Samarqand davlat universitetining 90-yillik yubileyi munosabati bilan viloyat oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Iqtidorli yoshlar – O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti poydevori” shiori ostida 8-9-sentyabr kunlari yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. Festival ishtirokchilari dastlab O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydilar. Shundan so‘ng Samarqand davlat universitetning faollar zalida festivalning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat kengashi raisi Rustam Qobilov so‘zga chiqib barcha Samarqand yoshlarini, marosimga yig‘ilgan festival ishtirokchilarini samimiy tabrikladi va bugun yoshlarimizga yaratib berilayotgan imkoniyatlar kengligi hamda undan o‘z o‘rnida samarali foydalanish kerakligi haqida so‘z yuritdi.

  Ikki kunlik festival davomida viloyat oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida voleybol, qo‘l to‘pi sport turlari bo‘yicha musobaqalar, “Mening universitetim” nomli insholar tanlovi, “Kitob bilim manbai” mavzusidagi davra suhbati, “Zakovat” intellektual o‘yini kabi bir qator tadbir va musobaqalar tashkil etildi. Festival yakunida “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston” nomli gala konsert davomida g‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Festival viloyatimiz yoshlarini birlashtirish barobarida, ularga xush kayfiyat ulashdi.