Samarqand davlat universiteti magistrantlari Moskva davlat texnika universitetining hamkorlikdagi ikki taraflama diplomlariga ega bo‘ldi

Samarqand davlat universitetining 16 nafar magistrantlari "STANKIN" Moskva davlat texnika universitetining mexatronika va robototexnika hamda mashinasozlik sanoatini loyihalashtirish va texnologik qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlikdagi ikki taraflama diplomlarga ega bo‘ldi.
Bitiruvchilarning intiluvchanligi, shijoati ularga ikki universitetning o‘quv dasturini puxta o‘zlashtirishga imkon berdi. Endilikda ular o‘qishlarini doktoranturada davom ettirishi yoki mehnat bozoriga kirib kelishadi.
Ushbu ilk bitiruvchilar 2019 yilda Samarqand davlat universiteti va Moskva davlat texnika universiteti o‘rtasida imzolangan shartnomalarning ijrosi doirasida ta’lim oldi.
To‘lqin O‘rozov, Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti dekani:
- Samarqand davlat universiteti bugungi kunda dunyoning 160 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik qilmoqda. Ta’kidlash joizki, ushbu bitiruvchilarimiz Moskva davlat texnika universiteti bilan hamkorlikdagi ilk qaldirg‘ochlardir. Ular endilikda ilmiy, pedagogik va boshqaruv kadrlarini tayyorlash uchun asosiy nomzodlar sifatida qaralmoqda.
Otabek SA’DULLAYEV,
SamDU Axborot xizmati xodimi