2021 yilning 25 mart kuni Kimyo fakulteti “Noorganik kimyo va materialshunoslik” kafedrasi tomonidan kafedraga biriktirilgan 1-bosqichda tahsil olayotgan talabalarning ota-onalari bilan “Talaba-yoshlar tarbiyasida oliy ta’lim muassasasi va ota-onalar hamkorligi” shiori ostida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvni “Kimyo” fakulteti dekanining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari M.Mamirzayev olib bordi. Yig‘ilishda kimyo fakulteti dekani, dotsent N.Musulmonov, “Noorganik kimyo va materialshunoslik” kafedrasi mudiri, dotsent Z.Normurodov, fakultet dekanining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, assistent D.Qurbonova, guruh murabbiylari, ota-onalar hamda talabalar ishtirok etishdi. Yig‘ilishni Fakultet dekani kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilishda ishtirok etayotgan talabalarning ota-onalarini bugungi yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, talabalarga yaratilgan shart–sharoitlar, xorijiy davlatlar bilan tuzilgan shartnoma va hamkorlik aloqalari, o‘qitishning modul kridit tizimi, talabalarning darslarga qatnashishi, kiyinish madaniyati, jinoyatchilikning oldini olish, tamaki mahsulotlari va narkotik moddalarning salbiy oqibatlari, talabalarning universitet ARMga a’zoligi va boshqa tegishli bo‘lgan masalalar yuzasidan ularning ota-onalarini yaqindan, atroflicha tanishtirish va ota-onalar bilan farzandlari tarbiyasi borasida mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ekanligini takidladi.

  Shundan so‘ng “Noorganik kimyo va materialshunoslik” kafedrasi mudiri, dotsent Z.Normurodov so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligi, universitetning xorijiy davlatlar OTMlari bilan hamkorlik aloqalari, talabalarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ularning bugungi kun islohotlaridan xabardorlik darajasi, talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari, va tayinlanadigan stipendiyalar, talaba yoshlar tarbiyasida ota-onalarning mas’uliyati borasida so‘z yuritdi.

  Tadbir davomida ota-onalar va talabalardan berilgan savollarga yig‘ilish tashkilotchilari tomonidan aniq hamda atroflicha ma’lumotlar berildi. Yig‘ilish so‘ngida ota-onalarga fakultetning QVZ “Dinamit” jamosi chiqishlari namoyish qilindi.