Raqamli texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan, sun’iy zakovat imkoniyatlaridan keng foydalanilayotgan hozirgi zamonda ta’lim va tadqiqot, tarbiya va kasbiy madaniyat oldiga qo‘yilayotgan vazifalar ham o‘zgarib bormoqda. Samarqand davlat universitetining sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar fakulteti dekani, texnika fanlari doktori  Fayzulla Nazarov bilan suhbatimiz shu xususda bo‘ldi.

    — Universitetdagi eng yosh va eng zamonaviy fakultetning shakllanish tarixi va bugungi faoliyat xususida qisqacha tushuncha bersangiz?

    Fakultet tarixi 1972 yilda amaliy matematika fakultetining tashkil etilishidan boshlanadi. O‘sha davrda hisoblash texnikasi amaliyotga endigina kirib kelayotgan yillar edi. Fakultet jamoasi oldiga matematik ilmni haqiqatda mavjud hayotiy masalalarni amalda hal etishga xizmat qildirish vazifasi qo‘yilgan.

    Yillar davomida fakultet nomi bir necha bor o‘zgardi, har bir o‘zgarish ortida o‘quv rejalarini, ilmiy yo‘nalishlarni va moddiy-texnik bazani zamon talabiga muvofiq yangilash turgan. 2025-yilda fakultet qayta tashkil etilib, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar fakulteti deb nomlandi. Kadrlar tayyorlash 5 bakalavriat yo‘nalishi, 6 magistratura mutaxassisligi hamda 4 doktorantura ixtisosligi bo‘yicha olib boriladi. Doktorantura ixtisosliklari orasida yaqinda ochilgan raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yo‘nalishi bugungi kunda dunyodagi eng dolzarb yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

    Ta’lim jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish maqsadida fakultetda sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, matematik modellashtirish va robototexnika yo‘nalishlari bo‘yicha to‘rtta ilmiy-amaliy laboratoriya ishlaydi. Fakultet huzuridagi IT-Innovatsion markaz va “SamIT” xususiy korxonasi orqali talabalar hamda yosh tadqiqotchilarning startap loyihalari qo‘llab-quvvatlanadi. O‘quv jarayoni zamonaviy kompyuter bilan jihozlangan kompyuter sinflari va auditoriyalarda olib boriladi. Har oyda xakatonlar, dasturlash tanlovlari o‘tkaziladi, “Bir million dasturchi” kabi respublika miqyosidagi loyihalarda faol ishtirok etamiz. Fakultetda axborot xavfsizligi, sun’iy intellekt, dasturiy ta’minot va matematik modellashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha to‘rtta ilmiy maktab shakllangan. Qisqacha aytganda, raqamlashtirish va hisoblash matematikasi bilan birga o‘sib kelgan fakultet bugun respublikaning yetakchi sun’iy intellekt markazlaridan biriga aylanib bormoqda.

    — Ilmiy tadqiqot natijalari va dasturiy ishlanmalar amaliyotga qay darajada tatbiq etilmoqda hamda joylarda yangi axborot texnologiyalarining samarasi sezilayaptimi?

    Yuqorida aytganimdek, fakultetimizda sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, matematik modellashtirish va robototexnika laboratoriyalari ishlab turibdi. Ularda olib borilayotgan tadqiqotlar ilmiy hisobot yoki maqola yozish bilan tugamaydi. Hamisha  amalda qo‘llaniladigan dastur yoki qurilma ishlab chiqilishi talab qilinadi. Sun’iy intellekt yo‘nalishida tadqiqotchilarimiz tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyot uchun mashinaviy o‘qitish modellarini ishlab chiqmoqda. Shu modellar asosida dasturiy vositalar ishlab chiqilib, qurilmalarga joylashtiriladi. Tibbiyotdagi ishlarimiz buning aniq misoli. Teri kasalliklarini aniqlash bo‘yicha tadqiqot respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand viloyat hududiy filiali bilan hamkorlikda amalga oshirilib, natijalari amaliyotga joriy etilmoqda. Qandli diabetni erta aniqlash bo‘yicha tadqiqot esa akademik Yolqin To‘raqulov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand hududiy filiali bilan birgalikda olib borilmoqda. Ya’ni model laboratoriyada emas, shifoxonada sinovdan o‘tmoqda. Bundan tashqari, o‘zbek tili uchun tabiiy tilni qayta ishlash (NLP) modellari tadqiq qilinmoqda. Bu tilimizning raqamli makondagi kelajagi uchun zarur yo‘nalish.

    Kiberxavfsizlik laboratoriyasida serverlar va axborot tizimlarining himoya darajasini tekshirish, kriptobardoshli algoritmlar yaratish, sun’iy intellekt yordamida kiberxavflarni oldindan aniqlash bo‘yicha samarali natijalar qo‘lga kiritildi. Talabalarning mashg‘ulotlari uchun 100 dan ortiq onlayn masala yechish platformalari shakllantirilgan. Bu yerda mutaxassis nazariy bilim bilan cheklanmay, real hujum va himoya sharoitida ishlashni o‘rganadi.

    Matematik modellashtirish resurslar va jarayonlarni boshqarish, murakkab masalalar yechimini va natijalarini bashorat qilish imkonini beradi. Robototexnika yo‘nalishida esa ishlab chiqarish va turmushda qo‘llaniladigan uskunalarni takomillashtirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.

    Endi tatbiq masalasiga kelsak. Ilmiy natijani amaliyotga olib chiqishning eng samarali mexanizmi bizda IT-Innovatsion markaz bo‘ldi. Markazda yosh dasturchilar tayyorlanmoqda, bugungi kunga qadar 100 dan ortiq dasturiy vosita ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilgan. Tadqiqotchilarimiz spinoff korxonasini tashkil qilishmoqda.  Markazning alohida server qurilmasi mavjud. Eng quvonarlisi shuki, bu ishlarni yosh tadqiqotchilar bajarmoqda. Laboratoriyalarimizdagi ishlanmalarga qarasangiz,  ular mamlakatimiz xalq xo‘jaligi uchun  kerakli ekanligini anglaysiz.

Shu sababli fakultetimizda tayyorlanayotgan PhD va DSc ilmiy darajalariga da’vogarlik tadqiqotlarining nufuzi ancha yuqori. Bu respublika ilmiy doiralarida e’tirof etilgan. Ishlarimizning samarasi haqida nima ham derdim. Buyurtmachi ishlanmadan voz kechmay, aksincha uni kengaytirishni so‘rasa, demak natija bor.

    — Axborot texnologiyalari zamonaviy yangi yo‘nalish bo‘lib, universitetning xalqaro nufuzini ko‘tarishda alohida o‘rin tutadi. Fakultetning xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi faoliyatida nimalarga e’tibor berilmoqda?

    Bugungi kunda universitetning xalqaro nufuzi ko‘p jihatdan aynan raqamli yo‘nalishlardagi hamkorlik orqali o‘lchanmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Fakultetimiz AQSh, Malayziya, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Isroil va Belarus oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilmoqda. Ularning aksariyati dunyo ilm-fanining zabardast tayanchi hisoblanadi. 

    Hamkorlik faqat ta’lim va tadqiqot muassasalari bilan cheklanmaydi. Sohaning yetakchi kompaniyalari, jumladan Isroilning kiberxavfsizlik bo‘yicha jahonga tanilgan “Check Point Software Technologies” kompaniyasi hamda dasturiy ta’minot ishlab chiqish sohasidagi “EPAM” kompaniyasi bilan ham aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Bu talabalarni bevosita xalqaro mehnat bozori talabiga mos tayyorlash imkonini beradi.

    Hamkorlikda uchta asosiy yo‘nalishga urg‘u berilmoqda.

    Birinchidan, ta’lim dasturlarini transformatsiya qilish. Xorijiy hamkorlar bilan birgalikda o‘quv rejalari, fan dasturlari va baholash tizimini xalqaro standartlarga moslashtirmoqdamiz. Sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, dasturiy injiniring kabi yo‘nalishlarda kontent juda tez eskiradi, hamkorlik esa dasturlarni doimo yangilab turish imkonini beradi. EPAM bilan hamkorlik esa amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, talabalarga real loyihalar bo‘yicha ishlash tajribasini orttirish imkonini bermoqda.

    Ikkinchidan, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va yangi IT ishlanmalarni amalga oshirish. O‘zbekiston-Hindiston sun’iy intellekt va mashinali o‘qitish qo‘shma markazi faoliyat yuritmoqda. Markaz sun’iy intellekt, blokcheyn, bioinformatika, biznes-tahlil yo‘nalishlarida qo‘shma tadqiqotlar olib borish, xalqaro ilmiy anjumanlar tashkil etish, tadqiqotchilarimizning maqolalarini nufuzli jurnallarda chop etishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi. “Check Point Software Technologies” bilan aloqalarimiz kiberxavfsizlik laboratoriyamizga jahon amaliyotidagi eng zamonaviy yechimlarni olib kirish imkonini bersa, Rossiya kvant markazi bilan hamkorlik universitetimiz uchun drayver yo‘nalish sifatida belgilangan kvant texnologiyalari sohasida muhim ahamiyatga ega.

    Uchinchidan, tadqiqotchilarimizning xalqaro ilmiy muhitga integratsiyalashuvi. Xorijiy hamkasblar bilan birgalikda yozilgan maqolalar, xalqaro ilmiy-tadqiqot loyihalari va grantlar, xorijda malaka oshirish va stajirovkalar yosh olimlarning ilmiy salohiyatini ko‘taradi.

    — Kelajakda jamiyat hayotida sun’iy zakovat va axborot texnologiyalari mutlaq asosiy o‘rinni egallab oladimi va bu insonlar faoliyatiga qanday ta’sir qilishi mumkin?

    Menimcha, “mutlaq asosiy o‘rin” iborasi bu yerda biroz boshqacha ma’no kasb etadi. Sun’iy intellekt insonning o‘rnini emas, muhitning o‘rnini egallaydi. Iqtisodiy adabiyotda bunday texnologiyalar umumiy maqsadli texnologiyalar deb ataladi: ular biror alohida tarmoqni emas, barcha tarmoqlarni bir vaqtda o‘zgartiradi. Tarixda bug‘ mashinasi, elektr energiyasi va internet shunday rol o‘ynagan. Bugun biz elektrni alohida mo‘jiza deb hisoblamaymiz, ammo usiz hech bir soha ishlamaydi. Sun’iy intellekt ham ko‘rinmas, lekin hamma joyda mavjud infratuzilmaga aylanib bormoqda. Uning inson faoliyatiga ta’siriga bir tomonlama emas, atroflicha qarash kerak.

    Avvalo shuni aytish lozimki, texnologiya kasbni emas, kasb tarkibidagi ayrim vazifalarni o‘zgartiradi. Buxgalter kalkulator paydo bo‘lgach yo‘qolmadi, uning mehnati hisoblashdan tahlilga ko‘chdi. Dasturchi ham yo‘qolmaydi, ammo uning faoliyat markazi kod yozishdan tizim arxitekturasini loyihalash, masalaning qo‘yilishini to‘g‘ri shakllantirish va natijani verifikatsiya qilishga tomon siljiydi. Shu o‘rinda bir haqiqatni ochiq aytish kerak: mehnat mazmuni asosan takrorlanuvchi, algoritmlashtirilgan amallardan iborat bo‘lgan sohalarda bu o‘tish og‘riqli kechadi. Shuning uchun kadrlarni qayta tayyorlash tizimini bugundan loyihalashimiz zarur, chunki uni keyin shakllantirish ancha qimmatga tushadi. Ikkinchi jihat mehnat unumdorligining keskin oshishi bilan bog‘liq. Bugun bir yosh tadqiqotchi o‘n yil oldin butun bir ilmiy guruh bajargan hajmdagi ishni uddalay oladi. Lekin bu o‘sish o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, texnologiyaning samarasi faqat unga hamroh bo‘lgan tashkiliy va ta’limiy o‘zgarishlar amalga oshirilgandagina namoyon bo‘ladi. Aholisi yosh va iqtidorli mamlakat uchun sun’iy intellekt rivojlangan davlatlarga tenglashish vositasi bo‘lishi mumkin, ammo bu imkoniyat o‘z-o‘zidan natijaga aylanmaydi.

    Meni eng ko‘p o‘ylantirgan masala esa kognitiv bog‘liqlik muammosi. Agar talaba  masalani mustaqil shakllantirib, mustaqil yechim topishga urinmay tayyor javob olishga o‘rgansa, uning tafakkuri rivojlanmaydi. Kalkulator hisoblash ko‘nikmasini biroz susaytirgani rost. Bugungi texnikaviy imkoniyatlar fikrlash jarayonining o‘ziga bevosita daxl qilmoqda. Bu mutlaqo boshqa masala. Yechim texnologiyani taqiqlashda emas, ta’lim metodikasini qayta qurishda. Ya’ni bilimni takrorlashga asoslangan yondashuvdan tahlil, tuzish va baholash bosqichlariga urg‘u beruvchi modelga o‘tish zarur. Talaba javobni emas, javobning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini asoslay olish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi kerak.

    Xulosa qilib aytsam, sun’iy intellekt juda kuchli vosita, ammo har qanday model o‘z mohiyatiga ko‘ra oldindan berilgan maqsad funksiyasini optimallashtiradi. Bu funksiyani kim, qanday mezonlar asosida va kimning manfaatini ko‘zlab belgilashi esa ijtimoiy va axloqiy masala. Mashina «qanday qilish» kerakligini hisoblab bera oladi, «nima uchun qilish» kerakligini esa faqat inson hal qiladi. Ayni shuning uchun javobgarlik insonning zimmasida qoladi.

    — Sun’iy zakovat va inson tafakkuri raqobati nimalarga olib kelishini tasavvur qilish mumkinmi? Ilmiy va badiiy ijodda sun’iy zakovatning keng qo‘llanilishi hamisha ham o‘rinli bo‘ladimi?

    Men bu munosabatni “raqobat” tushunchasi bilan izohlashga unchalik moyil emasman, chunki raqobat bir jinsli, o‘lchovlari mos keladigan maydonda yuz beradi. Bu yerda esa tabiati butunlay boshqacha ikki hodisa haqida gap ketmoqda. Sun’iy intellekt, mohiyatiga ko‘ra, o‘qitish to‘plamidagi ma’lumotlar taqsimotini statistik jihatdan yaqinlashtiruvchi tizim. U mavjud qonuniyatni topadi va uni umumlashtiradi. Inson tafakkuri esa boshqacha manbadan oziqlanadi, ya’ni yashab ko‘rilgan tajriba, sezgi, mas’uliyat hissi va axloqiy tanlovdan. Bular bir-birining o‘rnini bosmaydi, shuning uchun buni raqobat emas, mehnat taqsimoti deb qarash to‘g‘riroq bo‘ladi. Ilmiy ijodga kelsak, sun’iy intellektning foydasi shubha uyg‘otmaydi. U adabiyot sharhini tezlashtiradi, katta hajmdagi ma’lumotni tahlil qiladi, gipoteza variantlarini taklif etadi, murakkab hisob-kitoblarni yengillashtiradi. Bugun tadqiqotchi o‘zi uchun yangi bo‘lgan sohaga ancha tez kirib bora oladi, bu esa fanlararo izlanishlar uchun katta imkoniyat ochadi.

    Ammo shu bilan birga jiddiy xavf ham mavjud. Generativ modellar uchun ishonarli, lekin haqiqatga mos kelmaydigan javob berish tasodifiy nuqson emas, balki ularning ishlash tamoyilidan kelib chiqadigan xususiyat. Model o‘zining javobi to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini bilmaydi, u faqat ehtimoli yuqori bo‘lgan matnni shakllantiradi. Shu sababli u mavjud bo‘lmagan manbani keltirishi, olinmagan natijani bor deb ko‘rsatishi mumkin. Agar tadqiqotchi buni tekshirmasdan qabul qilsa, fanning asosiy poydevori, ya’ni tekshiriluvchanlik va takrorlanuvchanlik tamoyili shikastlanadi. Shuning uchun men shogirdlarimga doim aytaman: sun’iy intellekt sizga vosita bo‘lishi mumkin, ammo javobgarlikni u ko‘tarmaydi. Ilmiy natija uchun tadqiqotchi hamisha mas’ul.

    Tayyor matn olish osonlashgani ilmiy halollik masalasini ham keskinlashtirdi. Menimcha, bu yerda ikki yo‘nalishda ish olib borish kerak. Birinchi navbatda, sun’iy intellektdan foydalanilgan bo‘lsa, buni ochiq ko‘rsatish madaniyatini shakllantirish lozim, zero xalqaro nufuzli nashrlar allaqachon shunday talabni joriy etgan. Shu bilan birga, ilmiy ishni baholashda urg‘uni matnning o‘ziga emas, olingan yangi natijaga, o‘tkazilgan tajribaga va ishlaydigan mahsulotga qaratish zarur. Chunki ishlaydigan qurilmani yoki joriy etilgan dasturni sun’iy intellekt tadqiqotchining o‘rniga yasab bermaydi.

    Badiiy ijod masalasida men ancha ehtiyotkorman. Sun’iy intellekt she’rning shaklini, vaznini va qofiyasini mukammal darajada eplaydi, chunki bular formal xususiyatlar bo‘lib, ular statistik jihatdan o‘zlashtiriladi. Lekin she’r insonning shaxsiy tajribasidan, uning ichki holatidan tug‘iladi. Tizim esa faqat uning tashqi ko‘rinishini hosil qiladi. Badiiy asarda g‘oya, mantiqiy bog‘lanish va hayotiy asoslangan fikr bo‘lishi kerak, menimcha. Buni sun’iy zakovat eplay olmaydi.

    Shuning uchun savolingizga javobim quyidagicha: har doim ham o‘rinli bo‘lavermaydi. Sun’iy intellekt ijodkor uchun asbob bo‘lib xizmat qilsa, bu ijobiy hodisa. Ammo u ijodkorning o‘rniga o‘tirsa, san’atning mazmuni yo‘qoladi.

    Nihoyat, milliy nuqtai nazardan yana bir muhim jihat bor. Bugungi yirik modellar asosan ingliz tilidagi korpuslarda o‘qitilgan, o‘zbek tili esa manbalar hajmi cheklangan tillar qatoriga kiradi. Bu shunchaki texnik nomutanosiblik emas. Agar biz o‘z tilimizda, o‘z madaniy kontekstimiz(madaniyatimiz ruhi) asosida raqamli kontent va modellar yaratmasak, kelajakda tilimiz va tafakkurimiz raqamli makonda o‘zga qoliplarga moslashishga majbur bo‘ladi. Fakultetimizda o‘zbek tili uchun tabiiy tilni qayta ishlash tadqiqotlariga alohida e’tibor qaratayotganimiz bejiz emas, zero bu texnik masaladan ko‘ra ko‘proq madaniy mustaqillik masalasidir.

     — Qaysi masalalar Sizni ko‘proq o‘ylantiradi va ularning yechimi nimada deb hisoblaysiz?

    Meni bir necha masala jiddiy o‘ylantiradi va ularning har biri, aslida, oldimizda turgan ustuvor vazifa.

    Birinchi navbatda, talaba tayyorlash sifati. Ta’lim tizimi ekstensiv o‘sishdan intensiv rivojlanishga o‘tayotgan bir paytda e’tiborni songa emas, sifatga qaratish zarur. Buning uchun talabani birinchi kursdanoq laboratoriyaga va real ilmiy loyihaga jalb qilmoqdamiz, chunki tadqiqotchi faqat tadqiqot muhitida shakllanadi. Ustoz-shogird tizimini haqiqiy ilmiy rahbarlik darajasiga ko‘tarish, iqtidorli yoshlarni erta aniqlab, ular uchun alohida ta’lim traektoriyasini yaratish ham shu vazifaning tarkibiy qismi.

    Ikkinchi yo‘nalish ilmiy natijani mahsulotga aylantirish bilan bog‘liq. Laboratoriyalarimizda tayyor qurilma va dasturlar bor, IT markazda 100 dan ortiq dasturiy vosita yaratilib, amaliyotga joriy etilgan. Endilikda maqsad ana shu ko‘lamni respublika ehtiyoji darajasiga yetkazish. Buning yo‘li tadqiqotni boshidanoq buyurtmachi bilan birgalikda rejalashtirish, spinoff korxonalar va startaplarni ko‘paytirish, natijani patentlash va tijoratlashtirishda. Ilmiy ish o‘zining amaliy qo‘llanish nuqtasini oldindan bilishi kerak.

    Yosh olimlar uchun sharoit yaratish masalasi ham doimiy e’tiborimizda. Kadrlar harakati tabiiy jarayon, ammo universitetda qoladigan tadqiqotchi uchun qiziqarli ilmiy masala, munosib mehnat sharoiti va aniq o‘sish istiqboli bo‘lishi shart.

    Nihoyat, raqamli savodxonlik va raqamli axloq madaniyatini yuksaltirish. Texnologiya jamiyatga u bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmadan tezroq kirib bormoqda, shu sababli foydalanuvchilarga shaxsiy ma’lumotni himoya qilish, axborot manbasini tekshirish ko‘nikmalarini singdirish zarur. Bu faqat texnik emas, balki ma’rifiy vazifa, fakultetimizdagi kiberxavfsizlik ishlari, musobaqalar va ochiq ta’lim platformalari aynan shu maqsadga xizmat qiladi.

    Umuman olganda, men kelajakka umid bilan qarayman. So‘nggi yillarda erishilgan natijalar fakultetda yaratilgan sharoitlar va ustozlarning yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgani samarasidir. Bizning vazifamiz esa yoshlardagi qiziqishga sharoit va aniq yo‘nalish berishdan iborat.