Samarqand va Istanbul universitetlari hamkorlikda simpozium o‘tkazdi

Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan Istanbul universiteti bilan birgalikda “Turk dunyosida ta’lim, ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik va o‘zaro ta’sir” mavzusida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi.
Simpoziumni tashkil etishdan asosiy maqsad ikki qardosh xalqning rivojlanib borayotgan aloqalarini yanada mustahkamlash, ushbu munosabatlarni ta’lim, ilm-fan, zamonaviy axborot texnologiyalari sohasida ham yanada kuchaytirishdir.
Tadbirda Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, Istanbul universiteti rektori Mahmud AK rahbarligidagi olimlar deligatsiyasi ishtirok etdi.
Dastlab, O‘zbekiston va Turkiya Respublikalarining davlat madhiyasi yangradi.
Turkiyadan onlayn tabrik yo‘llagan Istanbul universiteti adabiyot fakulteti dekani Hayati Develi ikki universitet hamkorligida tashkil etilgan ushbu simpozium turk dunyosi ziyolilarining ilm yo‘lida birlashishi uchun tashlagan muhim qadamlardan biri ekanligini alohida ta’kidladi.
Olgan Bekar, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:
- Turkiya asl ota makon hisoblanuvchi O‘zbekiston, o‘zbek xalqi bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish tarafdori. Bizning ilm-fan, san’at, madaniyat sohasidagi hamkorligimiz uzoq tarixga borib taqaladi. Samarqand va Buxorodan yetishib chiqqan olimlarning qanchadan qanchasi turk diyorida yashab, ijod qilgan. Bugun o‘tayotgan simpozium ham tili va dini bir, asrlar davomida og‘a-ini bo‘lib yashab kelayotgan qardosh ikki xalq, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga, buyuk allomalar merosini o‘rganish, kelajak avlodga yetkazishda, hamjihatlikda ish olib borishga xizmat qilishi shubhasiz.
Rustam Xolmurodov, Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi:
- O‘zbekistonimiz qadimdan ilm-ma’rifat, ta’lim markazi bo‘lgan. Mana hozir Mirzo Ulug‘bek madrasasidamiz. Bu ulug‘ dargohda Alisher Navoiy, Qozizoda Rumiy, Muhammad Havofiy, Ali Qushchi kabi buyuk olimlar ilm olgan.
Bugun Ulug‘bek madrasasida Istanbul universiteti rektori rahbarligidagi taniqli olimlar, Turkiyaning Favqulodda va muxtor elchisi janob Olgan Bekir va jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda tashkil etgan ushbu tadbirimiz aynan shu tarixga, istiqbolda biz hamkorlikda nima yumushlar qilishimizga qaratilgan.
Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yilmoqda. Birinchi Renessans IX-XI asrlarda, ikkinchisi XIV-XVI asrlarda vujudga kelgan bo‘lsa, ikkalasining ham zamirida faqat ilm-ma’rifat yotgan. Prezidentimiz asos solayotgan Uchinchi Renessans ham shiddat bilan rivojlanib boryapti.
Biz Istanbul universiteti rektori Mahmud AK janoblari bilan suhbatlashganimizda u kishi 1454-yilda Istanbul madrasasiga asos solinganligini aytdi. Uning birinchi mudarrisi Ali Qushchi bo‘lgan. Ali Qushchi 34 yil avval, 1420-yildan boshlab, Mirzo Ulug‘bek madrasasida ko‘p yillar mudarrislik qilgan. Bizlarni bog‘lab turadigan eng muhim jihatlardan biri shudir.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning yangi tarixida xalqaro hamkorlik bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshiryapti. Shu jumladan, turkiy mamlakatlar bilan, yaqin qo‘shnilar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, va buning zamirida O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy holatini, xalqimizning yashash sharoitlarini yanada yaxshilash choralarini ko‘rmoqda.
Ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining rivojlanish yo‘lida birlashishi tashabbusi juda muhim voqea. Bir vaqtlar ushbu xalqlarni bir-birini ijtimoiy-iqtisodiy, savdo-sotiq jihatidan bog‘laydigan yo‘llar mavjud bo‘lgan bo‘lsa, Prezidentimiz ushbu yo‘lni qayta tiklamoqda. Bizning bugungi o‘tkazayotgan ushbu simpoziumimizda ham, keyingi bo‘lib o‘tadigan xalqaro anjumanlarimizda ham ushbu g‘oya mujassamdir.
Mahmud AK, Istanbul universiteti rektori, professor:
- So‘zimni boshlashdan oldin alohida ta’kidlashni istayman, biz Samarqand davlat universiteti bilan ushbu simpoziumni o‘tkizishni ikki yil avval reja qilgan edik. Ba’zi bir sabablarga ko‘ra, ushbu simpozium bir yilga orqaga surildi. Bu simroziumga Turkiya Respublikasidan 38 olim qatnashmoqda.
Hurmatli ishtirokchilar, turk, islom dunyosining markazi hisoblanuvchi O‘zbekiston asrlar mobaynida ko‘plab olimlarni bizga yetishtirib bergan. Samarqand shahri tarixiy madrasalari va madaniy meroslari bilan dunyo e’tiborini tortgan buyuk shahardir. Xususan, Imom al-Buxoriy, Imom Moturudiy kabi islom dunyosining buyuk olimlari ushbu tuproqda dunyoga kelgan.
Shuningdek, Samarqand davlat universiteti bilan birganlikda olib borayotgan simpoziumga mezbonlik qilayotgan Mirzo Ulug‘bek madrasasi o‘zining tarixiy salobatini saqlab turibdi. Madaniyat markazi bo‘lgan O‘zbekiston bilan munosabatlarimizning yuqori saviyaga chiqishi uchun harakat qilamiz. Fan sohasidagi yangiliklar, ikki davlat o‘rtasida yaxshilanib va mustahkamlanib borayotgan qardoshlik aloqalarining natijasidir. Bundan keyin ikki davlat olimlari ham nafaqat ta’lim, balki boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlik qiladi, deb o‘ylayman. Bugungi simpozium nafaqat bizga, balki kelajak avlodlarimizga ilm almashish uchun katta imkoniyat beradi.
Bu simpozium ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishiga, bundan keyingi aloqalarning yanada yaxshilanishi uchun xizmat qilishiga ishonaman.
Shuningdek, tadbirda Samarqand va Istanbul universiteti qo‘shma hamkorlik asosida o‘zbek-turk institutini ochish taklifi ham ilgari surildi.
Simpozium o‘z ishini sho‘balarga bo‘lingan holda, ma’ruza va muhokamalar shaklida davom etdi.





























Otabek SA’DULLAYEV,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.

