Vatan oldidagi burchimni Prezident Shavkat Mirziyoyev anglatdi…
Men 2023-yilda 70 yoshga to‘ldim. Bu sana bosib o‘tgan umr yo‘limga qaytadan nazar tashlashga, yangi orzular, umidlar tug‘ilishiga asos bo‘ldi.
O‘zbekistonning ikki buyuk shahri Samarqand va Buxoroga ziyorat qilishni istadim. Bu bejiz emas, albatta. Men 30 yil davomida vatandan uzoqda, Vatan sog‘inchi bilan yashadim. Bu yillar, eng avvalo, menga vatanimni tanitdi, anglatdi. Men qanday buyuk vatanim borligini musofirchilikda tushunib yetdim, tanidim.
Samarqand safarini ixtiyor etganimda Samarqand davlat universitetiga Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar tashrifi kutilayotgan ekan.
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan SamDUda Aziz Sanjar nomidagi ilmiy laboratoriya tashkil etilgan ekan. To‘g‘risini aytganda, bu xabar meni hayratga soldi. Ilm-fanga, olimga ayniqsa u tirikligida shunchalik hurmat, ehtirom ko‘rsatilayotganidan faxrlandim.
Men ikkita olim bir vaqtda Samarqandga borsa bir-birga xalaqit qilmasin degan andisha bilan avval Buxoroga yo‘l oldim. Abu Ali ibn Sino tug‘ilgan Afshona qishlog‘ini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Amerikada safarga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Abu Ali ibn Sino kitoblarini o‘qib chiqdim. Olimning buyukligi oldida butun dunyo bejizga ta’zim qilmagan ekan.
Buxorodan keyin Samarqandga mo‘ljallangan safarim boshlandi. Samarqand davlat universitetida kvant texnologiyalariga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazdik.
Rustam Xolmurodov, Rossiya kvant markazi direktori Ruslan Yunusov birga suhbatlashdik. Ushbu muloqot davomida Samarqandda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Kvant markazi yaratish g‘oyasi tug‘ildi.
2023 yil avgust oyida AQSHning Dallasdagi Texas universiteti bilan hamkorlikda Samarqand kvant markazi tashkil etildi.
Markazning asosiy maqsadi kvant texnologiyalari asosida yuqori texnologiyali tijorat mahsulotlari ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston brendi nomi ostida izlanishlar olib borishdan iborat.
Samarqand kvant markazida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlari sifatida fotonika, kvant optikasi va lyuminessensiya sohalari belgilangan.
Markazning asosiy vazifasi perovskit tuzilishli va gibrid perovskit materiallarini loyihalash, sintez qilish va turli organik hamda polimer modifikatsiyalar asosida yaratishdan iborat. Shuningdek, ushbu materiallarning elektr, magnit va optik xususiyatlarini o‘rganib, ularni amaliy kvant texnologiyalarida qo‘llash imkoniyatlari aniqlanadi.
1990 yildan boshlab dunyo bo‘ylab kezishni boshladim. Dastlab Moskvada, uzoq vaqt davomida Yaponiyaning turli shaharlari Okadzaki, Osaka, Tokio, Kioto, Italiyaning Bolonьyadagi nanotexnologiyalar markazida, keyin yana ko‘plab joylarda. Ayni vaqtda Amerika va Samarqandda.
2001 yilda Rey va Nobelь mukofoti laureati Alan Mak Diarmid bilan birgalikda Dallasda (Texas) Nanotexnologiya institutini yaratdik.
Yaponiyada o‘ta o‘tkazuvchanlikni, Italiyada fullerenlarni, Amerikada foton kristallarni, keyin uglerod nanonaychalarini o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Umuman olganda, men yo‘nalishlarni o‘zgartirdim, yangi materiallar yaratdim, materialshunoslik, muhandislik bilan shug‘ullandim. Endi kvant fani paydo bo‘lganida, Allohning O‘zi meni Vatanimga qaytardi. Samarqand orqali Vatanim meni quchoq ochib qabul qildi. Darbadar o‘g‘ilning qaytishi sodir bo‘ldi.
Samarqand kvant markazining 7 ta bo‘limini tashkil etdik. Ayni paytda kuchli eksperimental laboratoriyalar Samarqand Kvant markazida yaratilgan. Bu yerda yangi xalqaro fotonika bo‘yicha laboratoriya ham tashkil etilmoqda.
Biz iqtidorli, yosh tadqiqotchilarimizni Amerika, Germaniya va boshqa mamlakatlardagi barcha laboratoriyalarga yuborishimiz kerak. Aynan shu yo‘l bilan biz olimlar uchun Samarqand Kvant markazi eshiklarini ochamiz. Nobelь mukofoti laureatlari, eng yuqori darajadagi olimlar kelib, ma’ruza o‘qishadi.
Myen shuningdek, Samarqand davlat universitetida nazariy fizika bo‘yicha Nobelь mukofoti laureati, musulmon Abdus Salaman xalqaro markazi filialini tashkil etishni orzu qilaman. O‘shanda u yerga Osiyoning turli burchaklaridan tadqiqotchilar, magistrantlar va yosh olimlar yozgi va bahorgi maktablarda ma’ruzalar tinglash uchun keladi.
Chunki bizga kimyogar kerak. Samarqandda Abdus Salaman markazining filiali borligini butun dunyo bilishi kerak. Bu orzu. Umid qilamanki, barchasiga birgalikda erishamiz.
Biz darhol Koreya bilan hamkorlikni boshladik. Bir nechta vorkshoplar o‘tkazdik. O‘zbekiston fiziklar kengashi raisi, akademik, fan arbobi Qodir Gʻulomov ko‘magida, hamda Koreya fiziklar jamiyati prezidenti Suklin Xong ko‘magida Toshkent va Samarqandda bir nechta anjumanlar bo‘ldi.
“Uchlik ittifoqi” dasturini tuzayapmiz. Dastur O‘zbekiston, Koreya va Amerika o‘rtasida bo‘ladi. Bu orqali tadqiqotchilar almashinuvi izchil yo‘lga qo‘yiladi.
O‘tgan yili men bir nechta tadqiqotchilarni Izmirdagi mashhur Turkiya tyexnologiya institutiga olib bordim. Bu Amerikadagi Kaltech yoki Massachusets tyexnologiya instituti bilan bir xil darajada. U yerda tadqiqotchilar bilan birga bir oy davomida ishladik, kvant nuqtalarini sintez qildik. Keyin biz turkiyalik Serdar Xoja bilan ham aloqa o‘rnatdik.
Bugungi ilm-fan taraqqiyotini Germaniyasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ralьf Xeger Drezdenlik professor Toshkentda, Parkentda quyosh pechida ishlagan. Hozir Samarqand universitetida dars beradi va Samarqand kvant markazi tarkibiga kiradi. U dunyoda yagona bo‘lgan quyosh simulyasiyasi stansiyasini yig‘adi, unda biz 3000 daraja haroratda dunyoda hali mavjud bo‘lmagan yangi materiallarni sintez qilamiz.
Quyosh laboratoriyasining Samarqand bo‘limida karbon, grafen va grafayn materiallari sintezlanadi.
Doimiy ilmiy hamkorimiz Rossiya bilan katta rejalarimiz bor. Rossiya kvant markazi 9 nafar stajyorimizni qabul qildi. Samarqanddan yana 7-8 nafar fizik fotonika sohasida eksperimental fan bilan shug‘ullanadi.
Elektronika dunyoni egallab oldi. Bizning barcha kompyuterlarimiz elektronika, mikrochiplar asosidagi qurilmalar hisoblanadi.
Keyingi bosqichda fotonika laboratoriyasini tashkil qilamiz, u yerga butun dunyodan mutaxassislarni taklif qilamiz.
Bu bizning istiqboldagi rejalarimizdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida muhandislik ta’limiga bag‘ishlangan katta yig‘ilish o‘tkazishidan oldin Rustam Xolmurodov bilan birga Samarqand viloyati hokimi huzurida bo‘ldim. Uchrashuv davomida kvant markazimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdim. Xususan, kvant materiallari kvant nuqtalari va nanonuqtalar faqat kelajakning nazariy kompyuterlari uchun emas, balki aniq muhandislik qurilmalarida amalda qo‘llanishi kerakligini ta’kidladim.
Bu g‘oyani tushuntirish uchun Samarqanddagi “Samglass” zavodini misol keltirdim. U yerda binolar uchun oyna ishlab chiqariladi va ikki oyna orasiga qo‘shimcha qatlam joylashtirilgan tripleks shishalar tayyorlanadi. Biz aynan shu texnologiyani yangi bosqichga olib chiqishni taklif qildik.
Kvant markazimiz olimlari allaqachon perovskit kvant materiallari asosida kvant nuqtalarini yaratishga erishdi. Endi shu materiallardan foydalanib, energiya ishlab chiqaruvchi tripleks oyna tayyorlashni rejalashtirmoqdamiz. Bunday oyna kelajakda quyosh batareyasi vazifasini bajaradi.
Ishlash tamoyili quyidagicha: quyosh nuri deraza orqali xonaga kiradi, nurning taxminan 70 foizi ichkariga o‘tadi. Deraza biroz qorong‘ilashtirilgan bo‘lib, xonada salqin va qulay muhit saqlanadi. Qolgan 30 foiz energiya, ayniqsa inson salomatligi uchun zararli ultrabinafsha nurlar, kvant materiallari tomonidan yutiladi. Natijada eksiton kvant o‘tishlari yuz beradi va energiya lyuminessensiya jarayoni orqali qayta nurlanadi. Bu nur xonaga emas, balki shisha chetlari bo‘ylab tarqaladi. Shu chet qismlarga joylashtirilgan ixcham, yuqori samarali quyosh batareyalari ushbu energiyani elektr tokiga aylantiradi.
Bunday batareyalar qimmat bo‘lishi mumkin, ammo ular juda kichik taxminan bir santimetr kenglikda bo‘ladi. Shuning uchun katta maydon talab qilinmaydi. Eng muhimi, elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun tomlar yoki keng yer maydonlar kerak bo‘lmaydi oddiy binolarning derazalari o‘zi energiya manbaiga aylanadi.
Bu texnologiyalar ustida biz AQSHda ham ishlaganmiz va kelgusida amerikalik hamkorlar bilan birgalikda loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz. Bu tashabbus mamlakatimizda ilg‘or muhandislik yechimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘yilayotgan vazifalarga hamohangdir.
O‘zbekistonga aynan shunday innovasion texnologiyalar zarur. Bugun dunyoda ko‘plab ilg‘or yechimlar mavjud, ammo biz ular haqida har doim ham yetarlicha xabardor emasmiz. Shuning uchun olimlarimiz va fiziklarimiz nafaqat fundamental tadqiqotlar bilan, balki kvant texnologiyalarini kundalik hayotda qo‘llash, jamiyatimiz uchun muhim masalalarni hal etadigan amaliy qurilmalar yaratish haqida ham o‘ylashlari lozim.
Bizga toza suv, energiya va oziq-ovqat xavfsizligi juda muhim. Energiyani gaz va neft yoqish orqali emas, balki yangi, ekologik manbalardan olish vaqti keldi. Shu maqsadda “aqlli” issiqxonalar loyihasini ham taklif qildik.
Bu issiqxonalar maxsus polimer plyonka bilan qoplanadi. Uning tarkibiga kvant nanonuqtalari qo‘shiladi. Mazkur plyonka quyosh nurining spektrini o‘simliklar uchun eng foydali shaklga keltiradi. Natijada ko‘chatlar tezroq o‘sadi, yaxshi gullaydi va hosildorlik oshadi. Eng muhimi, issiqxonani isitish uchun gaz yoqishga ehtiyoj qolmaydi.
Bu energiya tejalishiga, ekologik zarar kamayishiga va aholi uchun iqtisodiy yengillik yaratilishiga xizmat qiladi. Chunki barcha ham qimmat energiya resurslari uchun katta mablag‘ to‘lay olmaydi. Yangi kvant muhandislik texnologiyalari ushbu muammolarga zamonaviy va samarali yechim bo‘lishi kutilmoqda.
Uchrashuv davomida hokim ushbu g‘oyalarni diqqat bilan tinglab, loyihalarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Biz yangi texnologiyalar orqali energiya, qishloq xo‘jaligi va ekologik barqarorlik masalalarini hal qilishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik.
Ko‘pchilik: “Qachon o‘zbek kvant kompyuteri yaratiladi?” degan savolni beradi. Biz bu masalaga real yondashamiz. O‘zbekistonda kvant kompyuteri ishlab chiqarish rejamiz yo‘q. Sababi, kvant kompyuteri juda murakkab va nihoyatda qimmat texnologiya bo‘lib, uni yaratish uchun yuzlab million dollar sarmoya talab etiladi. Bunday loyihalarni hozircha dunyoning sanoqli davlatlarigina amalga oshirmoqda.
Biroq, bu biz kvant texnologiyalari sohasida ortda qolamiz, degani emas. Aksincha, biz boshqalardan ham muhimroq yo‘nalishga kvant algoritmlari yaratishga e’tibor qaratmoqdamiz. Chunki kvant kompyuterini yaratish mumkin, ammo uni samarali ishlatadigan algoritmlarsiz u to‘liq qiymatga ega bo‘lmaydi.
Bu borada biz buyuk ajdodimiz Muhammad al-Xorazmiy merosidan ilhom olamiz. U kishi algoritm tushunchasini yaratgan paytda dunyoda kompyuter umuman mavjud emas edi. Ammo aynan algoritm g‘oyasi keyinchalik zamonaviy hisoblash texnikasining asosiga aylandi.
Bugun O‘zbekistonda Toshkent va Samarqand ilmiy maktablariga mansub kuchli matematiklar jamoasi shakllangan. Ular allaqachon o‘zbek kvant algoritmlarini yaratish ustida ish boshlagan. Kvant algoritmi bu yangi avlod kvant kompyuterlari uchun mo‘ljallangan dastur bo‘lib, u shunday muammolarni yecha oladiki, oddiy superkompyuterlar bunday hisob-kitoblarni bajarish uchun yuzlab yil vaqt sarflaydi.
Biz aynan shunday murakkab ilmiy masalalarni qo‘yish va ularning algoritmik yechimlarini ishlab chiqishni maqsad qilganmiz. Kvant kompyuterlaridan foydalanish masalasida xalqaro hamkorlikka tayanamiz. Rossiyalik va xitoylik hamkorlarimiz bizga hisoblash resurslaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etadilar, biz o‘z navbatida kvant algoritmlari sohasidagi ilmiy ishlanmalarimizni ular bilan baham ko‘ramiz.
O‘zbekiston kvant texnologiyalari rivojida o‘z yo‘lini, izlamoqda tanlamoqda. Maqsadimiz qimmat qurilmalarni yaratish emas, balki ularni aql-zakovatini belgilaydigan ilmiy yechimlar ishlab chiqishdir.
Men va fizik hamkasblarimning asosiy vazifasi kvant kompyuterining eng muhim tarkibiy qismi kvant kyubitlarni yaratishdir. Kyelajakda boshqa ilmiy markazlarda quriladigan kvant kompyuterlari uchun asos bo‘ladigan “g‘ishtchalar”ni tayyorlaymiz. Ana shu fundamental elementlar o‘zbek kvant kyubitlari bo‘ladi.
Mirzo Ulug‘bekning mashhur “Ziji Jadidi Ko‘ragoniy” asari nomidan kelib chiqib, yaratiladigan milliy kvant ishlanmamizni “Kyubit Ko‘ragoniy” deb atash g‘oyasini ilgari surmoqdamiz.
Mashhur fizik Pyotr Kapisa haqiqiy olim ayni paytda muhandis ham bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan va bu g‘oyani amalda ro‘yobga chiqarib, Moskva fizika-texnika institutiga asos solgan edi.
Bugun men ham Samarqanddagi muhandislik-fizikasi instituti tarkibida faoliyat yuritar ekanman, aynan shu tamoyilga amal qilish ya’ni fundamental ilmni amaliy muhandislik bilan uyg‘unlashtirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganman.
2023 yilda menga Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvonini berdi. Bu mukofot menga juda ko‘p haqiqatlarni anglatdi. Myen avvalo, Vatanim uchun kerak ekanman. Garchi undan uzoqda yashagan bo‘lsam ham, Vatanim meni unutmadi. Nafaqat unutmadi, balki ulug‘ladi. Meni topdi. Qaytadan kashf etdi. Yuragimdagi sog‘inch cho‘g‘ini olovga aylantirdi. Buni Yangi O‘zbekiston Mye’mori Prezident Shavkat Mirziyoyev amalga oshirdi.
Men chetga chiqib ketgan insonni qutlagan yurtimdan, Yurtboshidan qarzdorman. Allohdan so‘rayman menga yana hech bo‘lmaganda 30 yil umr bersin. Bilimimni xalqim baxti saodati, yuksalishi yo‘lida sarflayman. Alloh meni Mirzo Ulug‘bek asos solgan Samarqand davlat universitetiga bejiz olib kelmadi. Samarqandda tug‘ilish baxt. Samarqandda yashash baxt, Samarqand zaminida mangu qo‘nim topish sharaf.
Anvar ZOHIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi.
Samarqand davlat universiteti Faxriy professori.

