Alisher Navoiy Samarqand davlat universitetida o‘qiganmi?

Tarixiy manbalarning xabar berishicha, Alisher Navoiy 1466-1468 yillarda Samarqandda bo‘ladi. 1420 yilda faoliyatini boshlagan Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasi – Samarqand davlat universitetida tahsil oladi. Alisher Navoiyning bugungi O‘zbekiston hududida faqat Samarqandda yashagani va o‘qigani bizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Bu haqida Samarqand davlat universitetida faoliyat ko‘rsatgan akademiklar Vohid Abdullayev, Botirxon Valixo‘jayev tadqiqot olib borishgan va bu haqiqatni ilmiy asoslashgan. Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida eng muhim va salmoqli ilmiy ishlar aynan Samarqand davlat universitetida amalga oshirilgan. Mamlakatimizda taniqli bo‘lgan juda ko‘plab navoiyshunoslar SamDUdan yetishib chiqqan. Eng muhimi, bu jarayon hamon davom etmoqda. O‘zbekistonda navoiyshunoslikni Samarqandlik olimlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Samarqand davlat universitetida “Alisher Navoiyning jahon adabiyotida tutgan o‘rni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanni SamDU rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov kirish so‘zi bilan ochdi. Samarqandda shakllangan o‘zbek adabiyoti tarixi maktabining olamshumul yutuqlari nafaqat yurtimizda balki xorijda ham e’tirof etilayotgani alohida ta’kidlandi. Bugun mazkur maktab an’analarini tiklash, faoliyatini jonlantirish yuzasidan bir qator ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda chet ellik olimlarning ham o‘z o‘rni bor, albatta.
Konferensiyada Ozarbayjon milliy ilmlar akademiyasidan Habibbiylo Iso Akbar o‘g‘li “Ozarbayjon navoiyshunosligining yangi sahifasi”, Turkiya Mug‘la sitki ko‘chman universitetidan Mustafa O‘g‘urlu “Alisher Navoiy va turkiy til” mavzularidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Samarqand davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Muslihiddin Muhiddinov, taniqli adabiyotshunos olimlar Hotam Umurov, Ibodulla Mirzayev, Juma Hamroyevlarning ma’ruzalarida Alisher Navoiy ijodi, uni bugungi kunda o‘rganishning dolzarb jihatlari tahlil etildi.
Alisher Navoiy ijodini tadqiq etish bugungi kunning eng muhim masalalaridan biri hisoblanadi. Shu o‘rinda bir fikrni ham aytib o‘tmoqchiman. Nazarimizda Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetida Alisher Navoiy kafedrasi ochilishi maqsadga muvofiqdir.
Otabek Sa`dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.

