Samarqand davlat universiteti doktoranti Farhodjon Xamrakulov: Bugungi kunda Samarqand davlat universiteti observatoriyasida doimiy kuzatuv ishlarini olib bormoqdamiz...

Samarqand davlat universiteti fizika fakulteti doktaranti Farhodjon Xamroqulov. “Qisqa davrli pulsasiyalanuvchi o‘zgaruvchan yulduzlarning amplituda modulasiya qiymatini o‘zgarishini fotometrik tadqiqoti” mavzusida ilmiy rahbari bilan hamkorlikda izlanish olib bormoqda. Ilmiy rahbari O‘zRFA astronomiya instituti laboratoriyasi mudiri, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Otabek Burxonov hamda Sibir davlat fan va texnologiyalar universiteti professori Yevgeniy Gennadyevich Lapuxin.
Koinotda ko‘plab yosh evolutsion bosqichda bo‘lgan yulduzlar noturg‘unlikni har xil davrlarga ko‘ra pulsatsiyalanish jarayoni bilan namoyon etadi. Pulsatsiyalanish jarayonida yulduzlar yorqinligining qiymati o‘zgarib turadi. Doktorantimiz shunday o‘zgaruvchan yulduzlardan qisqa davrli pulsatsiyanishlarni Samarqand va Maydanak balandtog‘ observatoriyasida kuzatishlar natijasida fotometrik tadqiqot ishlarni olib bormoqda.
Ushbu kuzatuv natijalari nufuzli ilmiy jurnallarda chop qilib borilmoqda. Jumladan, Scopus bazasidagi jurnallarda 2 ta, respublika ilmiy axborotnomalarida 10 dan ortiq ilmiy maqolalari OAK ro‘yxatidan o‘tgan jurnallarda chop etilgan.
Farhodjon Xamrakulov 2019-yil “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendianti bo‘lgan. 2019-2020-yillarda Krasnayarsk shahrida akademik Reshetov nomidagi Sibir fan va texnologiyalar universitetida airokosmik tadqiqotlar hamda astrofizika yo‘nalishlari bo‘yicha 6 oylik stajirovka o‘tab kelgan.
- Bugungi kunda Samarqand davlat universiteti observatoriyasida doimiy kuzatuv ishlarini olib bormoqdamiz, - deydi Farhodjon Xamrakulov. - Hozirgi kungacha 10 dan ortiq yulduzlarning fizik parametrlarini aniqlab o‘rgandim. Endilikda, tadqiq etilmagan yulduzlarni o‘rganib, ilm-fanimizni yanada rivojlantirish niyatidaman. Buning uchun Samarqand davlat universitetida barcha sharoitlar yetarli. O‘zbek astronomiyasi Mirzo Ulug‘bek davridagi o‘rnini, albatta, qaytarib oladi.




Behruz SHAMSIDDINOV,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.

