Kelajak kimyosi yoki formulalar ortidagi iqtisodiy qudrat…
- Kimyo sanoati va uning bugungi jamiyat va iqtisodiyotdagi o‘rni nimadan iborat?
- Kimyo sanoati bugungi iqtisodiyotning eng muhim va strategik tarmoqlaridan biri. U neft, gaz, ko‘mir, ruda va tuz kabi tabiiy boyliklarni qayta ishlab, inson hayoti uchun zarur bo‘lgan minglab mahsulotlarni yaratadi. Masalan, qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshiradigan mineral o‘g‘itlar, qurilishda ishlatiladigan plastmassa va lak-bo‘yoqlar, tibbiyot uchun dori vositalari, turli yonilg‘i turlari bularning barchasi kimyo sanoati mahsulidir.
Bu tarmoqning ahamiyati faqat mahsulot ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmaydi. Kimyo qishloq xo‘jaligida yuqori hosil olishga yordam beradi, tibbiyotda inson salomatligini saqlashga xizmat qiladi, qurilish va energetika sohalarini zamonaviy materiallar bilan ta’minlaydi. Shu bilan birga, yangi texnologiyalar, jumladan, nanomateriallar va energiyani saqlash tizimlarini rivojlantirishda ham kimyoning o‘rni beqiyos.
Kimyo sanoati iqtisodiyot uchun ham katta ahamiyatga ega. Chunki u xomashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar yaratadi, eksport orqali mamlakatga valyuta olib kiradi. Eng muhimi, kimyo korxonalari minglab insonlarni ish bilan ta’minlaydi, transport, logistika va xizmat ko‘rsatish sohalarining rivojlanishiga turtki beradi, davlat byudjetiga salmoqli soliq tushumlari keltiradi.
Qisqacha aytganda, kimyo bu oddiy formulalar yig‘indisi emas. U inson hayotini yengillashtiradigan, yangi imkoniyatlar eshigini ochadigan va kelajak taraqqiyotiga xizmat qiladigan beqiyos kuchdir.
- Kimyo fanini chuqur o‘rganish yoshlar uchun qanday imkoniyatlar yaratadi? Bu fan inson hayotini qaysi jihatlari bilan o‘zgartira oladi?
- Kimyo fani bu faqat darsliklardagi formula va murakkab reaksiyalar emas. U inson hayotini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan buyuk imkoniyatlar manbaidir. Kimyoni chuqur o‘rgangan yoshlar farmasevtika, neft-gaz sanoati, oziq-ovqat texnologiyasi, materialshunoslik, ekologiya va nanotexnologiya kabi zamonaviy sohalarda o‘z o‘rnini topadi. Bu esa ularga barqaror ish, munosib daromad va hatto xalqaro miqyosda faoliyat yuritish imkoniyatini beradi.
Eng muhimi, kimyo bu kashfiyotlar fani. Yangi dori vositasi, yangi material yoki yangi energiya manbasini yaratish orqali bir olim millionlab insonlar hayotini yaxshilashi mumkin. Bu esa ilmning jamiyat taraqqiyotidagi naqadar katta kuch ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
Kimyoviy bilimlar faqat ish topish uchun emas, balki ish o‘rni yaratish uchun ham xizmat qiladi. Chunki kimyoni yaxshi bilgan mutaxassis laboratoriya tashkil qilishi, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi yoki qishloq xo‘jaligi uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqarishi mumkin. Bu esa nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki jamiyat rivojiga ham hissa demakdir.
Qisqacha aytganda, kimyo fanini chuqur o‘rganish yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Chunki kimyo bu kelajakni yaratadigan, inson hayotini yaxshilaydigan va taraqqiyotga yo‘l ochadigan fan.
- Bugungi kunda maktablarda kimyo fanini o‘qitish holatini qanday baholaysiz? Sizningcha, asosiy muammo va kamchiliklar nimada?
- Bugun maktablarda kimyo fani o‘qitilayotgan bo‘lsa-da, u har doim ham o‘quvchilar uchun qiziqarli va “tirik fan” sifatida namoyon bo‘layotgani yo‘q. Ko‘p hollarda darslar formula va tenglamalarni yodlash bilan cheklanib qolmoqda. Natijada o‘quvchi kimyoni tushunib emas, balki yodlab o‘zlashtiradi. Bu esa fanga bo‘lgan qiziqishni pasaytiradi.
Aslida kimyo tajriba va kashfiyot fani. Uni kitobdan o‘qishning o‘zi yetarli emas, balki ko‘rish, sinab ko‘rish va hayot bilan bog‘lash zarur. Masalan, nima uchun xamir ko‘payadi, nima uchun sochni shampun bilan yuvamiz yoki atrof-muhitni qanday himoya qilish mumkin bularning barchasiga kimyo javob beradi. Afsuski, ko‘p maktablarda laboratoriya jihozlari va reaktivlar yetarli emasligi sababli darslar amaliyotdan ko‘ra nazariya bilan cheklanib qolmoqda.
Yana bir muhim masala o‘quvchi o‘ziga: “Kimyo menga kelajakda nima beradi?” degan savolga javob topa olmayapti. Agar fanning hayotdagi ahamiyati, kasb va imkoniyatlar bilan bog‘liq tomonlari tushuntirilsa, qiziqish ham albatta ortadi.
Albatta, ta’lim tizimida islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq bu borada eng muhim vazifa kimyo darslarida amaliyotni kuchaytirish, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, interaktiv usullarni keng joriy qilish va o‘qituvchilar malakasini oshirishdir. Chunki kimyo bu quruq formulalar emas, balki hayotning o‘zi. Uni his qilgan o‘quvchigina bu fanning haqiqiy qudratini anglaydi.
- Mamlakatimizda kimyo sanoatini rivojlantirish masalasi so‘nggi yillarda ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Xususan, 2016-yildan buyon bu borada qanday muhim o‘zgarishlar va loyihalar amalga oshirildi?
2016 yildan keyin kimyo sanoatida “xomashyo sotish”dan ko‘ra chuqur qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat yaratishga yo‘nalish kuchaydi. Qisqacha aytganda, tarmoq “qazib olish”dan “mahsulot tayyorlash”ga qarab burildi.
2016 yildan keyin quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirildi: modernizatsiya va quvvatlarni yangilash gaz-kimyosini rivojlantirish va polimer ishlab chiqarishni keskin ko‘paytirish uchun gaz-kimyo loyihalari ilgari surildi. Masalan, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasini kengaytirish va buni GTL mahsuloti bilan bog‘langan klaster sifatida rivojlantirish, yangi yirik “gaz kimyo” mega-loyihalar, metanoldan olefin-polimer olish kabi yirik loyihalar kun tartibiga chiqdi. Masalan, Xorazmda qiymati 10 milliard dollarlik MTO gaz-kimyo majmuasi va Buxoro hududida MTO asosidagi zavod qurilishi, mineral o‘g‘itlar va asosiy kimyo mahsulotlarini ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi ehtiyoji uchun o‘g‘itlar, shuningdek asosiy kimyoviy mahsulotlar quvvatlarini oshirish rejalari va ishlari tezlashdi. Tayyor komponentlar va kimyoviy reagentlarni mamlakat ichida ishlab chiqarishga urg‘u berildi: koagulyantlar, katalizatorlar, polimer quvurlar, maishiy kimyo, tibbiy bir martalik mahsulotlar kabi yo‘nalishlar, shuningdek, kimyo-sanoat texnoparklarida yangi liniyalar.
Kimyo sanoati-iqtisodiyotni xomashyoga bog‘liqlikdan olib chiqib, uni qayta ishlash va yuqori daromadli mahsulotlar yo‘liga boshlayotgan muhim kuchdir. U eksportni kuchaytirib, mamlakatning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlamoqda va “qiymat qo‘shuvchi fabrika”ga aylanmoqda. Qo‘shilgan qiymat oshmoqda, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, byudjet tushumlari ko‘paymoqda, eksport turlari kengaymoqda, bozor raqobatbardoshligi oshmoqda, valyuta tushumi ortib bormoqda. Tabiiy gazni oddiy xomashyo sifatida sotishdan yoki isitish uchun ishlatilgandan ko‘ra, undan polietilen yoki polipropilen ishlab chiqarib eksport qilish ancha daromadli va afzaldir. Bir xil xomashyo-lekin daromad bir necha barobar ko‘p. Yangi gaz-kimyo majmualari, o‘g‘it va polimer zavodlari minglab mutaxassislarni ish bilan ta’minlamoqda. Kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish va sotishdan tushgan soliq va valyuta tushumlari iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlamoqda. Ilgari eksport qilingan xomashyolar bugungi kunda mineral o‘g‘itlar, polimerlar, soda kabi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishda qo‘llanilmoqda.
2016 yildan boshlab asosiy maqsad-xomashyoni shunchaki eksport qilish emas, balki uni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tish davri boshlandi hamda gaz-kimyo sohasida tub burilish yuz berdi va tabiiy gazni xomashyo holda sotish o‘rniga, polietilen, polipropilen, neft va tabiiy gazdan olinadigan, mustahkam, yengil va uzoq xizmat qiladigan plastik material kabi polimer mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlari kengaytirildi. Tabiiy gazni suyuq yonilg‘iga aylantirish texnologiyasi joriy etildi, ko‘pgina majmualar modernizatsiya qilindi. Mineral o‘g‘itlar sohasida ham ammiak va karbamid ishlab chiqarish kengaytirildi, energiya va resurstejamkor texnologiyalar joriy etildi, kompleks o‘g‘itlar hajmi oshirildi.
2019 yildan institusional islohotlar jadallashdi. 2019–2030 yillarga mo‘ljallangan investisiya dasturi qabul qilindi, davlat korxonalari transformatsiya qilindi, xususiy va xorijiy investorlar jalb etildi hamda korporativ boshqaruv standartlari joriy etilib, raqobatbardoshlik oshirildi. Navoiy va Sho‘rtan loyihalari misolida klaster yondashuvi joriy etilib xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonni bir hududda jamlash orqali logistika kamaydi, qo‘shilgan qiymat ortdi va yangi ish o‘rinlari yaratildi. Kimyo sanoatining resurs sotuvchidan yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi, eksportbop va texnologik drayverga aylanish yo‘liga o‘tishi iqtisodiyotni mustahkamlab, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
- Kimyo sanoatining rivojlanishi mamlakat iqtisodiyoti va eksport salohiyatiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
- Kimyo sanoati bugungi kunda nafaqat sanoat tarmog‘i, balki mamlakat iqtisodiyotini harakatga keltiruvchi strategik kuchlardan biriga aylanmoqda. Uning ahamiyati shundaki, kimyo fani arzon va oddiy xomashyoni yuqori qiymatli, eksportbop mahsulotga aylantirish orqali iqtisodiyotga yangi nafas baxsh etadi.
Eng avvalo, kimyo sanoati iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlaydi. Agar kimyogar olimlar mahalliy sharoitga mos katalizator, reagent yoki dori vositalarini yaratsa, ilgari chet davlatlardan millionlab dollarga import qilingan mahsulotlar endilikda mamlakatning o‘zida ishlab chiqariladi. Bu esa valyuta chiqimini kamaytiradi, ichki bozor barqarorligini ta’minlaydi va milliy iqtisodiyotning tashqi omillarga qaramligini pasaytiradi.
Kimyo sanoati aholi salomatligiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Yangi dori vositalari va tibbiy materiallarning yaratilishi nafaqat davolash samaradorligini oshiradi, balki tibbiy xarajatlarni kamaytiradi. Eng muhimi, bunday mahsulotlar mamlakat uchun yangi eksport yo‘nalishini ochib, farmasevtika sohasini yuqori daromadli tarmoqqa aylantiradi.
Biroq kimyo sanoatining eng katta iqtisodiy qudrati - xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali qo‘shilgan qiymat yaratish imkoniyatidir. Masalan, metan oddiy yoqilg‘i sifatida ishlatilsa, u faqat energiya manbai bo‘lib qoladi. Lekin uni kimyoviy qayta ishlash orqali etilen, polietilen va turli tayyor mahsulotlarga aylantirish mumkin. Natijada dastlabki xomashyoning qiymati 10–20 barobargacha oshadi.
Raqamlar bu haqiqatni yanada yaqqol tasdiqlaydi. Masalan, 1000 metr3 metanning bozor narxi o‘rtacha 150-200 dollar bo‘lsa, undan olingan polietilen mahsulotlari 2000–3500 dollargacha baholanadi. Ya’ni, xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan har bir bosqich yangi qiymat yaratadi.
Xuddi shu holatni boshqa resurslar misolida ham ko‘rish mumkin. Bir tonna xom paxtaning narxi 1500–1800 dollar atrofida bo‘lsa, undan tayyorlangan kiyim-kechakning umumiy qiymati 15-25 ming dollargacha yetadi. Shuningdek, bir barrel xom neft 70-85 dollar tursa, uni chuqur qayta ishlash orqali tayyor mahsulot qiymati 3000-8000 dollargacha oshishi mumkin.
Bu misollar oddiy bir haqiqatni ko‘rsatadi: xomashyoni sotish tez, ammo kam daromadli yo‘l. Uni qayta ishlash esa ko‘proq mehnat, ilm-fan va investisiya talab qiladi, biroq mamlakatga bir necha barobar ko‘p daromad keltiradi.
Shu ma’noda kimyo sanoati nafaqat qo‘shilgan qiymat yaratadi, balki yalpi ichki mahsulot o‘sishiga, byudjet tushumlari ortishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va soliq bazasi kengayishiga xizmat qiladi. Mineral o‘g‘itlar, polimerlar va boshqa tayyor mahsulotlarning mamlakat ichida ishlab chiqarilishi importni qisqartiradi, valyuta tejaydi va eksport salohiyatini kuchaytiradi.
Eng muhimi, kimyo sanoati mamlakat tabiiy boyliklarini xom holda emas, balki yuqori qiymatli tayyor mahsulot sifatida jahon bozoriga chiqarish imkonini beradi. Bu esa milliy iqtisodiyotni barqaror va raqobatbardosh qilishning eng muhim omillaridan biridir.
- Bugungi kunda kimyogar olimlar oldida turgan eng dolzarb ilmiy muammolar nimalardan iborat?
- Bugungi kunda kimyogar olimlar oldida turgan vazifalar har qachongidan ham muhim va mas’uliyatlidir. Chunki zamonaviy dunyo insoniyatdan tabiatni asrash, yangi energiya manbalarini topish va inson salomatligini himoya qilishga xizmat qiladigan innovasion yechimlarni talab qilmoqda.
Eng avvalo, olimlar tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni chuqur qayta ishlab, import o‘rnini bosadigan, eksportbop mahsulotlar yaratish ustida ishlamoqda. Masalan, tabiatda tez parchalanadigan bioplastik ishlab chiqish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biriga aylangan. Chunki bu orqali atrof-muhitni plastik chiqindilardan himoya qilish mumkin.
Shuningdek, ichimlik suvini arzon va samarali usullarda tozalash, quyosh batareyalari samaradorligini oshirish, arzon va xavfsiz akkumulyatorlar yaratish ham muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi. Ayniqsa, elektr avtomobillari uchun uzoq xizmat qiladigan yangi avlod batareyalarini ishlab chiqish bugungi ilm-fan oldida turgan ustuvor vazifalardan biridir.
Tibbiy kimyo sohasida ham katta izlanishlar olib borilmoqda. Olimlar saraton, virusli kasalliklar va antibiotiklarga chidamli bakteriyalarga qarshi samarali yangi dori vositalarini yaratish ustida ishlamoqda. Bu esa millionlab insonlar hayotini saqlab qolish imkonini beradi.
Bundan tashqari, oziq-ovqat va suv xavfsizligini ta’minlash, kamyob resurslarga qaramlikni kamaytirish, yangi materiallar va nanotexnologiyalarni yaratish ham zamonaviy kimyoning asosiy vazifalaridan biriga aylandi.
Qisqacha aytganda, bugun kimyo fani laboratoriya devorlari bilan cheklanib qolgan fan emas. U insoniyat duch kelayotgan global muammolarga yechim topayotgan, tabiatni asrashga, energiyani tejashga va inson salomatligini muhofaza qilishga xizmat qilayotgan strategik ilmga aylanmoqda. Kelajak kimyosi bu “yashil”, innovasion va inson manfaatiga xizmat qiladigan kimyodir.
- Kimyo fanining kelajagini qanday tasavvur qilasiz? Yaqin yillarda bu sohada qanday kashfiyotlar yoki yangiliklar bo‘lishi mumkin?
- Kimyo bu balki kelajakni yaratadigan buyuk kuchdir. Yaqin yillarda bu fan insoniyat hayotini yanada qulay, xavfsiz va ekologik toza qilishga xizmat qiladigan muhim kashfiyotlar bilan boyishi kutilmoqda.
Eng avvalo, ekologik kimyo jadal rivojlanadi. Chiqindisiz ishlab chiqarish, tabiatda tez parchalanadigan bioplastiklar va havodagi zararli SO₂ gazini foydali mahsulotga aylantirish texnologiyalari keng qo‘llaniladi. Bu esa atrof-muhitni muhofaza qilishda katta qadam bo‘ladi.
Energiya sohasida ham katta yangiliklar kutilmoqda. Vodorod yonilg‘isi, xavfsiz va uzoq xizmat qiladigan akkumulyatorlar, quyosh energiyasini samarali saqlash texnologiyalari paydo bo‘ladi. Bu orqali energiya tejamkor va ekologik toza kelajakka yo‘l ochiladi.
Kimyo va sun’iy intellekt uyg‘unligi esa ilmiy tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqadi. Yangi moddalar avval kompyuterda modellashtirilib, keyin laboratoriyada yaratiladi. Bu esa vaqtni tejaydi va kashfiyotlarni tezlashtiradi.
Tibbiyot sohasida esa har bir insonga mos, shaxsiylashtirilgan dorilar yaratish imkoniyati kengayadi. Shuningdek, o‘z-o‘zini tiklaydigan, yengil va o‘ta mustahkam “aqlli” materiallar yaratilishi ham kutilmoqda. Bu materiallar qurilish, tibbiyot va sanoatda keng qo‘llaniladi.
Kelajak kimyosi nafaqat ilm, balki iqtisodiyot rivojining ham muhim omili bo‘ladi. Tabiiy gaz va neft kabi xomashyoni shunchaki sotish o‘rniga, ulardan polimerlar, plastmassa, dorilar, yuvish vositalari va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga e’tibor kuchayadi. Bu esa importni kamaytiradi, eksportni oshiradi va mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlaydi.
Qisqacha aytganda, kelajak kimyosi bu ekologik toza, raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan va inson manfaatiga xizmat qiladigan fan. U nafaqat yangi moddalar, balki yangi imkoniyatlar, yangi sanoat tarmoqlari va yangi taraqqiyot eshiklarini ochadi.
Texnika fanlari doktori, professor
Normurod Fayzullayev bilan suhbat…

