Aziz Sanjar 1946-yil 8-sentabrda Turkiya Respublikasining Mordin viloyati, Savur tumanida tug‘ilgan. Istanbul universitetining meditsina fakultetini tamomlagan. 1997-yildan buyon AQSh ning Shimoliy Karolina universitetida faoliyat ko‘rsatadi.Ilmiy ishlari rak bilan zararlangan hujayra DNK tizimini tuzatishning biyokimyoviy mexanizmlarini ishlab chiqqan. Ushbu tadqiqoti uchun 2015-yilda kimyo yo‘nalishida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Samarqand davlat universiteti faxriy professori. Olimning 500 ga yaqin ilmiy ishlari mavjud.

  2021-yil, 21-sentabr... Samarqand davlat universiteti kuni. Mazkur sana munosabati bilan universitetga, Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar tashrif buyurdi.

   Bu tarixiy voqea erta tongda oliy martabali mehmon va SamDU olimlarining Mirzo Ulug‘bek haykali poyiga gul qo‘yishi bilan boshlandi. Universitet kuni munosabati bilan Samarqandga kelgan aziz mehmonlar sharafiga viloyat hokimi tomonidan qabul marosimi bo‘lib o‘tdi.

   Aziz Sanjar Samarqand davlat universiteti professor - o‘qituvchilari bilan muloqoti davomida, ilmiy faoliyati, fan va ta’lim borasidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. O‘zbekiston oliy ta’limidagi islohotlarga yuqori baho berdi. SamDU kimyo fakulteti talabalariga onlayn dars o‘tayotganini bildirdi. O‘zaro munosabatlarni yanada faollashtirish borasidagi takliflarni inobatga olishini, alohida ta’kidladi.

   Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan universitet 1-kurs talabalari bilan Aziz Sanjarning uchrashuvi tashkil etildi.

  -Men bugun juda hayajondaman. Mirzo Ulug‘bek Vatanida ekanligimdan g‘oyatda baxtiyorman. Avvalo, bu imkoniyatni yaratib bergani uchun do‘stona va samimiy munosabati uchun qadrdonim, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovga minnatdorlik bildiraman,-deydi Aziz Sanjar.-O‘zbek yoshlaridagi bilimga intilish, qiziqish menda katta taassurot qoldirdi. SamDU talabalari menga ingliz va turk tillarida savollar berishdi. Ma’noli, muhim masalalarni ko‘tarishdi. Istardimki, bu ko‘zlari yonib turgan yoshlar orasidan ko‘plab, olimlar yetishib chiqsin. Buning uchun avvalo, juda ko‘p o‘qish kerak. Men bir sutkada 18 soatgacha ishlaganman. Vaqtni juda qizg‘anaman. Olim bo‘lish orzusidagi yoshlarga tilagim: Faqat ilm bilan shug‘ullanish kerak. Qolgan ishlarni o‘z egalariga qo‘yib berish zarur. Mening ilmiy faoliyatimda shunday paytlar bo‘lganki, bir-necha yillar, hech qanday natijaga erisholmaganman. Lekin qanchalik og‘ir bo‘lmasin, orqaga chekinganim yo‘q. Hatto yillab mashaqqat chekkanman. Mablag‘im yo‘qligidan laboratoriyalarda yashaganman. Bir zamonlar 50 dan ziyod oliy o‘quv yurtlariga ishlash uchun taklif yuborib, ijobiy javob olmasam ham tushkunlikka tushmaganman. Hamkasblarim tajribalarimni to‘xtatib, boshqa ish qilishni maslahat bergan. Men ulardan oldin dissertatsiyamni himoya qildim.

  Samarqand davlat universiteti men uchun juda qadrli. Buning uch eng muhim sabablarini aytmoqchiman: Birinchidan, Samarqand davlat universiteti, Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasining vorisi. Ikkinchidan, Mirzo Ulug‘bek mening orzuimdagi olim va shaxs. Uchinchidan O‘zbekiston bizning ota makonimizdir. Men Mirzo Ulug‘bek qadami tekkan, bu tabarruk tuproqni muqaddas, deb bilaman...

Farrux HAMROYEV,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati rahbari.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.