2020 yil 17 sentyabr kuni Samarqand davlat universitetida yangi tashkil etilgan Аgrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti va АQShning Nevada universiteti (Reno) Qishloq xoʼjaligi, biotexnologiya va tabiiy resurslar fakulteti professor-oʼqituvchilari va olimlari oʼrtasida virtual konferensiya boʼlib oʼtdi. Konferentsiyada fakultetlar oʼrtasida oʼquv, ilmiy va kadrlar almashinuvi sohalarida hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Nevada universiteti (Reno) tomonidan fakultet dekani prof. Bill Peyni va shu fakultetning 10 ga yaqin yetakchi olimlari konferensiyada ishtirok etdi. Oʼz navbatida, SamDU tomonidan Xalqaro aloqalar boʼyicha prorektor M.G.Nosirov boshchiligida Аgrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti kafedra mudirlari va 20 ga yaqin kafedra professor-oʼqituvchilari ishtirok etdi. Konferensiyada ikkala fakultet va uning kafedralarida faoliyat olib borayotgan professor-oʼqituvchilar hamda fakultetdagi oʼquv ishlari va ilmiy-tadqiqot yoʼnalishlari bilan konferensiya ishtirokchilari tanishtirildi. Onlayn konferensiya ikki tomon professor-oʼqituvchilari va olimlari tomonidan muzokoralarga boy boʼldi. Konferensiyaning birinchi qismida universitetlar oʼrtasida kelgusida amalga oshirilishi muhim boʼlgan hamkorlik ishlari kelishib olindi.

Konferensiyaning ikkinchi qismida Samarqand davlat universiteti va Nevada universiteti (Reno) hamkorligida choʼl-yaylovchiligi yoʼnalishida qoʼlga kiritilgan ilmiy-tadqiqot loyihasi va uni amalga oshirish bosqichlari muhokama qilindi. Mazkur loyiha АQShning Oʼrmon Xizmati vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan.