Sohibqiron Amir Temur tavalludining 683-yilligi munosabati bilan 2019-yil 12-aprel kuni Samarqand davlat universiteti rus filologiyasi fakultetida “Hukmdor” (“Povelitel”) romani muallifi, yozuvchi Oraz Abdurazakov bilan ijodiy uchrashuv bo’lib o’tdi.

  Uchrashuvda Amir Temurga bag’ishlangan ilk she’riy roman muallifi Oraz Abdurazakov o’z asarining yaratilish tarixi haqida gapirib berdi va aslida roman ustida ishlashni hali talabalik yillaridayoq boshlab yuborganligini ma’lum qildi. Ulug’ sarkardaning taqdiri uni doimo qiziqtirib kelganligini, biroq romanda Sohibqiron hayotining qisqa davri aks etganligini aytib o’tdi.

  Talabalar asar haqidagi o’z taassurotlari bilan o’rtoqlashdilar, roman ularga Amir Temur shaxsining noma’lum qirralari bilan tanishish imkonini berganligini ta’kidladilar. So’zga chiqqanlar roman badiiy qimmatini yuksak baholadilar. Shundan so’ng, uchrashuv ishtirokchilari muallifga o’zlarini qiziqtirgan savollarni berdilar.

  Oraz Abdurazakov o’z ijodiy rejalari haqida so’zlab berdi va tez orada o’zining uchta romani nashrdan chiqishini, ularda Amir Temurning hayoti yo’li to’la qamrab olinajagini ma’lum qildi.

  Uchrashuv tashkilotchilari va Oraz Abdurazakov muhokama obyekti yozuvchining yangi asarlari bo’ladigan ana shunday ijodiy kechalarni davom ettirishga umid bildirdilar.