Bugun 13-avgust kunidan boshlab, Samarqand davlat universiteti O'zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti magisturatura bosqichiga kirish imtihonlari boshlandi. Imtihon test sinovlari shaklida bo’lib, 4 smenada o’tmoqda. Bugun jami 24 guruh imtihonda qatnashmoqda.

   Imtihonlarning shaffof, ochiq tarzda o’tkazilishini ta’minlash maqsadida uni imtihon.edu.uz sayti orqali jonli efirda kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.

   Magistratura bosqichiga imtihonlar 2 bosqichda bo’lib, birinchi bosqichda talabalar mutaxassislik fanlaridan test sinovlari asosida o'z bilimlarini sinovdan o’tkazadilar.

   Jami savollar soni 50 ta. Har bir javobga 2 balldan berilib, talaba jami 100 ballni qo’lga kiritish imkoniyatiga ega. Ushbu bosqichdan 56 ball va undan yuqori natijani qayd etgan talabalargina ikkinchi bosqich, ya’ni chet tili fanidan bo’ladigan sinovlarda qatnashishi mumkin.

   -Samarqand davlat universiteti O'zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti magisturatura bosqichiga 14 mutaxassislik bo’yicha jami 989 ariza kelib tushgan, -deydi Samarqand davlat universitetining O’zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti magistratura bosqichiga kirish imtihonlari uchun mas’ul xodim Shahriddin Muranov. - Ikki kun davomida 4 smenada, jami 40 guruhga bo’lingan holda imtihonlar tashkil etilgan. Sinov jarayonlarini imtihon.edu.uz sayti orqali onlayn translatsiya qilish yo’lga qo’yilgan bo’lib, bu uning ochiq, shaffof, ortiqcha harakatlarsiz o’tishini ta’minlaydi.

   Ma’lumot uchun, Samarqand davlat universiteti O'zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti magisturatura bosqichiga kirish imtihonlari 14-avgust kuni ham davom etadi.

Behruz SHAMSIDDINOV,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.