Samarqand davlat universitetida vokal san’ati: an’anaviy xonandalik (kunduzgi) ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha imtihonlar ikki bosqichda olib borilmoqda.

   Birinchi bosqichda abiturietlarning an’anaviy xonandalik bo‘yicha bilimlarini: maqom, milliy musiqa san’ati, musiqaga ovoz tonining tushishi, ovoz imkoniyatlari, bo‘lajak pedagogik mahoratlari sinovdan o‘tkazilmoqda. Ikkinchi bosqichda nazariy bilimlar baholanmoqda. Ijodiy imtihonni xolis, shaffof o‘tkazish uchun Yunus Rajabiy nomidagi Milliy musiqa san’ati institutidan O‘zbekiston xalq hofizi Erkin Ro‘zmatov, katta o‘qituvchi Umid Eshonxo‘jaev hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi dotsenti Barno Shohnazarovalar taklif etilgan.

   -Imtihon jarayonida abiturientlarimiz uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, men vokal ijrochiligi bo‘yicha “Pryoxa”, “Gul yuz ichra” asarlarini kuyladim,-deydi abiturient Ozoda Rahmonova. - Shaffoflikni ta’minlash maqsadida imtihon oluvchi o‘qituvchilar boshqa oliy ta’lim dargohlaridan chaqirilganligi meni juda quvontirdi.

   -Men kasbiy-ijodiy imtihonda “Bog‘i Saroy” mahallasidan vakil sifatida qatnashyabman, imtihon jarayonida abiturientlarning baholari ularning ko‘z oldida adolatli qo‘yilayotganiga shaxsan guvohman, - deydi Ra’no Azimova. - Abiturientlarimiz bundan juda mamnun.

Kasbiy ijodiy imtihonlar shuningdek, Samarqand davlat universitetining O‘zbekiston - Finlandiya pedagogika instituti jismoniy madaniyat fakulteti (sirtqi ta’lim) yo‘nalishida ham bo‘lib o‘tmoqda. Bunda abiturientlar 100 va 1000 metrga yugurish bo‘yicha o‘zlarining jismoniy tayyorgarligini sinovdan o‘tkazmoqda.

  -Bugun Samarqand davlat universitetida ijodiy imtihonlarning to‘rtinchi kuni. Yoshlar imtihonga o‘zgacha shijoat bilan kirishgan,- deydi xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashidagi O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi guruhi rahbari, deputat Shohrux Alibekov. – Ijodiy imtihonlarda mahalla faollari, IIB, prokuratura, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari kuzatuvi sifatida qatnashmoqda. Bu jarayonlarni xolis o‘tishini ta’minlaydi.

Behruz SHAMSIDDINOV,
SamDU Axborot xizmati xodimi
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar