Samarqand Davlat universitetida cho’l yaylov ekologiyasi va ulardan oqilona foydalanish muammolariga bag’ishlangan seminar o’z ishini boshladi

2019 yilning 23-24 sentyabr kunlari Samarqand Davlat universitetida “Yaylovlardan oqilona foydalanish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar o’tkazildi. Ushbu seminarda yaylovlarni boshqarish va yaylov resurslaridan oqilona foydalanishning jahondagi zamonaviy yondashuvlari va usullari muhokama qilindi.
Mazkur seminar AQShning Nevada universiteti va Yuta davlat universitetlari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Seminarda AQShdagi hamkor universitetlardan yaylov ekologiyasi va boshqaruvi bo’yicha katta tajribaga ega bo’lgan 3 nafar yaylovshunos mutaxassislar (D-r. Berri Perriman, Erik Saker, Bred Shuls) tashrif buyurdi va qator ma’ruzalar bilan qatnashishdi. Shu o’rinda aytib o’tish joizki, bugungi kunda AQSh davlati yaylov boshqaruvining ilmiy asoslarini yaratish bo’yicha dunyo miqyosida yetakchi o’rinni egallaydi. Ushbu mamlakat olimlari tomonidan yaylovlardan oqilona foydalanish bo’yicha qator zamonaviy ekologik yondashuvlar, innovasion g’oyalar ishlab chiqilgan va amaliyotga keng joriy qilinmoqda.
Seminar ishida mamlakatimizdagi sohaga tegishli mahalliy tashkilotlardan hamda O’zbekistonda faoliyat ko’rsatayotgan xorijiy tashkilot vakolatxonalaridan mutaxassislar ishtirok etishdi. Xususan, O’zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti, O’zgeodezkadastr davlat qo’mitasi, Innovasion rivojlantirish vazirligi, Qorako’lchilik va cho’l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti, BMTning Taraqqiyot dasturi (UNDP) hamda BMTning Oziq-ovqat tashkiloti (FAO) vakillari faol qatnashishdi.
Ushbu seminarning davomi sifatida yaylov ekologiyasi sohasiga tegishli ta’lim yo’nalishlarida tahsil olayotgan magistr talabalar uchun mo’ljallangan o’quv trening kursi 26 sentyabrdan boshlab o’z ishini boshladi. Mazkur o’quv kursida SamDU talabalari bilan birgalikda cho’l-yaylov hududlarida joylashgan oliy ta’lim muassasalaridan, xususan Qoraqalpoq Davlat universiteti, Urganch Davlat universiteti, Buxoro Davlat universiteti, Termiz Davlat universiteti hamda Qarshi Davlat universitetlaridan kelgan magistr talabalar ishtirok etishmoqda. 10 kun davom etadigan ushbu seminarda magistrlar O’zbekiston va AQSh yaylov ekotizimlari, ularning o’simliklar qoplamini o’rganish hamda yaylov tabiiy resurslaridan oqilona foydalanish bo’yicha zamonaviy bilim va ko’nikmalarga ega bo’ladilar.
Mutaxassislar va talabalar uchun mo’ljallangan bu kabi seminar va o’quv kurslarining o’tkazilishi O’zbekiston hukumati tomonidan cho’l yaylov resurslaridan oqilona foydalanish hamda ushbu yo’nalishda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash sohalarida qabul qilingan Farmon va Qarorlar ijrosini ta’minlashda xizmat qiladi.