U.E. SamDUda ishlamaydi.

Oliy oʼquv yurtlarida “prorektor yordamchisi” shtati yoʼq
2020 yil 9 sentyabr kuni Zarnews.uz (“SamDU prorektori yordamchisi talabadan 800 dollarni olayotganda qoʼlga tushdi”), Kun.uz (“Qoʼqonda fakultet dekani 3 ming dollar, Samarqandda prorektor yordamchisi 800 dollar bilan qoʼlga tushdi”), Darakchi.uz (“Samarqand davlat universiteti prorektorining yordamchisi talabadan 800 dollarni olayotganda qoʼlga tushdi”), Xabar.uz saytlarida (“SamDU prorektori yordamchisi qoʼlga tushdi”) sarlavhalari ostida axborot berilgan.
Sizga shuni maʼlum qilamizki, axborotda keltirilgan U.E. ism - sharifli shaxs SamDUda ishlamaydi.
Huquq-tartibot idoralari hamda OАVlari maʼlumot tarqatishda qonunchiligimizda belgilanganidek, toʼliq tekshirilgan, asosli manbalarga tayansalar, maqsadga muvofiq boʼlardi. Аslida SamDUga umuman aloqasi boʼlmagan shaxsni, shtatlar jadvalida yoʼq lavozim bilan atash, jamoatchilikni chalgʼitishga, ortiqcha gap-soʼzlar koʼpayishiga olib keladi. Maʼlumot oʼrnida bilishingizni istardikki, oliy oʼquv yurtlarida “prorektor yordamchisi” shtati yoʼq.
Mazkur eʼtirozlarni inobatga olib, ushbu axborotga tegishli tartibda tuzatish berishingizni soʼraymiz.
Samarqand davlat universiteti Matbuot xizmati.

