Samarqand davlat universitetining “Orolbo‘yi tabiatini o‘rganish” markazi xodimlari ekspeditsiya uyushtirdilar

Samarqand davlat universiteti geografiya va ekologiya fakulteti qoshidagi “Orolbo‘yi tabiatini o‘rganish” markazi yosh olimlari va O‘zFA Seysmologiya instituti Kompleks regional geografik prognozlashtirish laboratoriyasi bilan hamkorlikda Orol dengizi tabiatini va ekologik holatini o‘rganish maqsadida 2021 yilning 16-30 may kunlari ilmiy ekspeditsiyada bo‘ldilar.
Ilmiy ekspeditsiya davomida Orol dengizining qurigan qismidan ko‘tarilayotgan chang, tuz va qumlarning ko‘chishini, Orolbo‘yida kechayotgan tabiiy geografik jarayonlarni, cho‘llanish hodisasini kuzatish ishlari olib borildi. Ilmiy ekspeditsiyada Samarqand davlat universiteti tayanch doktoranti Ziyodulla Gʻaniyev, Kompleks regional geografik prognozlashtirish laboratoriyasi xodimlari Farhod Qo‘ziyev, Aziza Ibragimova, Albina Valiyeva va O‘zbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti Baxtiyor Nosirovlar ishtirok etdi.
Ekspeditsiya ishtirokchilari ikkita marshrut bo‘yicha ish olib bordi.
Birinchi marshrut hozirgi kunda Orol dengizining g‘arbiy qismida suv mavjud bo‘lib, qolgan qismi cho‘l, chalacho‘l va botqoqliklardan iborat qismida o‘z ishini boshladi.
Tabiiy landshaftlardagi o‘zgarish sezilarli darajada ko‘zga tashlanadi. Tuproq qoplami, o‘simlik va hayvonot olamida tadrijiy o‘zgarishlar yuz berganini guvohi bo‘ldik. Ustyurt chinklarining Orol dengizi bilan tutash qirg‘oqlarida o‘simlik qoplamining qalinlashganini, yoki aksincha, chinklardan uzoqlashgan sari o‘simlik qoplamining siyraklashib borganini ko‘zga tashlandi. Chinklarda bir-birini takrorlamas tabiiy manzaralar hosil bo‘lgan. Ekspeditsiya davomida Orol dengizining g‘arbiy qismida 12 ta punkt belgilanib, joylardan tuproq va o‘simlik namunalari olindi.
Ikkinchi marshrut o‘z izlanishlari davomida Orol dengizining sharqiy qismi bundan 30-40 yil oldin suvdan holi bo‘lgan Orolqum hududi bo‘lib, barxanlar, qumgryadalari va saksovulzorlarni uchratdi. Orol dengizi qurigan tubining katta qismi sharqiy hududiga to‘g‘ri kelganligi uchun ekspeditsiya davomida Orol dengizining sharqiy qismidan 35 ta punkt belgilanib, joylardan namunalar olindi.
Tadqiqotchilar Orol dengizi atrofidagi 7 ta Gidrometeorologik stansiyalarda (Taxtako‘pir, Chimboy, Taxiatosh, Nukus, Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot) bo‘lib, Orolbo‘yi va Orol dengizining qurigan qismida kuzatilayotgan meteorologik jarayonlar bilan yaqindan tanishdilar. Ekspeditsiya davomida tadqiqotchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “Orolbo‘yi halqaro innovatsiya markazi” ga borib, u yerda amalga oshirilayotgan ishlar va tajriba uchastkalarida olib borilayotgan tadqiqotlar bilan yaqindan tanishdilar. Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy tadqiqot instituti hamda Qoraqalpoq davlat universitetidagi ilmiy xodimlar va izlanuvchilar bilan tadqiqot doirasida uchrashuv o‘tkazdilar.
Shuningdek, ekspeditsiya Orol dengizi qurigan tubida ro‘y berayotgan tabiiy geografik jarayonlar: Orolbo‘yining hozirgi deltaci va dengizbo‘yi geotizimlaridagi o‘zgarishlar, Orol dengizining qurigan tubi landshaftlarining shakllanishi, tiklanishi va rivojlanish dinamikasi, cho‘llanish jarayonining kechishi kabi geologik hodisalarni o‘rgandi. Orol dengizining qurigan qismidan ko‘tarilayotgan chang, tuz va qumlarning ko‘chishini aniqlash va hozirgi zamonaviy GIS texnologiyalar yordamida Orolbo‘yi mintaqasi geoekologik xaritasini tuzish kabi ishlarni amalga oshirdi.






Ziyodulla GʻANIYEV,
Samarqand davlat universiteti
geografiya va ekologiya fakulteti
tayanch doktoranti

