O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi oldidan

Samarqand davlat universiteti Botanika bog‘i
Xalqaro Botanika bog‘lar assosatsiyasiga qabul qilindi
Samarqand davlat universiteti Botanika bog‘i o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida tashkil topgan, maydoni 36 gektar. Bog‘ tarkibida 5000 dan ziyod mevali, manzarali daraxtlar, butasimon, gul o‘simliklari mavjud. Ulardan tabiiy va aniq fanlar yo‘nalishiga doir ilmiy ishlarda foydalanib kelinmoqda.
Xalqaro Botanika bog‘lar assosatsiyasi shtab-kvartirasi Londonda joylashgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi botanika bog‘laridagi daraxt va o‘simliklarni himoya qilish va ular ustida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishdan iborat. Samarqand davlat universiteti Botanika bog‘ining Xalqaro Botanika bog‘lar assosatsiyasiga a’zo bo‘lishi bir qator afzalliklarni beradi.
Birinchidan, dunyodagi botanika bog‘lari bilan hamkorlikni yaxshilash, turli xil tadbirlar o‘tkazish;
Ikkinchidan, bu yerda mavjud bo‘lmagan manzarali va mevali daraxtlarni namunalarini olib kelish va ko‘paytirish;
Uchinchidan, yurtimizdagi noyob o‘simliklarga oid axborotlarni xalqaro doiralarda keng targ‘ib qilish;
To‘rtinchidan, Samarqand viloyatiga tashrif buyurayotgan sayyoh va mehmonlarni sayohatga taklif qilish;
Beshinchidan, Samarqanddagi oliy ta’lim muassalari professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar o‘rtasida tanlov va konferensiyalar tashkil etish, tabiiy, aniq va ijtimoiy fanlarga oid tadqiqotlar o‘tkazish, o‘simliklar dunyosi xilma-xilligini boyitish, alternativ energiya manbalarini to‘plash, quyosh energiyasidan foydalanish, tuproq unumdorligi ustida dala tajribarini o‘tkazish, botanika bog‘i xaritasini yangi usullarini yaratishlardan iborat.
- Hozirgi kunda bog‘imizda nafqat universitet tadqiqotchi olimlari balki, boshqa oliy ta’lim muassasa vakillari ham ilmiy izlanishlar olib borishmoqda, deydi - Samarqand davlat universiteti botanika bog‘i direktori, biologiya fanlari nomzodi, dotsent Shuhrat Hamroqulov. – Botanika bog‘ini qaytadan yangilash, dorivor o‘simliklarni ko‘payirish, katta hajmdagi issiqxona qurish loyihalarini ishlab chiqqanmiz. Bu borada barcha shart-sharoitlarimiz mavjud. Shahrimiz chiroyiga ko‘rk qo‘shish uchun turli xildagi manzarali daraxtlarni yetishtiryabmiz. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi shukuhi kezib yurgan ushbu kunlarda, Samarqand davlat universiteti Botanika bog‘ini Xalqaro Botanika bog‘lar assosatsiyasiga qabul qilinishi har birimizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.




Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Behruz Shamsiddinov

