”i ruhi va uslubida yozilgan bu roman mumtoz asarimizning badiiy tili, tasvir vositalarini yangi yo‘nalishda davom ettiradi. Yozuvchi o‘zining barcha intilishlari, izlanishlari, ijodiy hujayralari bilan Qodiriy kashfiyotlariga hamohanglik yaratadi. Hamohanglik taqlid emas, aslo. Balki Qodiriy tirik bo‘lsa, qo‘llashi ehtimoldan uzoq bo‘lmagan yangi yozuv usuli va badiiy mantig‘idir. Shularning hammasi “Yaldo kechasi”ni juda o‘qishli, har jihatdan yangi zamon kitobxoni uchun qiziqarli qiladi va o‘ziga ohanrabodek tortadi.
Men o‘tgan yil mobaynida asar to‘g‘risida muallif bilan ko‘p bor ijodiy muloqot qilganim hamda “Xaybar-25” nashriyoti iltimosiga ko‘ra, ushbu kitobning mas’ul muharriri sifatida uning yuzaga chiqishiga kamtarona hissa qo‘shganimdan baxtiyorman.
“Yaldo kechasi”ni yangi zamon o‘zbek adabiyotida tamomila kashfiyot, desa arzigulikdir. Xayriddin Sultonning ushbu adabiy mistifikatsiyasi tarixiy, insoniy, zamoniy haqiqatlarni yangicha ochgani, ularga kuchli urg‘u bergani bilan e’tiborga sazovor.
Bu g‘oyat salmoqli asar dolg‘ali asrlarda xalqimiz boshiga tushgan mislsiz ijtimoiy zulm, milliy qashshoqlik, ojizlik tufayli tug‘ilgan behad ayanchli og‘riqlar, dard-alam, armonlarimizdan nihoyat qutulganimiz, qutulayotganimizni anglatadi. Bunday g‘amboda og‘riqlar yuz yillarcha davom etar ekan, fojiali tomoni shundaki, umummiqyosda xalqning o‘ziga bo‘lgan ishonchini barbod etishi, jasoratini zaharlashi, g‘ayratini mahv etishi mumkin. Burgutlardan chumchuqlar, arslonlardan manfur shoqollar urchishi mumkin.
“O‘tkan kunlar” va uning mantiqiy davomi – kurash dostoni bo‘lgan “Yaldo kechasi” har qanday og‘ir sharoitda ham manqurtlashmagan shaxslar uchun haqiqiy tozarish ummoni vazifasini bajaradi. Buni qadimgilar “katarsis” deyishgan. Shekspir tragediyalari jamiki inglizlar uchun ana shunday katta miqyosdagi katarsis bo‘lgan, jamiyatni tozalab, ulusni jahonshumul millatga aylantirgan.
“Yaldo kechasi”dagi bosh qahramonlar millatning erkparvar vakillari sifatida, millat oydinlari sifatida tozarish okeaniga tushadilar. “Millat vakili” degan ozod so‘z, ozod tushuncha, ozod tuyg‘uli inson paydo bo‘ladi. Bu asr romanida millat mana shunday qahramon yaratishga qodir ekani tasvirlanadi. Unda katta davrlar qamralgan. Barcha ijtimoiy salmoqli hodisalar aksini topgan. Yodgorbek, Ozodbek, Odilbek, Nusratxon to‘ra, Maqsud ponsad, Haydar Burhonlar ulug‘ Qodiriy orzusidagi buyuk va matonatli kurashchilardir.
Asarni hayajonlar ichra o‘qib, qalbimda hosil bo‘lgan taassurotlarning bir shingili ana shu.
Tabiat – ajib dunyo. Yaldo kechalari shunday ulug‘ samoviy hodisalar yuz beradi.
Ibrohim GʻAFUROV,
O‘zbekiston Qahramoni.

