Samarqand davlat universitetida fitobar tashkil etildi

Samarqand davlat universitetida dorivor o‘simliklardan muntazam foydalanishni universitet jamoasi va talabalari o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida fitobar ish boshladi. Ushbu fitobar faoliyati universitetda yangi tashkil etilgan Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan yo‘lga qo‘yildi. Xususan, fakultetning Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi bakalavr ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar fitobarning asosiy targ‘ibotchilari hisoblanadi. Mazkur fitobarda mamlakatimiz tabiatida yovvoyi holda o‘suvchi 25 turdan ortiq shifobaxsh dorivor o‘simlik va giyohlardan tayyorlangan damlamalar ishchi-xodimlar, o‘qituvchilar va talabalarga iste’mol uchun taklif etilmoqda.
2020 yilning 28 noyabr kuni fitobarning kengaytirilgan ko‘rinishi tashkil etildi. Mazkur tadbirda Toshkent shahridan Samarqand viloyatiga tashrif buyurgan 30 dan ortiq mehnat faxriylari, universitetimiz professor-o‘qituvchilari va talaba yoshlar ishtirok etishdi. Fitobarni tashkil etishda faol qatnashgan iqtidorli yosh fitotexnolog talabalarga faxriy yorliqlar, kitoblar sovg‘a qilindi.
Tadbir ishtirokchilari uchun turli shifobaxsh damalamalar tayyorlandi. Ularning inson salomatligiga foydali jihatlari talabalar tomonidan atroflicha tushuntirildi. Fitobarda 15 dan ortiq dorivor o‘simliklardan tayyorlangan damlamalar ishtirokchilarga taqdim etildi. Jumladan, moychechak, na’matak, dalachoy, zanjabil tuganagi, qirqbo‘g‘im, marvarak, qushqo‘nmas, makkajo‘xori popugi va o‘rik kabi shifobaxsh o‘simliklarning damlamalari va sharbatlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir doirasida dorivor giyohlardan foydalanishni Samarqand viloyati aholisi o‘rtasida yanada kengroq targ‘ib qilish maqsadida ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan mahalliy va xorijiy tashkilotlar ham taklif etildi. Jumladan, tadbirda “Zamona Rano” va “Siberian Wellness” tashkilotlari o‘z mahsulotlari bilan qatnashib, dorivor o‘simliklardan tayyorlangan damlamalarni ishtirokchilarga taklif etdi.
Universitetda tashkil etilgan fitobar universitet jamoasi o‘rtasida dorivor o‘simliklardan keng foydalanishni targ‘ib qilish borasidagi faoliyatini muntazam ravishda kengaytirib boradi.