Samarqand davlat universitetining 12 nafar talabasi Janubiy Koreyada o‘qishini davom ettiradi

Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakultetining 12 nafar talabasi Janubiy Koreyaning Soonchunhyang University ga 2+2 dasturi asosida ta’lim olishga yuborilmoqda.
SamDU talabalari ikki yil davomida ingliz va koreys tillarini chuqur o‘rganishdi. Endilikda ular bemalol o‘qishlarini Janubiy Koreyada nufuzli oliy ta’lim dargohida davom ettirishadi.
Aziza Tinisheva, SamDU xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti,
2-kurs talabasi:
- Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlarga e’tibori va g‘amxo‘rligi, keng yaratilgan sharoitlaridan unumli foydalangan holda Janubiy Koreyada o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdik. Buning uchun avvalo mamlakatimiz rahbariga minnatdorlik bildirmoqchiman. O‘zbekistondagi ochiqlik siyosati biz talabalar uchun dunyoni bilish, anglash va kelajagimizni erkin belgilash imkoniyatini berdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan SamDU da Koreya madaniyat markazining ochilishi, Koreyadan o‘qituvchilarni taklif etilishi, koreys tilini mukammal o‘rganishimizga keng yo‘l ochdi.
Sabohat Umarova, SamDU xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti, 2-kurs talabasi:
- Samarqand davlat universitetida ikki yil davomida ingliz va koreys tillarini qunt bilan o‘rgandim. Buning natijasida Janubiy Koreyaning Soonchunhyang universitetida o‘qishimizni davom ettirish arafasidamiz. Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti bugun yoshlarni dunyoga chiqishi uchun tramplin vazifasini o‘tamoqda. SamDU rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi, professor Rustam Xolmurodovga do‘stlarim va ota-onalarimiz nomidan minnatdorlik bildiraman. Biz xorijda ham Samarqand davlat universiteti nomiga munosib bo‘lamiz. Koreyada ikki yil davomida o‘qib, o‘rganganlarimni yurtimizda tatbiq qilaman, O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shaman.
Ma’lumot uchun, Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakultetining yana bir guruh talabalarini o‘qishini davom ettirishi uchun sentyabr oyida Rossiya Federasiyasiga yuborish rejalashtirilgan.











Jasmina Yahyoyeva

Aziza Tinisheva

Kamola Pardayeva

Orzigul Isakova

Sabohat Umarova

Zilola Toshboyeva

Sevinch Kilichova

Yulduz Mahmudova
Otabek SA’DULLAYEV,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.

