Buxoroning sodda va matonatli Qorako‘l tuprog‘ida undirgan ilm niholini Samarqand davlat universitetidek ulug‘vor ma’rifat maskanida davom ettirayotgan inson — SamDU polimerlar kimyosi va kimyoviy texnologiya kafedrasi mudiri, professor Normurod Fayzullayev bilan sokin izlanishlar, ustozlik baxti va olimning insoniy mas’uliyati haqida qalb suhbati.

    — Domla, Buxoroning chekka bir go‘shasida ulg‘ayib, kamol topib, endilikda Sharqning haqiqiy ilmiy tamaddun beshigi, asriy ma’rifat maskani bo‘lmish Samarqand davlat universitetida yirik ilmiy maktabga — Polimerlar kimyosi va kimyoviy texnologiya kafedrasiga rahbarlik qilyapsiz. Erishilgan marralar yuksakligidan turib o‘tgan yillar, o‘tgan umr dovonlari xususida nima deya olasiz?

    — Inson ulg‘aygan zamin, muhit xususiyati uning fe’l-atvoriga, alaloqibat, taqdiriga ta’sir qiladi. Qorako‘lning yozi issiq, qishi qattiq, tuprog‘i sho‘rxok bo‘lsa-da, odamlari juda matonatli va mehnatkash. U yerda men suvsizlik va qiyin sharoitda ham ildizini yerga chuqur otib, hayot uchun kurashadigan o‘simliklarni ko‘rib ulg‘aydim. Ilm ham xuddi shunday — u mashaqqat va sabrning qattiq qatlamlarini tinimsiz mehnat bilan yorib chiquvchi sokin kuchdir.

    Samarqand men uchun shunchaki xaritadagi tarixiy shahar emas. Bu zamin asrlar davomida bashariyat tafakkurini oldinga harakatlantirgan, ma’rifat olovini yoqqan muqaddas tuproqdir. Mirzo Ulug‘bek akademiyasida poydevori qo‘yilgan o‘sha buyuk ilmiy an’analarning sovumas uchqunlari bugun bizning zamonaviy laboratoriyalarimizda yangicha shaklda yashashda davom etmoqda. Samarqand davlat universitetida mana shu vorisiylik zanjirining kichik bir halqasi bo‘lish, yosh tadqiqotchilarning ko‘zidagi ilmga bo‘lgan tashnalikni ko‘rish men uchun ham katta sharaf, ham yelkamdagi og‘ir va muqaddas mas’uliyatdir.

    — Yaqinda Siz dunyo kimyogarlari orasida katta nufuzga ega bo‘lgan, Scopus tizimining eng yuqori Q1 toifasiga mansub «Chemical Methodologies» xalqaro jurnalining tahrir hay’ati a’zoligiga qabul qilindingiz. Shuningdek, Stenford universiteti tomonidan e’lon qilingan dunyoning eng yaxshi 2% olimlari («World's Top 2% Scientists») ro‘yxatidan joy oldingiz. Olimlik maqomining bunday yuksak e’tiroflari, aslida, qanday zahmatlar mevasi?

    — Ilm-fan — bu juda cheksiz va mashaqqatli yo‘l. Bu yo‘lda bosib o‘tilgan har bir qadam, erishilgan har bir kichik natija, aslida, birgina insonning mehnati mahsuli emas. Ilmda yakka tartibdagi muvaffaqiyat bo‘lmaydi. Bugun hayotimizda aks-sado berayotgan yutuqlar ortida meni tarbiyalagan, qo‘limga ilk bor qalam tutqazgan ulug‘ ustozlarimning sokin o‘gitlari, laboratoriyada tunlarni kunlarga ulab, yangi kimyoviy jarayonlar ustida birga izlanayotgan fidoyi hamkasblarimning peshona teri va, albatta, barchamizga ilm beshigi bo‘lgan Samarqand davlat universitetining bag‘rikeng ilmiy muhiti yotibdi.

    Shu bois, bu natijalar mening shaxsiy zafarim emas. Bu — Samarqand kimyo maktabining, Samarqand davlat universiteti ilmiy salohiyatining jahon maydonidagi o‘ziga xos e’tirofidir. Buni maqtanish uchun tilga olayotganim yo‘q, aslo... Men faqat bir narsani — bugun bizning sodda xonalarda olib borayotgan kamtarona izlanishlarimiz xalqaro mezonlarga mos kela boshlaganini, dunyo bizni eshitayotganini ko‘rsatish uchungina aytyapman. Bu yutuqlar bizni faqatgina yanada kamtar bo‘lishga va yanada ko‘proq mehnat qilishga undaydi, xolos.

    — Samarqand davlat universiteti bugun nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda Sharq Renessansining ilmiy mayog‘i va muhtasham ilm saltanati sifatida e’tirof etiladi. Siz va jamoangizning mana shunday xalqaro yutuqlari ushbu ulug‘vor maskanning jahon miqyosidagi nufuzini yuksaltirishda qanday ahamiyat kasb etadi?

    — Samarqand davlat universiteti shunchaki bir ta’lim muassasasi emas, bu asriy an’analar va zamonaviy innovatsiyalar o‘zaro singishib ketgan muhtasham tizimdir. Ushbu xalqaro yutuqlarning asl ahamiyati shundaki, ular bugungi kunda Samarqand davlat universitetining jahon miqyosidagi oliy nufuzini, xususan, QS va Times Higher Education kabi nufuzli xalqaro reytinglardagi mavqeini tubdan yuksaltirishda eng muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Kafedramizda olib borilayotgan har bir tadqiqot, xorijiy nashrlarda chop etilgan har bir kitob va ilmiy maqola universitetimizning dunyodagi eng kuchli oliy ta’lim muassasalari qatoridan mustahkam va munosib o‘rin egallashini ta’minlashga qo‘shilgan amaliy hissamizdir.

    — Bugun mamlakatimizda olimlarning ijtimoiy maqomini yuksaltirish, ularga erkin ilmiy muhit yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Yurtimizda yangi Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotgan bir paytda bu e’tibor Sizga qanday kuch baxsh etmoqda?

    — Yurtimiz olimlarining jahon sahnida bunday yuksak marralarni zabt etishi o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Bularning zamirida oxirgi yillarda ilm-fan sohasiga, olimlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik yotibdi. Ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigi ochib berilgani, davlatimiz rahbari tomonidan olim maqomining bu qadar yuksaltirilgani qalbimizda Vatanga bo‘lgan sadoqat hamda mas’uliyat hissini yanada mustahkamlaydi. Bizga bildirilgan ushbu yuksak ishonch kundalik izlanishlarimiz uchun eng qudratli ma’naviy kuchga aylandi.

    — Olim sifatida Sizni ko‘p o‘ylantiradigan eng muhim asosiy masala nima? Ilmiy yangiliklar nazariya tekisligida qolib ketmasligi uchun nima qilish kerak?

    — Haqiqatan, bu masala olimlarni doimo tashvishga soladi. Ilmiy ishlar faqat qog‘ozlarda, xalqaro jurnallar sahifalarida yoki reyting ko‘rsatkichlaridagina qolsa, undan ne naf? Ilm faqatgina qog‘ozda yashasa, u jonsizdir. Kimyo hayot va iqtisodiyot mavjudligining o‘ziga xos shaklidir. Demak, laboratoriyalarda tug‘ilgan har bir yangi polimer formula, har bir texnologik ishlanma yurtimiz iqtisodiyotiga, sanoatiga, xalqimiz farovonligi va davlatimiz ravnaqi uchun xizmat qiluvchi jonli kuchga aylanishi shart. Bizning ilmimizdan asl muddaomiz ham, davlatimiz rahbarining talabi ham, xalqimiz oldidagi mas’uliyatimiz ham mana shundadir.

    — Bugun hamkasblaringiz va shogirdlaringiz olib borayotgan ilmiy tadqiqotlar ko‘lami, yo‘nalishi va ahamiyati xususida qanday fikrdasiz?

    — Ilm va tafakkur — uzluksiz va keng ko‘lamli jarayon. Bugun yosh tadqiqotchilarimiz, shogirdlarimiz jahon andozalari darajasidagi ilmiy mezonlarni bevosita o‘rganmoqdalar. Dunyo tan olgan nufuzli bazalarga kirish, xorijda, xususan, Rossiya va Qozog‘istonda ilmiy kitoblarni chop etish ular uchun erishib bo‘lmas armon emas, balki odatiy ish rejasiga aylandi. Ularning qalbida O‘zbekistonda turib ham dunyo ilm-fani cho‘qqilarini zabt etish va Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish mumkinligiga bo‘lgan ishonchni ko‘rish men uchun ustoz sifatida eng oliy baxt va hayotimning eng shirin mevasidir.

    Men bir oddiy haqiqatga so‘zsiz ishonaman: ilmning vatani, chegarasi yo‘qdir, lekin olimning albatta muqaddas Vatani bor.

    — Sizga bu mashaqqatli va sharafli yo‘lda hamisha kamarbasta bo‘lib kelayotgan insonlarga aytar so‘zingiz...

    — Bizning erkin ilmiy izlanishlar olib borishimiz, jahon bilan integratsiyalashuvimiz va SamDU nufuzini global reytinglarda ko‘tarish yo‘lida doimo zahmat chekayotgan rahbarlarimizdan minnatdorman. Ularning yuksak e’tibori, tadqiqotlar yo‘nalishini to‘g‘ri belgilaganligi bizga yangi ilmiy marralarni zabt etishda ulkan kuch va qanot baxsh etmoqda. Shu o‘rinda olimlarning, ilm kishilarining zahmatli mehnatini doimo to‘g‘ri tushungan, qo‘llab-quvvatlagan oilalarining ma’naviy madadini ham ta’kidlash kerak, albatta.

    Bildirilgan yuksak ishonchni oqlash, Prezidentimiz boshlab bergan buyuk islohotlarning ilmiy poydevorini mustahkamlash va jonajon xalqimizga oz bo‘lsa-da real foyda keltirish men uchun hayotning eng oliy mazmunidir. Zero, bizning izlanishlarimiz qog‘ozdagi formulalardangina iborat emas. Ularning zamirida davlatimiz ravnaqi va muqaddas Vatanimiz bayrog‘ini jahon ilm-fani cho‘qqilarida mag‘rur hilpiratishdek ezgu va ulug‘vor burch hamda maqsad mujassamdir.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati