Nobel orzusi
Inson taqdirini ba’zan bitta nigoh, bitta ishonch o‘zgartirib yuboradi. Samarqanddagi liseyda bo‘lgan paytimda biologiya faniga qiziqishim deyarli yo‘q edi. Ammo biologiya o‘qituvchim Hayrulla Asar yaxshi o‘quvchilarni fan olimpiadalariga jalb qilishga intilar, ulardagi yashirin qobiliyatni ko‘ra olardi. Ustozning ishonchi va sa’y-harakati bilan men biologiya olamiga kirib bordim. Avvaliga bu shunchaki fan edi, keyin butun hayotim mazmuniga aylandi.
Biologiya fani bo‘yicha viloyat, respublika va xalqaro olimpiadalarda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdim. Bu muvaffaqiyatlarim tufayli istalgan tibbiyot oliygohiga imtihonsiz kirish imkoniyati bor edi. Ammo 1999 yilda men ongli ravishda boshqa yo‘lni tanladim. Samarqand davlat universitetining biologiya fakultetiga hujjat topshirdim. Bu qarorimda ota-onamning ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi hal qiluvchi rolь o‘ynadi.
Universitetda talabalik paytlarimda, 2001 yilda inson genomining birinchi qoralama varianti e’lon qilindi. Bu voqea biologiya uchun yangi davr molekulyar genetika asrining boshlanishi edi. O‘sha paytda ilm-fan oldida ochilayotgan imkoniyatlar meni cheksiz ilhomlantirardi.
Bakalavr bitiruv ishini ingliz tilida, dotsent Erkin Halimov va professor Zafar Ismoilov rahbarligida yozdim. Tuproq mikroorganizmlarining organik ksenobiotiklarni parchalanishidagi roli haqida olib borilgan bu tadqiqot mening ilmiy dunyoqarashimni shakllantirdi. 2003 yilda diplom oldim va ilmiy izlanishdan ortga qaytmaslikka qaror qildim.
2003 yil men uchun burilish nuqtasi bo‘ldi. “UMID” jamg‘armasi tanlovining so‘nggi sovrindorlaridan biri bo‘ldim. AQSHning Texas A&M universiteti magistraturasiga qabul qilindim. Ammo jamg‘arma tizimidagi o‘zgarishlar sabab xorijga ketish nasib etmadi. Men O‘zbekistonda qolib, Samarqand davlat universitetida biotexnologiya yo‘nalishida magistraturani davom ettirdim.
Magistrlik dissertatsiyam bug‘doy patogenlarini tuproq mikroorganizmlari yordamida biokonazorat mavzusida edi. Shu yillarda Prezident stipendiyasi sovrindori bo‘ldim. Bu e’tirof ilmiy yo‘limni davom ettirish uchun katta rag‘bat berdi.
2005 yilda Germaniyaning Haydelberg universiteti va Koreyaning Seul Milliy universitetlariga qabul qilindim. Biomedisina sohasida dunyoga mashhur Haydelberg universitetini tanladim. Bu yerda molekulyar va hujayra biologiyasi yo‘nalishida tahsil oldim. Ta’lim jarayonining asosiy qismi laboratoriyada o‘tdi. Aynan shu yerda men kelajakdagi ilmiy yo‘nalishimni belgilab bergan hodisaga duch keldim.
Yosh olim doktor Gerxard Shrat nerv tizimidagi mikroRNKlar ustida ishlardi. O‘sha paytda bu molekulalar haqida ilm-fanda juda kam ma’lumot bor edi. Ammo aynan shu kichik molekulalar hujayra hayotining eng muhim jarayonlarini boshqarishini anglash ilmiy tafakkurimni tubdan o‘zgartirdi.
MikroRNKlar atigi 19–21 nukleotiddan iborat kichik molekulalar. Ammo ular genlarning ishlashini boshqaradi, hujayra rivoji, metabolizm, hatto saraton kabi jarayonlarga ta’sir qiladi.
2007 yilda bu yo‘nalishda ilmiy maqolalar soni juda kam edi. Ammo qisqa vaqt ichida bu soha biologiyaning eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ilmiy poyga boshlandi: kim birinchi bo‘lib yangi mikroRNK funksiyasini ochadi?
Men Gerxard Shrat laboratoriyasida ishlashni boshladim. Biz dunyoda birinchilardan bo‘lib nerv hujayralaridagi mikroRNKlarning rolini o‘rgandik. Nerv hujayralari o‘sishi, dendritlar rivoji va sinapslar faoliyatini boshqaruvchi mikroRNKlarni aniqladik. Tadqiqot natijalari dunyoning eng nufuzli ilmiy jurnallarida chop etildi.
2024 yilda mikroRNKlarni kashf etgan olimlar Nobelь mukofoti bilan taqdirlandi. Bu xabarni eshitganimda qalbimda o‘zgacha tuyg‘u paydo bo‘ldi. Chunki men ham shu sohaning ilk rivojlanish davrida ishlagan, uning shakllanishiga oz bo‘lsa ham hissa qo‘shgan edim.
Bu ilmiy mehnatning eng katta mukofoti edi. Nafaqat mukofot, balki o‘z vaqtida tanlangan yo‘lning to‘g‘riligini anglatardi.
2014 yilda Germaniyaning Marburg universitetida PhD dissertatsiyamni muvaffaqiyatli himoya qildim. Tadqiqotim nerv hujayralarida mikroRNKlarning faollikka bog‘liq boshqaruvi va ularning nerv tizimi rivojiga ta’siriga bag‘ishlandi.
Bugungi kunda Marburg universiteti Fiziologik kimyo institutida katta ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritaman. Ilmiy izlanishlarim asab hujayralarining asosiy oqsillaridan biri aktin va uning nerv tizimi rivojidagi rolini o‘rganishga qaratilgan.
Bundan tashqari, talabalarga dars beraman, yosh tadqiqotchilarga ilmiy rahbarlik qilaman. 2021 yildan buyon Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov taklifiga binoan magistrantlarga masofadan dars o‘tib kelmoqdaman.
Ortga nazar tashlasam, bu yo‘l Samarqanddan, Samarqand davlat universitetidan boshlanganini ko‘raman. Ustozlar ishonchi, ota-onamning qo‘llab-quvvatlashi meni dunyo laboratoriyalarigacha olib keldi.
Bugun chop etilgan yigirmaga yaqin ilmiy maqola, xalqaro jurnallardagi tadqiqotlar, yetishib chiqayotgan shogirdlar - bularning barchasi o‘sha Samarqanddan boshlangan yo‘lning davomidir.
Sharof XUDOYBERDIYEV,
Germaniyaning Marburg universiteti
katta ilmiy xodimi, PhD.

