Olimpiada chempionlari ham oilada kamolga yetadi

“Tokio-2020” Paralimpiya o‘yinlari kumush medali sohibi, Parvina Samandarova Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi.

  2017-yildan para-dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. Jahon kubogi (O‘zbekiston), Osiyo va Okeaniya chempionati (Qozog‘iston), Toshkent IBSA Judo Gran-pri musobaqalarida 1-o‘rin (O‘zbekiston). III Paraosiyo o‘yinlarida (Indoneziya), Jahon chempionati (Portugaliya), IBSA Judo Gran-pri turnirlarida (Ozarbayjon) bronza medali, IBSA Judo Gran-pri musobaqasida (Ozarbayjon) 2-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.

   - Qizim, Parvina 8 yoshligidan sport bilan shug‘ullanadi, akasi bilan birga kurashga qatnardi, boshida ko‘nikishi juda qiyin bo‘ldi, - deydi Parvinaning otasi Asadxon Samandarov. – Uyga ba’zan yig‘lab kelardi, qiynalganligini ko‘rib sportdan olsammi, deb o‘ylardim. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, o‘zi sport bilan astoydil mashq qila boshladi. To‘g‘risi men bundan hayratlanmadim, baribir qonida borda. O‘zim ellik yildan beri sport bilan birgaman, sambo, milliy va dyuzdo kurashlari bo‘yicha xalqaro sport ustasiman. Farzandimni nafaqat kurashga balki gimnastika, suzish sport turlariga ham olib borganman. O‘zbekiston va jahonning bir qator o‘yinlarida qatnashib yuqori o‘rinlarini qo‘lga kiritdi. Bugun oilamiz uchun tarixiy kun. Qizim, Parvinaxon “Tokio-2020” Paralimpiya o‘yinlari kumush medali sohibiga aylandi. Tokioga ketishdan oldin, qizimga duo berar ekanman, yoshlikda bir qator sportchilarga dars berib yurganimda, mening farzandlarim jahon chempioni bo‘ladi, butun dunyo ularni tan oladi, deb aytardim. Parvina: “Otajon, siz xavotir olmang, men albatta chempion bo‘laman, yuzingizni yorug‘ qilaman”, - deganida ich-ichimdan quvondim. Niyatimiz xolis ekan, butun dunyo tan oladigan sport o‘yinlarida g‘olib bo‘ldi. Ayniqsa bugungi musobaqani televideniya orqali oila davrasida ko‘rganimizda dunyo xursandchiligi go‘yoki, bizning xonadonimizda jam bo‘lgandek edi. Bugungi final o‘yinida Ozarbayjonlik raqibi Sevda Valiyeva tan olish kerakki, juda kuchli sportchi. U bilan oldinlari ham bir necha marotaba to‘qnash kelgandi, hatto ikki marotaba raqibi ustidan g‘alaba qozongan. Taqdir ekan bugun ham uchrashishdi, olgan kumush medalini oltinga teng, deb bilaman. Men, qizim bilan faxrlanaman, ishonchimizni oqladi. Yurtimiz, Prezidentimiz oldida butun oilamiz va murabbiylarini yuzini yorug‘ qildi. Men, qizimning murabbiylariga, ta’lim olayotgan Samarqand davlat universiteti rektori professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Yurtimizda sportga berilayotgan imkoniyatlar yildan-yilga oshmoqda. Buning tashabbuskori albatta, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdir. Bugungi oilamiz quvonchi va g‘alabasini Prezidentimiz g‘alabasi, deb hisoblayman. Mustaqilligimizning 30 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi. Hamyurtlarimizni sport bilan shug‘ullanishga hamda Vatanimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarishga chaqiraman.

“Tokio-2020” Paralimpiya o‘yinlari kumush medali sohibi, Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi Parvina Samandarovaning oila a’zolarini universitet rektori nomidan Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati rahbari Farrux Hamroyev tabrikladi.

Behruz SHAMSIDDINOV
Samarqand davlat universitet
Axborot xizmati xodimi
Shavkat AKRAMOV
olgan suratlar