Samarqand davlat universitetining magistratura bosiqichida jami 40 mutaxassislik uchun 2167 nafar abituriyent o‘qish istagini bildirgan. Kirish imtihonlari 17-20 avgust kunlari, 92 guruhga bo‘linib, 4 smenada, karantin qoidalariga qat’iy rioya etgan holda bo‘lib o‘tadi. Bugun 17-avgust kuni ilk imtihonlarga start berildi.
  Gavhar Siddiqova, abituriyent:
   - Samarqand davlat universitetining filologiya fakulteti magitratura bosqichiga imtihon topshirish uchun keldim. Bu yerda abituriyentlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Karantin qoidalariga qat’iy rioya etilmoqda. Men ham hozir imtihonga kirish arafasidaman. Albatta kuchli hayajondaman. Lekin imtihonga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganligim sababli yaxshi natija olishimga ishonyapman.
  Bugunning o‘zida 21 guruh abituriyentlar Eksperimental agrokimyo, O‘simliklar himoyasi, Dorivor o‘simliklar yetishtirish biotexnologiyasi, Adabiyotshunoslik: o‘zbek adabiyoti, Lingvistika: o‘zbek tili kabi mutaxassisliklar uchun imtihon topshirdi.
Imtihonlar ochiq, shaffof va adolatli tarzda, test sinovlari shaklida bo‘lib o‘tmoqda. Shuningdek, imtihonlarni imtihon.edu.uz sayti orqali jonli efirda kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.
  Farida Mo‘minova, abituriyent:
   - Imtihonni yaxshi natija bilan topshirdim. Imtihon shaffof, adolatli tarzda bo‘lib o‘tdi. Barcha tarafda kuzatuv kameralari, nazoratchilar imtihonning ortiqcha harakatlarsiz bo‘lishini ta’minladi. Xudo xohlasa keyingi bosqichda ham yaxshi natija olishga harakat qilaman. Barcha abituriyentlarga omad tilayman.
   Ma’lumot uchun, imtihonlar 20-avgust kuniga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati
Shavkat Akramov olgan suratlar
.