Rus filologiyasi fakultetida O'zbekiston musulmonlar idorasi Samarqand viloyat vakilligi bilan hamkorlikda talabalarni turli diniy oqimlar ta'siridan asrash hamda missionerlik faoliyatining oldini olishga qaratilgan "Din, aqidaparastlik va tahdid" mavzuidagi tadbir bo'lib o'tdi.

  Diniy aqidaparastlikka qarshi kurashish, aholi, ayniqsa, yoshlarda mafkuraviy sog'lom immunitetni kuchaytirish, bu sohada jamoatchilik ishtirokini yanada faollashtirishga bag'ishlab o'tkazilgan tadbirda bu masalalar atroflicha muhokama qilindi. Unda ishtirok etgan "Ruhobod" masjidi imom-xatibi To'lqin Amirov yoshlarni o'z yovuz niyatlari ortidan ergashtirishga urinayotgan kuchlar va ularning asl maqsadi haqida talabalarga batafsil ma'lumot berib, tarbiyaviy, targ'ibot-tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish zarurligini ta'kidladi.

  Ayrim mamlakatlarda sodir etilayotgan terrorizm harakatlari, turli guruhlarning internet tarmog'i orqali tarqatayotgan mafkuraviy xuruji har qanday sog'lom fikrli kishini tashvishga soladi. Bunday xavfli xurujlardan aholi, ayniqsa, yoshlarni ogoh etishga bag'ishlab o'tkazilayotgan tadbirlar universitetda yil davomida doimiy o'tkazib kelinmoqda. Viloyat va shahar hokimliklari mutaxassislari, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari ishtirok etayotgan bunday tadbirlarda turli yot kuchlarning din niqobi ostida amalga oshirayotgan yovuzliklari keng tushuntirilmoqda. Aniq misollar asosidagi suhbatlar, videofilmlardan foydalanilayotgani targ'ibot ishlari ta'sirchanligini oshirishga xizmat qilmoqda.