Ixtiyor Yoqubov 2014-2018-yillarda Samarqand davlat universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi o‘qituvchisi sifatida faoliyat olib borgan. 2018-yildan boshlab Muğla Sıtkı Koçman Üniversitesi ning turk tili va adabiyoti yo‘nalishi doktaranti.

Ixtiyor Yoqubovning “Boborahim Mashrab qo‘lyozma asarlarining til xususiyatlari” mavzusida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Uning maqsadi XVII asrdan keyingi davr o‘zbek adabiyotini Turkiyada, butun dunyoda targ‘ib etish.

Tadqiqotchi Boborahim Mashrab asarlarini turk tiliga tarjima qilmoqda, shuningdek Turkiyada o‘zbek tili to‘garagini tashkil qilib, o‘zbek tilidan saboq bermoqda. Ixtiyor Yoqubov Ozorbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalarda “Boborahim Mashrabning yangi devoni”, “O‘zbek tilining dunyo tillari orasidagi o‘rni” mavzularida ma’ruzalar qilgan

Istanbulning “Kesit” nashriyotida “O‘zbekcha o‘rganamiz” nomli o‘quv qo‘llanma chop etilgan. Bu darslikdan Turkiyadagi turk tili va adabiyoti yo‘nalishida o‘qiydigan talabalar foydalanishi ko‘zda tutilgan.

-Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasi "O‘zbek tili do‘stlari" klubining a’zosiman, -deydi Ixtiyor Yoqubov. - Bu klubda universitet o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida o‘zbek tili va madaniyati, urf-odatlari mavzularida turli tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkaziladi. Turkiyada o‘zbek tili va adabiyotiga qiziqish katta. Mening orzuyim o‘zbek adabiyotini dunyo uzra keng yoyish. O‘zbek-turk xalqlari do‘stligiga, qardoshligiga o‘zbek –turk adabiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shish.

Behruz SHAMSIDDINOV,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar