Samarqand davlat universiteti maktabgacha ta’lim fakulteti professor-o‘qituvchilari Urgut tumanidagi 121-maktab o‘quvchi va o‘qituvchilariga amaliy yordam bermoqda.

Maktabimizda 1777 ta o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularga 100 ga yaqin o‘qituvchilar saboq beradi. 2020-yildan boshlab, Samarqand viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Erkinjon Turdimovning tashabbusi bilan bizning maktabimizga SamDU maktabgacha ta’lim fakulteti domlalari biriktirilgan. To‘g‘risini aytganda boshida bu ish qanday natija berishini bilmagan edik. Lekin qisqa vaqt ichida juda katta ijobiy natijalar qo‘lga kiritilganligini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman.
SamDUning maktabgacha ta’lim fakultetida ishlayotgan barcha professor-o‘qituvchilar, dekan Baxtiyor Haydarov rahbarligida maktabimizga doimiy kelishmoqda. Ular tomonidan maktab kutubxonasiga 100 ga yaqin badiiy, ilmiy kitoblar taqdim etildi. 2020-2021-o‘quv yilida maktabimizni 129 nafar yigit qizlar bitirishadi. Buning o‘ziga yarasha mas’uliyati, javobgarligi nafaqat ota-onani yoki maktabni, balki Samarqand davlat universiteti maktabgacha ta’lim fakulteti domlalarining zimmasida. Shuni chuqur anglagan holda yil davomida SamDU domlalari o‘quvchilarimizdan barcha fanlar bo‘yicha yozma ishlar olib, ularni baholab, bitiruvchi sinf o‘quvilariga tegishli maslahatlar, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishdi. Ularga o‘z ustida ishlash, qaysi fanlarga chuqurroq e’tibor berish, qaysi fanlardan bilimlari yaxshi ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu kungacha SamDU domlalari tomonidan o‘qituvchilarimiz, ota-onalar va o‘quvchilarimiz uchun masterklasslar doimiy ravishda o‘tkazilib kelinmoqda. Domlalar nafaqat o‘quvchilarmimizga, balki o‘qituvchilarimizga ham o‘z ustida ishlash, zamonaviy texnologiyalar, chet el tajribasi, pedagogika yo‘nalishlarida taklif va tavsiyalar bermoqdalar.
Alohida e’tirof etishim kerakki, SamDU rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov bitiruvchilarimizga yana bir imtiyoz va imkoniyat berdi. Bu bitiruvchi sinf o‘quvchilarini universitet tayyorlov kurslarida bepul o‘qishidir. Bu tashabbusdan, ayniqsa, ota-onalar juda quvonishdi. Bitiruvchilar darsdan ajralmagan holda, bo‘sh vaqtlarida oliy o‘quv yurtiga kirishga alohida tayyorlanmoqdalar.
SamDU olimlari tomonidan kimyo, biologiya fanlari bo‘yicha virtual laboratoriyalar taqdim etildi. Kompyuter jamlanmalari berilish arafasida.
Men o‘z nomimdan Prezidentimizga, Samarqand viloyati hokimiga, SamDU rektori va professor-o‘qituvchilariga minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu tashabbus o‘zining ijobiy natijasini berishiga ishonaman. Olimlarning maktabga kelishi, biz bilan uchrashishi, darslarga kirishi, turli tadbirlarni birgalikda o‘tkazishimiz maktab ta’limiga sifat va mas’uliyat olib kirdi. Ma’naviyat, ma’rifat olib kirdi. Aslida bizning vazifamiz bir: ilmli, iste’dodli yoshlarni tarbiyalash. Shu yo‘lda kuchlarni, tajribalarni birlashgani bu katta yutuqlarning boshlanishidir.
Gʻolib Xushvaqtov,
Urgut tumanidagi 121-maktab direktori

