Samarqand davlat universitetida “Kondensirlangan muhitlar molekulyar spektroskopiyasining dolzarb muammolari” mavzusidagi VI Xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjuman 1972–1985-yillarda rektor lavozimida ishlagan, professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Akbar Otaxo‘jayev tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlandi. Konferensiyaga o‘ndan ortiq xorijiy mamlakatlardan ham taniqli olimlar tashrif buyurishdi.

Anjumanni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov ochdi va akademik Akbar Otaxo‘jayevning hayoti va ilmiy faoliyati xususida ma’ruza qildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti Sa’dulla Rahmonov anjuman qatnashchilarini tabrikladi va nutq so‘zladi.

O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, AQShning Texas universiteti professori, SamDU Faxriy professori, Kvant markazi ilmiy rahbari Anvar Zohidovning anjumandagi ma’ruzasi ishtirokchilar tomonidan qizg‘in kutib olindi...

Akademik Akbar Otaxo‘jayevning nabirasi, AQShning sun’iy intellekt bo‘yicha startap kompaniyasi muhandisi Iskandar Otaxo‘jayev so‘zga chiqib, xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.