Bugun poytaxtimizdagi muhtasham Kongress markazida Yangi O'zbekistonning o'ziga xos an'anasiga aylanib ulgurgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi keng jamoatchilik tomonidan tinglandi.

  Yurtimiz kelajagiga befarq bo'lmagan faol yoshlar qatorida men ham video selektor orqali o‘tkazilgan mazkur yirik siyosiy tadbirda ishtirok etdim.

  Prezident o‘z ma’ruzasida mamlakatimizda o‘tgan bir yil davomida amalga oshirilgan ishlar va 2021-yilda oldimizda turgan eng ustuvor vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritdi.

  Dastlab, yurtboshimiz tomonidan bugungi murakkab pandemiya davri va uning dunyo xalqlariga keltirgan zarari to‘g‘risida aytib o‘tildi, pandemiyaga qarshi kurashish uchun 200 mingdan ziyod tibbiyot xodimi jalb etilganligi, uning oqibatlarini yumshatish uchun 82 trln so‘mlik chora-tadbirlar amalga oshirilganligini ta’kidlandi.

  Barcha yoshu-qari mazkur Murojaatnomani har yili intizorlik bilan kutishga odatlanganmiz. Har yili yangi yil oldidan yillarga nom berish va undan kelib chiqib, davlat dasturlarining e’lon qilinishi hamda amaliy say-harakatlarning olib borilishi an’anaga aylangandir.

  To‘g‘risi, yaqinlashib kelayotgan yangi 2021-yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deya nom berilishi biz yoshlar uchun kutilmagan yangi yil sovg‘asi bo‘ldi hamda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini olib borishdagi amaliy ishlarning nafaqat yoshlar balki butun xalqimizning huquq-manfaatiga xizmat qilishi va ularning uzviy davomi bo‘ldi deb bemalol aytish mumkin.

  E’tibor qaratadigan bo‘lsak, Murojaatnomada ilgari surilgan har bir masala o‘ta dolzarb va insonparvarlik prinsiplariga tayanadi.

  Davlatimiz rahbari tomonidan Murojaatnomada oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlari 2016-yilga nisbatan 2,5 barobarga o‘sganligi,yoshlarimizni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 25 %ga yetganligi, kelgusi yil 30 ta yangi maktab qurish, 320 ta maktabni ta’mirlash uchun byudjetdan 2 trln so‘m ajratilishi, "El-yurt umidi" jamg‘armasi orqali xorijga o‘qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshirilishi, ilk bor bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha 200 nafar o‘g‘il-qiz jo‘natilishi, 2021-yilda O‘zbekistonda 10 ta Prezident maktabi, kimyo, biologiya, matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 197 ta maktab o‘z faoliyatini boshlashi aytib o‘tildi.

  Murojaatnomani eshitar ekanman, yoshlarning bir vakili sifatida o‘zimda kelajakka ishonch, o'zgacha kuch va yangi loyihalar uchun ajoyib motivatsiya paydo bo‘ldi, shu bilan bir qatorda ulkan mas’uliyatni ham his etdim.

  Ishonamanki, bugungi tashabbuslar jamiyat hayotida o'z o'rnini topib kelayotgan kelajak avlodning nurli istiqboli uchun xizmat qiladi va bularni amaliyotga joriy etish jarayonida barcha mas’ullarni eng chekka, olis hududlardagi yoshlar bilan tizimli ishlashga, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga undaydi.

  Xulosa qilib aytadigan bo'lsam, mazkur Murojaatnoma bugungi kun yoshlarining o‘ylagan barcha ezgu intilishlari ro‘yobi uchun dasturilamal sifatida xizmat qilishiga ishonaman.

Аllayor Norboyev - Samarqand davlat universiteti Yoshlar yetakchisi