O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-fevraldagi 133-f-sonli Farmoyishiga asosan 2019-yil 24-25 may kunlari universitetda «Buyuk ipak yo‘li chorrahasida ziyorat turizmining renessansi» mavzusida xalqaro miqyosida konferensiya o‘z ishini boshladi.
Bu anjumanni Samarqand shahrida o‘tkazilishi bejiz emas, Samarqand ko‘p ming yillik tarixga ega shahar bo‘lib, bugungi kunda haqiqiy turizm markaziga aylanib bormoqda. Samarqand deganda, avvalo, ulug‘ aziz-avliyolar, allomalarga vatan bo‘lgan, mard va olijanob, oriyatli el yashaydigan tabarruk zamin ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Qadimiy Afrosiyob yodgorligi, Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi, Chelak shahridagi Imom Buxoriy majmuasi, Registon ansambli, Amir Temur maqbarasi singari noyob yodgorliklar bu zamindagi qadimiy sivilizatsiya va madaniyatdan guvohlik beradi.
Konferensiyada turizm sohasidagi yetakchi mutaxassislar, olimlar va soha rahbarlari ishtirok etmoqda. Konferensiya dasturiga yuzdan ortiq olimlar va tadqiqotchilar, soha mutaxassislari va yosh olimlarning ma’ruzalari kiritilgan. Jumladan, Xitoy, Rossiya, Fransiya, Italiya, J.Koreya, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Polsha, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa xorij mamlakatlardan nufuzli olimlar va turizm sohasining yetakchi mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Mamlakatimizning boy tarixiy madaniyati, o‘rganilmagan tarixiy makonlari va qiziqarli ma’lumotlarga boy tarixiy salohiyatining o‘rganilishi hamda turistik ob’ektlar qatoriga qo‘shilishi soha rivojida katta o‘rin tutmoqda.
Ushbu konferensiya mamlakatimizni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida aks etgan iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirishda ziyorat turizmi rolini oshirish, mamlakatimizda mavjud arxeologik yodgorliklar, obidalar, monumental san’at yodgorliklari, muzeylar va boshqa diqqatga sazovor manzillarning ko‘payishi, yillar davomida o‘rganilmagan muqaddas qadamjolar va tarixiy ob’ektlarning turistik salohiyat qatoriga qo‘shilib, ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad turistik markaz hisoblangan va noyob diniy turistik resurslarga boy bo‘lgan Samarqandda ziyorat turizmini tiklash va uni rivojlantirish bo‘yicha amaliy, ilmiy va uslubiy takliflarni ishlab chiqishdan iborat.
Konferensiya davomida turizmni rivojlantirish uchun mas’ul vazirliklar va biznes sub’ektlar vakillari uchun ochiq munozara maydoni tashkil etiladi. Tarmoqning qonuniy va huquqiy tartibga solinishi, turagentlar va turoperatorlarning ziyoratgoh turizmini ommaviy targ‘ib qilish, diniy turizm bo‘yicha tajriba almashuv, innovatsion xizmatlar, dasturlar va kasbiy texnologiyalarni ishlab chiqish hamda boshqa masalalar quyidagi sho‘’balarda muhokama qilinadi:
- O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish istiqbollari.
- Markaziy Osiyo – islom ilm-fanining ilg‘or g‘oyalari beshigi.
- Ziyorat turizmini boshqarishning xalqaro tajribasi.
- Madaniyat va me’morchilik Markaziy Osiyodagi madaniy yuksaltirishning yorqin aksi sifatida.
Turizm bosqichma-bosqich mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘iga aylanayotganligini hisobga olgan holda mintaqalarning salohiyatini turizm sohasiga to‘liq jalb etishni, xizmatlar sohasini rivojlantirishni, Buyuk ipak yo‘lida turizm yo‘nalishining jozibador markazi sifatida respublikaning ijobiy qiyofasini shakllantirishni ta’minlaydigan ziyorat turizmini yanada rivojlantirish masalalari ushbu konferensiyada keng muhokoma qilinadi hamda tegishli taklif va xulosalar chiqariladi.