Fanimiz fidoyilari
Mumtoz munaqqid...
Samarqand adabiy muhiti tarixi juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Bu abadiy adabiy muhit ayniqsa, temuriylar davrida yanada gullab yashnaydi. Jahoniy ahamiyatga ega bo‘ladi. Tasavvur qilib ko‘ring, qaysi adabiy muhit o‘z tasarrufiga Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Zahriddin Muhammad Boburlarni qamrab oladi? Faqat va faqat Samarqand adabiy muhitining mazkur da’voga ma’naviy haqqi bor, deb o‘ylayman.
XX asrning o‘ttizinchi-qirqinchi yillariga kelib, Samarqand adabiy muhitida Abdurauf Fitrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Saidrizo Alizoda, Sadriddin Ayniy, Mirtemir, Hamid Olimjon, Sharof Rashidovlar namoyon bo‘ladi. Nomlari zikr etilgan olimu adiblarsiz esa yigirmanchi asr o‘zbek adabiyotini ham adabiyotshunosligini ham tasavvur etib bo‘lmaydi.
Bu jarayon hech qachon so‘nmagan, to‘xtamagan balki, taraqqiy etgan, rivojlangan. XX asrning ikkinchi yarmiga kelib, Vohid Abdullo, Orifjon Ikromov, Nuriddin Shukurov, Botirxon Valixo‘jayev, Gʻaybulla as-Salom, Barot Boyqobilov, Dushan Fayziy, Omon Matjon kabi Samarqand adabiy muhitining darg‘alari maydonga chiqdi.
Samarqand adabiy muhitini davrlar bilan qiyoslaganimizda Hamid Olimjon va Orifjon Ikromovlar nomini alohida faxr bilan tilga olamiz. Hamid Olimjon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi va betakror Vatan kuychisi sifatida xalqimiz qalbidan munosib o‘rin olgan bo‘lsa, Orifjon Ikromov ham shoir, ham olim, ham insoniylik jihatlari bilan minglab qalblarni zabt etgan edi.
Orifjon Ikromov Samarqand davlat universitetida turli rahbarlik lavozimlarida, Qarshi davlat universitetida rektor, Samarqand davlat pedagogika instituti asoschisi va birinchi rektori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgandi. U qisqa va mazmunli umri davomida faqat ezgu ishlar qildi. O‘zidan yaxshi nom qoldirdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, Samarqand davlat universiteti professori Hotam Umurov Hamid Olimjonning jiyani, Orifjon Ikromovning ukasi bo‘ladi.
Hotam Umurovning tomirida qanday ulug‘ insonlarning qoni oqayotganligini anglatish uchun ham fikrimizni uzoqdan boshlagan edik.
Samarqand adabiy muhitida mana yarim asrdirki, Hotam Umurovning o‘z o‘rni bor. Olim nafaqat Samarqand balki, butun O‘zbekistonda ma’lumu mashhur. Meni nazarimda Hotam Umurov domladay ko‘p va xo‘p kitob yozgan, chop ettirgan boshqa olim bo‘lmasa kerak. Domla bir umr tog‘asi Hamid Olimjon ijodini targ‘ibot qildi. Uning umr yo‘ldoshi Zulfiyaxonim asarlarini o‘rgandi, tahlil qildi. Mana shu o‘tgan davr ichida o‘z ilmiy-ijodiy ishlarini pedagoklik sohasi bilan birga olib bordi.
Hotam Umurov hozirgi zamon o‘zbek adabiyoti fani rivojiga ham munosib hissa qo‘shgan. Bu ulushni bemalol uchga bo‘lsa bo‘ladi. Birinchisi olim yaratgan monografiyalar, ilmiy tadqiqot ishlari, o‘quv qo‘llanmalari, darsliklar, maqolalar, badiy ijod namunalari; Ikkinchisi domla ilmiy rahbarligida tayyorlangan dissertasiyalar, shogirdlar, izdoshlar; Uchinchisi pedagoglik faoliyatini o‘z ichiga oladi.
Hotam Umurov juda zukko, hozirjavob, tili achchiq munaqqid sifatida ham alohida e’tirof etiladi. U katta o‘zbek adabiyotini tadqiq etish borasida ham ko‘pchilik olimlarga ibrat maktabidir. Domla juda ulug‘ muallimlar, ijodkorlar ta’lim-tarbiyasini olgan. Shundan bo‘lsa kerak, savodxonlik borasida ham tahsinga loyiq. U kishi talabadan tortib, domlagacha ona tilimiz qoidalariga qat’iy amal qilishni talab qiladi. Bu borada hatto o‘ziga ham talabchan.
Badiiy asarni tahlil qilish, fikr bildirish borasida hammaning o‘z darajasi bor albatta. Lekin hamma ham adabiyot nazariyasiday og‘ir va murakkab, sermashaqqat sohaga qo‘l urishga jazm qilavermaydi. Bu borada Fitrat va Izzat Sultondan so‘ng Hotam Umurovning “Adabiyot nazariyasi” darsligini yaratgani adabiy jarayonda o‘ziga xos voqea bo‘lgan edi.
Bu haqda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi akademik Aziz Qayumov shunday yozgandi: “2003-yil may oyida professor Hotam Umurov Samarqand davlat universitetida menga o‘zining yangi kitobini taqdim etdi.Toshkentga qaytgach, bu kitobni diqqat bilan o‘qib chiqdim. U “Adabiyot nazariyasi” darsligidir. Bu kitob menga maqbul bo‘ldi. Unda adabiyot nazariyasiga oid qoidalar juda to‘g‘ri va bilimdonlik bilan bayon etilgan. Hotam Umurov o‘zi tushuntirgan qoidalarni turmushda yuz bergan voqealar bilan bog‘lab sharhlaydiki, ularni go‘zal hikoyalar kabi qabul qiladi kitobxon”...
Hotam Umurov haqida O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Umarali Normatov, akademik Baxtiyor Nazarov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov va boshqa yana yuzlab taniqli insonlarning dil so‘zlari, e’tiroflarini keltirish mumkin.
Olim hamisha shogirdlar ardog‘ida. Professor Shavkat Hasanov, filologiya fanlari doktorlari Abdurahim Soliyev, Azmiddin Nosirov, filologiya fanlari nomzodi Akbar Nurmatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari shoir Nodir Jonuzoq...bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirsa bo‘ladi.
Biz do‘stlari Hotam Umurovga ko‘p soha va yo‘nalishlarda havas qilamiz. U kishidan o‘rganimiz. Yoshlarimizga olimning hayot va ijod yo‘lini o‘rnak qilib ko‘rsatamiz. Ismi-jismiga monand Hotam Umurov juda katta hayot tajribasiga ega hasos olim. U bugungi adabiy jarayonlarga ham befarq emas. Hamon o‘qiydi, izlanadi, o‘z ustida ishlaydi. Umrning har bir lahzasini qadrlaydi. Unumli foydalanadi.Yoshlarni ham shunga da’vat etadi. Aslida umr deganlari shu bo‘lsa kerak...



Muslihiddin MUHIDDINOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi,
“El-yurt hurmati” ordeni sohibi, Samarqand davlat
universiteti professori.

