“Mustaqillik bayramini Samarqand davlat universitetida kutib oldik”
Munosabat
Bu - hindistonlik, germaniyalik, turkiyalik, rossiyalik va amerikalik O‘zbekiston do‘stlarining samimiy e’tirofi
Mustaqilligimizning 30 yilligi bayramini nafaqat xalqimiz, balki O‘zbekistonimizning do‘stlari ham keng nishonlamoqda. Prezidentimiz nomiga davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar tomonidan kelayotgan samimiy qutlovlar ham buni tasdiqlaydi. Bu yilgi istiqlol shodiyonasi mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida, yurtimizda yangi davr yangi O‘zbekiston davri boshlangani ruhida o‘tkazilgani bilan ham ko‘pchilikning yodida qolishi muqarrar. Mustaqillik monumentining ochilishi hurriyat ayyomiga yanada o‘zgacha mazmun-mohiyat, nufuz, fayz ato etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan marosimdagi nutqi yana bir bor Vatan ozodligini, qadr-qimmatini har birimizga anglatdi. Mamlakatimiz rahbarining mazkur nutqi nafaqat yurtdoshlarimiz tomonidan, balki xalqaro ekspertlar, xorijlik taniqli olimlar tomonidan ham qizg‘in kutib olindi. Bugungi kunda Samarqand davlat universitetida faoliyat ko‘rsatayotgan chet ellik ilm-fan namoyandalari ham mazkur tarixiy nutq haqida o‘z fikr mulohazalarini bildirmoqda.
Ravinder GARGISH (Hindiston), Osiyo ingliz tili fani o‘qituvchilari assosatsiyasi prezidenti, Samarqand davlat universiteti ingliz tili kafedrasi mudiri, professor, “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni sohibi:
- O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligini o‘zbek xalqi bilan birga kutib olganimdan nihoyatda baxtiyorman. Samarqand davlat universitetida, 3 yil mobaynida olib borgan faoliyatim davomida, o‘zbek xalqini juda yaqindan o‘rgandim. Qalbini angladim. Bu qadimiy madaniyatga ega bo‘lgan xalq butun dunyoga ulug‘ ma’rifatparvarlarni bergan. Bu xalqqa mansub olimlar dunyo ilm-fanida tub burilish yasagan. Ulkan maktablarga asos solgan. O‘zbek xalqi har qanday tahsinga, e’tirofga, e’zozga loyiq.
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi Prezident Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan tabrigida quyidagi fikrlarni ilgari suradi: “Hindiston va O‘zbekistonni chuqur, tarixiy va sivilizatsion aloqalar bog‘lab turadi. O‘tgan yillar mobaynida ikki tomonlama munosabatlarimiz bir necha sohalarni qamrab oldi. Axborot texnologiyalari, kosmos, atom energetikasi, rivojlanish uchun sheriklik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, fan va texnika hamda madaniyat shular jumlasidan. Bizning strategik sherikligimiz ko‘p qirrali aloqalarimizni yanada diversifikatsiya qilish va kengaytirishga qaratilgan”.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi samimiy do‘stlik yanada mustahkam bo‘lishini istayman. Bir ziyoli sifatida mana shu hamkorlikka o‘z hissamni qo‘shishga intilmoqdaman.
Men Prezident Shavkat Mirziyoyevga o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman. Bu tashakkur zamirida davlat rahbarining oliy ta’limga, yoshlar tarbiyasiga bo‘lgan beqiyos e’tibori mujassamlashgan. O‘zbekistonda ilm-fanga, olimlarga juda katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Chet tillarini o‘qitish borasidagi davlat siyosati alohida e’tirofga sazovor. Dunyoning hech qaysi mamlakatida O‘zbekistondagidek ta’limning barcha bo‘g‘inlari bir xil darajada rivojlanayotgani yo‘q. Ishonamanki, O‘zbekiston ilm-fan va ta’lim taraqqiyoti bo‘yicha Osiyoning eng kuchli davlatlaridan biriga aylanadi. Buning uchun bugun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.
Mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantalarini tomosha qildim. Prezident nutqini eshitdim. Ayniqsa, Shavkat Mirziyoyevning mana bu fikrlari meni juda to‘lqinlantirib yubordi: “Chindan ham, agar biz ta’limni o‘zgartirsak, ta’lim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa, butun jamiyatimiz o‘zgaradi”. Men butun hayotini ta’lim-tarbiyaga bag‘ishlagan, hayotning past-balandini ko‘rgan, jahon ilm-fanidan xabardor bo‘lgan bir inson sifatida shuni istardimki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning yuqoridagi fikrlarini dunyoning har bir ta’lim dargohi peshtoqiga yozib qo‘yish kerak. Haqiqatan ham, ta’limni o‘zgartirsak, insonni, insonni o‘zgartirsak, jamiyatni o‘zgartira olamiz. Bu purma’no so‘zlar nafaqat O‘zbekiston uchun, balki johillik, jaholat bo‘y ko‘rsatayotgan butun dunyo uchun ham shart va zarurdir.
Volfgang PETTROFF, Germaniyaning Gyottingen, AQShning Missuri universitetlari maslahatchisi, professor:
- O‘zbekistonga ilk marta 1998-yilda kelgan edim. Shundan so‘ng 2007-yilda yana bu yurtga tashrif buyurish imkoniyati paydo bo‘ldi. Uchinchi safarim O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yillik bayrami shodiyonalariga to‘g‘ri keldi. Do‘st xalqning bayrami bizning ham bayramimizdir. Mustaqillik har bir xalq uchun eng oliy ne’mat ekanligini chuqur anglayman. Samarqand davlat universitetida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijlik hamkasblar bilan suhbatlashish davomida shunga amin bo‘ldimki, O‘zbekiston ta’lim tizimi butunlay yangilanish bosqichida ekan. Bu tanlangan yo‘l to‘g‘ri ekanligini anglatadi. Agar insoniyat butun dunyoda bir xil ta’limga erishganda edi, bir xil taraqqiyotga ham erishardi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning ta’lim sohasidagi strategiyasi alohida e’tiborga sazovor. Buni tadqiq etish kerak. Namuna sifatida ko‘rsatish zarur. Birgina mana bu raqamlar mening e’tiborimni tortdi. Keyingi 5 yilda O‘zbekistonda 64 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilibdi. Qabul kvotasi 3 baravarga oshirilibdi. Eng muhimi nima? Islohotlar to‘xtab qolgani yo‘q. Shiddat bilan davom etmoqda.
XXI asrda ilm-fan mamlakatlar kuch-qudratini belgilovchi bosh omilga aylandi. Ilm-fan insoniyat kelajagini qanday bo‘lishini ko‘rsatib bermoqda. Dunyoning eng rivojlangan davlatlarida ham bugun ta’lim tizimiga, ilm-fanga mislsiz mablag‘lar ajratilyapti. Buning natijasida taraqqiyotda turli darajalar paydo bo‘la boshladi. Qayerda olim e’zozlanmasa, ilm qadrlanmasa, o‘sha jamiyat tanazzulga yuz tutadi.
Meni quvontirgani O‘zbekiston rahbari tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosati tufayli Samarqand davlat universitetining o‘zida dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan kelgan ilm-fan namoyandalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu hamkorlik va tajriba almashishlar o‘zining ijobiy natijasini berishiga ishonaman. Bir oy davomida Samarqand davlat universitetining agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti talabalariga qurg‘oqchil mintaqalarda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llab, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, iqtisodiy o‘sishni tashkil etish va ekologik xavfsizlik mavzularida ma’ruzalar o‘qiyman.
Bayram BILIR (Turkiya), Samarqand davlat universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi doktoranti:
- Prezident Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqini diqqat bilan tingladim. O‘zbek va turk xalqlari bir-birini tarjimonsiz tushunadi. Men ham nutqni mazmun-mohiyatini chuqur angladim, tahlil qildim. O‘zim uchun juda ko‘p g‘oyalar oldim.
Meni nutqning mana bu o‘rinlari o‘ziga tortdi: “2019-yilda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga to‘la huquqli a’zo bo‘ldik. Bu mamlakatimiz uchun xalqaro maydonda yangi iqtisodiy, siyosiy va madaniy imkoniyatlar ochib berdi”. To‘g‘risini aytish kerakki, Turkiy tilli davlatlar kengashini O‘zbekistonsiz, O‘zbekiston ishtirokisiz, O‘zbekistonning tarixisiz, salohiyatisiz tasavvur etib bo‘lmasdi.
Lekin shunday davrlar bo‘ldiki, O‘zbekiston nafaqat Turkiya bilan, balki Markaziy Osiyodagi qardosh, qondosh mamlakatlar bilan ham aloqalarini uzdi. Prezident Shavkat Mirziyoev ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosat yuritishi bilan jahon hamjamiyatining e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Nutqda ta’kidlanganidek, bugun jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo bo‘ldi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Mustaqillik bayrami munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan samimiy tilaklar fikrimiz dalilidir: “Do‘st va qardosh O‘zbekiston Respublikasi Siz, Janobi Oliylari boshchiligida amalga oshirilgan islohotlar ta’sirida farovonlik va barqarorligini oshirib, mintaqaning tinchligi va ravnaqiga ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. Turkiya va turk xalqi O‘zbekistonning va o‘zbek birodarlarining bu sa’y-harakatlarida kecha bo‘lganidek, bugun ham ertaga ham yelkadosh bo‘lishda davom etadi”.
Tarix uchun qisqa bo‘lgan keyingi 5 yilda Prezident Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekiston butun turk dunyosi birlashishida, hamkorlik, do‘stlik, qardoshlik aloqalari yanada mustahkamlanishida muhim o‘rin egallamoqda.
Bir paytlar Mirzo Ulug‘bek madrasasi – Samarqand davlat universitetida faoliyat ko‘rsatgan olim-mudarrislar Istanbulga borib, Usmonli turklar davlatini oliy ta’lim tizimiga asos solgan bo‘lsa, bugun tarix takrorlanmoqda. O‘zaro aloqalar mustahkamlanmoqda, ilmiy va ijodiy hamkorlik tiklanmoqda, tarixiy adolat qaror topmoqda. Men Samarqand davlat universiteti doktoranturasida ta’lim olib, turk va o‘zbek tillari tarixini tadqiq etyapman.
Bugun O‘zbekiston muhim tarixiy jarayonlarni boshidan kechirmoqda. Bu ta’lim islohotlaridir. Prezident Mirziyoyevning ochiqlik siyosati tufayli O‘zbekiston bugun butun dunyoga eshiklarini ochdi. Ishonamanki, xalqaro tajribani o‘rganish, jahon ilm-faniga integratsiyalashish o‘zining ijobiy natijalarini beradi. O‘zbekiston ilm-fani qadim shon-shuhratini tiklaydi.
Viktor ZIKRATOV (Rossiya), Oltoy davlat universiteti dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi:
- O‘zbekistonda bugun ilm-fanning barcha sohalarida rivojlanish, taraqqiyot jarayonlari kechmoqda. Birgina misol, Samarqand davlat universiteti bilan Oltoy davlat universiteti o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik amaliy ishlarga ko‘chdi. Men bir yil davomida Samarqand davlat universitetida talabalarga rus tili va adabiyotidan dars o‘taman. Shuningdek, doktorant va mustaqil tadqiqotchilarga ilmiy maslahatchilik qilaman.
Taqdir taqozosi bilan O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi bayrami o‘tayotgan shu kunlarda Samarqandga keldim. Do‘stlarimizning quvonchiga, shodligiga sherik bo‘lganimdan g‘oyatda xursandman. Chet ellik hamkasblar bilan muloqotda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning nutqi haqida ham fikrlashdik.
Bugun O‘zbekistonda yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlash jarayonini tubdan yangilash va yaxshilashga alohida e’tibor qaratilayotgan ekan. Bu ta’lim tizimi islohotlarida juda muhim o‘rin tutadi. Mazkur jarayon butun mamlakat bo‘ylab ustuvor bo‘lsa, taraqqiyot ham, rivojlanish ham o‘z-o‘zidan yuz beradi. Prezident nutqida ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda bugun yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish 2016-yildagi 9 foizdan, 28 foizga yetkazilibdi. Bu raqam shuni ko‘rsatadiki, demak, ilm olaman, ilm egallayman degan yoshlar uchun imkoniyat mavjud. Bu yangi gap bo‘lmasa ham yana bir bor takrorlashni zarari yo‘q. Ilm-fan, hamkorlik, o‘zaro aloqa, tajriba almashish orqali taraqqiy etadi. Birgina Samarqand davlat universitetida Amerika, Hindiston, Turkiya, Rossiya, Germaniya, Janubiy Koreya kabi yana o‘nlab mamlakatlardan olimlar kelib, talabalarga dars berayotganligi ilmiy izlanishlar olib borayotganligi e’tiborga sazovordir.
Anna HEDRICh (AQSh), Yuta universiteti:
- Mustaqillik bayramini Samarqand davlat universitetida kutib oldik. Hamkasblarim bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqini tingladim. Keyingi besh yilda O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar olib borilganligi e’tiborimni tortdi. Bu albatta e’tirofga loyiq. SamDU ga xizmat safariga kelganman. Asosiy maqsadim, professor-o‘qituvchilarga xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish yo‘llarini ko‘rsatish, xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazasidan foydalanish bo‘yicha maslahatlar berishdir.
Samarqand menda juda yaxshi taassurot qoldirdi. O‘zbek xalqi g‘oyatda samimiy, mehmondo‘st ekan. Bu ayniqsa, mustaqillik bayrami kunlarida yanada namoyon bo‘ldi. Men o‘zbekistonlik do‘stlarimni Mustaqillik kuni bilan tabrikladim. Ular ham meni qutlashdi.
O‘zbekistonda kutubxonachilik sohasiga juda katta e’tibor qaratilayotgan ekan. Samarqand davlat universitetida ulkan kitob fondiga ega kutubxonaning borligi meni hayratlantirdi. Ayniqsa, tarixiy qo‘lyozmalarning mavjudligi va yaxshi saqlanayotganligi e’tiborga sazovordir.
Mustaqillikning 30 yilligi tarixiy voqea. Qisqa davr ichida juda ko‘p yutuqlar qo‘lga kiritilgan. Bu jarayon yana davom etmoqda. Bayram tadbirlari o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘i ham juda chiroyli, ko‘rkam ekan. Toshkentga borsam, albatta, bog‘ va Mustaqillik monumentini ziyorat qilaman.
Farrux HAMROYEV,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati rahbar