Muhammadrizo Ogahiy  o‘zgacha zavqu shavq bilan Navro‘z ayyomini tarannum etadi. Uning “navro‘z” radifli g‘azallari ko‘ngillarni o‘ziga rom etadi:

Qilib oyini mehr og‘oz Navro‘z,

                            Kelib qish faslin etti yoz Navro‘z,

    Navro‘z mehru muhabbbat marosimini boshlab beradigan qutlug‘ ayyomdir. U  kelgach, qish  yozga aylanadi. Bunda “qish” va “yoz” fasli  o‘ziga xos ajoyib badiiy san’atni yuzaga keltiradi. Qish - “zulumot”, “qorong‘ulik”, “tundlik”, yoz – “ravshanlik”, “oydinlik”, “xushkayfiyat” kabi ma’nolarni bildiradi. Bunda tabiat manzarasi bilan inson ruhiyati hamohanglashadi, Navro‘z tabiat va inson olamidagi ichki muvozanat  markazida olib qaraladi.

    Baytda fasllardagi o‘zaro almashish qonuniyati orqali inson botinidagi o‘zgarishlarga ishora etiladi. Keyingi baytdagi “olam boshdan-ayoq fayzu safo, shodu xurramlikka qadam tashlagani va Navro‘z shunday jannatiy makonga mos bir fayz bo‘lib kelganligi” haqida tasvir davom ettiriladi.

                            Jahon sarto qadam fayzu safoda,

                            Bo‘lub jannatga fayz andoz Navro‘z.

    Ijodkor nazdida, Navro‘z mana shu tashqi va ichki husnga elchi, mana shu ikki olamga darakchi sifatida talqin etiladi hamda majozan yorug‘lik qorong‘ulik, ezgulik yovuzlik ustidan g‘olibligiga ishora hamdir. Ikkinchidan “jahon” yoki “jannat” bir “andoza”, ya’ni shakl bo‘lsa, Navro‘z unga go‘yo mazmun-ruh bo‘lib jilolanadi. Jannat nomi bilan jannat,  ezgu tuyg‘ular makoni, ta’riflar  undagi ma’murchilikni ifodalashga ojiz. Unda “fayz” ham, “sog‘inch” ham komildir. “Navro‘z jannatga fayz” va “jannatda yor yuzini sog‘inish” motivlari buyuk qalb ijodkorligi, ilhomi sanaladi. Ogahiy “barcha elu xalq ayshu bazmga mayl ko‘rsatgani, bunda xurramlik va xushnudlik sozi Navro‘z tomonidan chalingani, Navro‘z tabiatga, odamlar o‘zlariga  ziynat berganligini badiiiy manzaraga aylantiradi.

                            Hamma el aysh bazmig‘a qilib mayl,

                            Tarab qonunin etti soz Navro‘z.

                            O‘ziga har kishi boricha imkon,

                            Berib yuz ziynatu pardoz Navro‘z.

    Shu o‘rinda savol tug‘iladi? Qadimda yoki yaqin tarixda Navro‘z qanday nishonlanar edi. Ogahiy guvoh davralarda “ma’shuqalar oshiqlariga goh yuz lutf, goh ming noz” ko‘rsatganmikin? Yoxud “oshiqlar ham ma’shuqasidan bahra olib, hamsuhbat va sirdosh” bo‘lganmikin? Ularga Navro‘z hamdard bo‘lganmi? Aytish lozimki, umumxalq miqyosida nishonlanadigan bayramlarda “yori aziz” bilan bo‘ladigan hamrozlik onlari ifodasi boshqa tur asarlarda ham keltiriladi. Bu borada gap ketganda Zahiriddin Muhammad Boburning birgina mashhur “yoz fasli...” g‘azalini  eslash kifoya. Ogahiy esa bu o‘rinda  masalani “anjuman” va “xilvat”da talqin etganligi uning Navro‘z mavzusiga yangicha yondashganligini ko‘rsatadi.

                            Qilib ma’shuqlar oshiqlarig‘a,

                            Gahi yuz lutfu, gah ming noz Navro‘z.

                            Olib ushshoq ham ma’shuqidin kom,

                            Bo‘lub hamsuhbatu hamroz Navro‘z.

    Bunda “ma’shuq oshiqqa ko‘rsatgan lutfu marhamati, nozu ishvalari... tashqi manzaralar ichra jonlangani, Navro‘z tafti oshiq ko‘ngilda ham tirilganiga ishora etadi. Gʻazal davomidagi “bori el topganini xarj qilib, shodlik mahbubasi Navro‘zga ulfat bo‘lganligi” ham shunga yaqin tuyg‘uni anglatadi. Navro‘z bir bora olam va odamga chin bir sevinch olib kelgani uchun “jahon boyligi”ga qiyoslanadi. Bu o‘sha yuqorida aytilgan tabiat va ruhiyat ifodalari birlashganini bildiradi. Ehtimol, “jahon boyligi”ni bir vaqtda va bir joyga to‘plash imkonsiz, biroq ma’naviy shodiyonalikni ifodalashda shu bir Navro‘z atamasi shoirdil uchun yetarlidir. Shoir asar oxirida bu “aysh vasfi Navro‘z” ta’rifini uzun arqonday cho‘zmasdan bir jumla bilan ilohiy bir “moʻjiza” deb qo‘ya qolish kerak deydi.

                            Bori el xarj etib naqdini bo‘ldi,

                            Tarab mahbubig‘a damsoz Navro‘z.

                            Nishot asbobig‘a xarj aylar elga,

                            Jahon ganji ham o‘lsa oz Navro‘z.

                            Necha atnob qilsang aysh vasfin,

                            O‘lur, e Ogahiy, i’joz Navro‘z.

    Navro‘z badiiyatda “mehr oinasi”, “shodlik sozi”, “ishq lazzati”, “jahon ganji”, “ilohiy moʻjiza” kabi tashbihlarda aks ettiriladi. Tabiat va jamiyat, olam va odam maftunkor bir hisning ayni bir vaqtda paydo bo‘lishi, bir nuqtada jam etilishi lahzasiga ishonch hamda muhabbatni bildiradi. Qaysiki, ijodkor shu mavzuga murojaat etsa, ayni atamalardan foydalanadi yoki ularni boshqa bir nuqtai nazarlar bilan talqin etadi. Bu shodlik, sevinch, suhbat, bahor, mehr, muhabbat, yoshlik, yorug‘lik, sayroqi qushlar, zilol suvlar, daraxtlar gullashi, samoviy poklik, yalpizlar, ko‘karchin, yashillik va boshqalar. Bunday yorug‘ ruh ifodasi Ogahiy qalamidan yog‘ilgan “Navro‘z” radifli ikkinchi g‘azalda ham aks etgan. Biroq undagi tashbeh-o‘xshatishlar, qahramon ahvol ruhiyasi o‘zgacha manzara namoyon etadi.  Navro‘z quyosh singari yer yuzidan soyani ko‘targani, elga fayz, shodlik, ayshu ishratni nasiba etib ulashgani, tabiat olamga yangi tug‘ilgan bola shodligini in’om etgan bo‘lsa, unga Navro‘z doyalik qilgani, “mohliqo”lar  yuzini varaqqa chizilganday go‘zal va latif etgani dastlabki to‘rt baytda o‘z ta’rifini topadi. Keyingi besh baytda  biroz miskin  kayfiyat ifodasi ko‘zga tashlanadi.

                            Kiyib ahli g‘ino yuz rang xil’at,

                            To‘lo boshdin ayoq peroya navro‘z.

                            Hamma o‘ynab olib qo‘lg‘a yumurta,

                            Mening ilgimda yo‘qtur xoya navro‘z.

    Bunda “ahli g‘ino”  o‘ziga to‘q kishilar yuz xil rangdor kiyimlar bilan  boshdan-oyoq bezanib, qo‘llarida “yumurta” uynab, aysh-ishrat uchun mablag‘lari yetarli, biroq bazilar yetar-yetmaslikda  Navro‘zni kutadi. Boshqacha aytganda, uylar zebu ziynat bilan Navro‘zga kelsa, lirik qahramon “janobi shahg‘a” ko‘z yoshlariga toya-toya keladi va qahramonimiz shoyad Navro‘z sabab shodu xurramlikka yetsam – degan fikrni aytadi. Biroq bunday tasvirlarni zinhor ozurdadillik deb tushunmaslik lozim. Chunki Navro‘z bahonasida  miskin dillarni ziyorat etish, Haq borlig‘idan ezgu tilaklar istash, “janobi shahga” dardu dunyosini ochish, ko‘ngil qoshshoqligidan ozod bo‘lish, yoniq ruh fayziga erishishga da’vat etiladi.

 

Usmon QOBILOV,

filologiya fanlari doktori,  professor.