-Tarix va bugunni bogʼlash yoʼlida olib borilgan juda koʼp tatqiqotlarni koʼrganman. Lekin mening nazarimda eng mukammal bogʼlanish va uzviylik bu - Mirzo Ulugʼbek oliy madrasasi va Samarqand davlat universiteti oʼrtasidadir. Toʼgʼrisi bu izlanishlar boshlanganiga salkam chorak asr boʼldi. Oradan oʼtgan vaqt tarixiy haqiqatlarni ochish, yangi-yangi manbalar bilan boyitish, mutahkamlash uchun yetarli, deb oʼylayman. Men Samarqand davlat universiteti jamoasini butun Oʼzbekiston xalqini mazkur yubiley bilan tabriklayman. Ushbu masalaga bagʼishlangan xalqaro konferentsiya minbaridan foydalanib oʼzimni murojaatimni yoʼllayman.

Dunyoga mashhur oʼzbek hukmdori va astronomi Ulugʼbek 1420 yilda Samarqandda madrasa va Rasadxona tashkil qildi. Bu fan va taʼlim tarixidagi oltin yutuq edi. Ulugʼbek madrasasi ulkan salohiyatga ega taʼlim muassasasiga aylandi va Samarqand davlat universiteti timsolida hozirgi davrgacha yetib keldi. Taʼlim dargohlarining ilmiy izlanishlar va oʼqitish sohasidagi anʼanalari va tajribasi, asrlar davomida muassasaning oʼziga xos muhitini saqlagan holda, oʼzgaruvchan davrlarda taraqqiyot va barqarorlikka moslashuvchanlikni ragʼbatlantiradi. Shu maʼnoda, Samarqand davlat universiteti mumtoz oliy taʼlim dargohi hisoblanmish madrasaning zamonaviy universitetga aylanishiga yaqqol namuna boʼla oladi. Bu dargoh ilm, bilim va taʼlim uzluksizligini saqlagan oʼtmish bilan hozirgi kun oʼrtasidagi bogʼliqlik mahsulidir.

Markazimiz koʼp masalalar qatorida taʼlim muassasalari tarixini oʼrganish borasida ham izlanishlar olib boradi. IRSIKА Islom hamkorlik tashkilotining madaniy organi boʼlib 56 aʼzo davlatga ega hukumatlararo tadqiqot markazi hisoblanadi. IRSIKА tadqiqot va nashriyot faoliyati bilan ham shugʼullanadi, ilmiy kongresslar tashkil qiladi, islomshunoslikning barcha sohalarida tarixiy va zamonaviy maʼlumotlardan iborat kutubxona va arxivlarni yuritadi, tadqiqotlar olib boradi va eski kitoblar, qoʼlyozmalar, tarixiy asarlar va meʼmoriy merosni saqlash boʼyicha mashgʼulotlar oʼtkazadi. Turli xil dasturlar orqali Islom sanʼatini targʼib qiladi. Ilm-fan va taʼlim tarixi IRSIKА faoliyat dasturlarining asosiy mavzularidan biri boʼlib, oʼtmish va hozirgi davr Islom sivilizatsiyasi doirasidagi ilm-fan va bilimlarni qamrab oladi. IRSIKА tomonidan Islom olamining tarixiga, fanlari, olimlari va taʼlim muassasalariga bagʼishlagan koʼplab simpoziumlar, ilmiy ishlar va maʼlumotnomalar, shu jumladan biografik va bibliografik nashrlar yaratiladi. Ushbu tadqiqotlar doirasida madrasalar va universitetlarga tez-tez murojaat qilinadi. Madrasalarning tashkil etilishi islom taʼlimi tarixidagi eng katta yutuq boʼlib, butun dunyoda universitetlarning rivojlanishiga ham taʼsir koʼrsatdi. Keyingi islomiy davlatlarning hukmdorlari ham oliy maʼlumotga ega, ilm-fan homiylari boʼlganlar. Yaqin Sharq, Oʼrta Osiyo, Shimoliy Аfrika va Аndaluziyaning koʼplab shaharlarida madrasalar va kutubxonalar tashkil etilgan. Soʼnggi yirik Islom imperiyasi - Usmonli davlati ham yirik madrasalar barpo etgan hamda bir vaqtning oʼzida anʼanaviy va zamonaviy taʼlim dargohlarini yuritishga harakat qilgan.

Islom olamining ilmiy poytaxtlari oʼrtasida bilimlar almashinuvi boʼlib oʼtgan. Samarqand rasadxonasida tayyorlangan Ulugʼbekning Zij jadvali Usmonli astronomlari uchun taqvimlar yaratishda muhim qoʼllanma boʼldi. Samarqand geografiya va astronomiya maktabi islom olamining geografiya va kartografiyaga oid bilimlari uchun asosiy manbalarni yetkazib berdi. Qozizoda Rumiy va Аli Qushchi kabi Usmonli astronomlari Samarqandda Jamshid Koshiy kabi hamkasblari bilan birgalikda ishlagan va dars bergan. Аsrlar davomida madrasalar jamiyat rivojida taʼlim markazlari sifatida hal qiluvchi rol oʼynagan. U yerda ilohiyot va diniy fanlar bilan bir qatorda matematika, geometriya, mantiq, tabiiy fanlar, astronomiya va astrologiya boʼyicha maʼruzalar oʼqilgan. Islom olamining turli mintaqalaridagi XX asrning bir qator universitetlari oldingi madrasalarning vorislari hisoblanadi. Xuddi shu kabi, zamonaviy Oʼzbekistonning taniqli universiteti boʼlgan Samarqand davlat universiteti ham Ulugʼbek madrasasining bevosita vorisi sanaladi.

Markazimizning fan tarixi boʼyicha loyihalari va nashrlarida Samarqand rasadxonasi va madrasasi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar koʼplab keltirilgan. 1994 yilda IRSIKА va Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi hamkorligida “Islom dunyosidagi fan va texnologiyalar” mavzuida xalqaro simpozium tashkil etildi. 2004 yilda Samarqand davlat universiteti professori Boturxon Valixoʼjaev qalamiga mansub «Ulugʼbek davri madrasalari» asarining turk tilidagi nashri IRSIKА tomonidan chop etildi. Bizning Oʼzbekiston hukumati huzuridagi madaniyat idoralari va Oʼzbekiston universitetlari, akademik institutlari bilan keng va faol hamkorligimiz Oʼzbekistonning Islom dunyosida madaniyat va maʼrifat rivojiga qoʼshgan hissalarini oʼrganish uchun koʼplab kontekstlarni taklif qiladi.

Samarqand davlat universiteti jamoasini yubiley bilan samimiy tabriklayman. Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligiga hamda Samarqand viloyat hokimligiga oʼz minnatdorligimni izhor qilaman.