Samarqandlik talabalar tashabbusi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo’llab-quvvatlandi, dunyo bo’ylab aks-sado berdi...
2020 yil 25 dekabr. Toshkent shahri. Mazkur sana tarix sahifalariga nafaqat poytaxtimizda Yoshlar forumi o’tkazilgani, anjumanda mamlakatimiz rahbari ishtirok etgani bilan balki, Samarqandlik talabalar taklifi inobatga olinib, O’zbekiston talabalari assosiasiyasiga poydevor qo’yilgani bilan ham muhrlanadi...
2021 yil 22 yanvar. Samarqand davlat universiteti. O’zbekiston talabalari assosiasiyasining tashkiliy forumi onlayn tarzida bo’lib o’tdi. Forumda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari hamda xorijdagi nufuzli oliy o’quv yurtlarining 100 dan ortiq talabalari qatnashib, o’zaro fikr almashishdi. Jami ishtirokchilar soni 500 ga yaqinlashgani dunyo yoshlarini bir-birini tushunishi osonligini, bir-birini tez anglashini amalda ko’rsatdi.

O’zbekiston talabalari assosiasiyasi forumida shuningdek, Osiyo universitetlari, Ipak yo’li davlatlari universitetlari, Moskva davlat universiteti tomonidan boshqariladigan Yevroosiyo universitetlari assosiasiyalari rahbariyati, mutasaddilari ishtirok etib, O’zbekiston talabalari tashabbusini bir ovozdan qo’llab-quvvatladilar.
Forum ishida AQSh, Germaniya, Yaponiya, Hindiston, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Qozog’iston, Belarus, Vengriya, Isroil, Qirg’iziston kabi xorijiy mamlakatlarda tahsil olayotgan O’zbekistonlik talabalar va ularning kursdoshlari ham faol ishtirok etib, fikr-mulohazalarini bildirdi.
O’zbekiston talabalar assosiasiyaning tashkil etishdan ko’zlangan maqsad nafaqat O’zbekiston oliy o’quv yurtlari balki, butun dunyo yoshlari uchun muloqot maydoni yaratish, tajriba almashish va jahon yoshlarining o’zaro birdamligiga erishishdir.

Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, Isroil Xolon texnologiya instituti prezidenti Eduard Yakubov, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri o’rinbosari Yusuf Absoatov, Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha o’rinbosari Xurshid Ochilov forum ishtirokchilarini tabriklab, O’zbekiston talabalari assosiasiyasining kelgusi ishlariga muvafaqqiyatlar tilashdi.
Samarqand shahri. Yillar, asrlar o’tadi. Samarqandlik yoshlar tashabbusi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev e’tibor va g’amxo’rligi bilan dunyoga kelgan mazkur tuzilmaning Parijda, Vashingtonda, Berlinda, Nukusda, Minskda, Moskvada, Ostonada, Ashxabodda, Dushanbeda, Bishkekda bo’lib o’tadigan forumlarida minnatdor avlodlar Samarqand davlat universitetida ta’sis yig’ilishi o’tkazilgan, O’zbekiston talabalari assosiasiyasiga ta’mal toshini qo’yganlarni nomini bir-bir eslashadi...
Samarqand davlat universiteti
Matbuot xizmati

