Samarqand davlat universitetida Markaziy Osiyoda birinchi marotaba tashkil etilgan "Ilg‘or lazer texnologiyalar" mavzusidagi xalqaro konferensiya ish boshladi. Anjumanda ishtirok etish uchun o‘nlab xorijiy mamlakatlardan 300 dan ortiq taniqli olimlar tashrif buyurgan.

Konferensiyani Samarqand viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev ochdi va viloyat hokimining anjuman qatnashchilariga tabrigini o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng Samarqand davlat universitet rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov ma’ruza qildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Muhsin Ashurov anjumanga yig‘ilganlarga O‘zbekiston fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupovning tabrigini yetkazdi. Rossiya Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti Yuriy Kulchin, Rossiya Fanlar akademiyasining akademigi Vitaliy Konov so‘zga chiqib, anjuman qatnashchilarini qutladilar.

Rossiya Fanlar akademiyasining akademigi Ivan Shcherbakov onlayn tarzda ma’ruza qildi. O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, AQShning Texas universiteti professori, Samarqand davlat universitetining faxriy professori, Kvant markazi ilmiy rahbari Anvar Zohidov, Xalqaro "XPANCEO" korporatsiyaning asoschisi va bosh texnik direktori Valentin Volkov, Xitoy Nankay universitetining zamonaviy optika instituti professori Weiwei Liu anjuman dasturida belgilangan mavzular bo‘yicha ma’ruza qildilar.

Shuning bilan anjuman birinchi ish kunidagi yalpi majlisi nihoyasiga yetdi. Mavzular muhokamasi sho‘balarga ko‘chdi.