Samarqand va buyuk ipak yo‘li
Samarqand – Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan, uch ming yildan ortiq tarix qatlamlari ostida sivilizatsiyalar nafasi saqlanib qolgan shahar. Buyuk ipak yo‘li haqida so‘z ketganda, ko‘pchilik Xitoy ipaklari yoki Rim oltinlarini tasavvur qiladi. Ammo bu yo‘l aslida insoniyat tarixidagi eng yirik aloqalar tizimi bo‘lgan. Miloddan avvalgi II asrdan XV asrgacha faol ishlagan bu tarmoq Sharq bilan Gʻarbni bog‘lab kelgan. Xan sulolasi davrida shakllangan savdo yo‘llari tizimi keyinchalik tarixda Buyuk ipak yo‘li nomi bilan ma’lum bo‘ldi.
Bu yo‘nalish Xitoyning markaziy hududlaridan boshlanib, Sharqiy Turkiston va O‘rta Osiyo orqali Eron platosi hamda O‘rta dengiz mintaqasigacha cho‘zilgan murakkab savdo tarmog‘ini anglatadi. Dastlab ipak savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan bu yo‘llar vaqt o‘tishi bilan kengroq iqtisodiy va madaniy almashinuv tizimiga aylandi. Mazkur yo‘l orqali nafaqat ipak, balki ziravorlar, metall buyumlar, shisha, qimmatbaho toshlar va chinni mahsulotlari tashilgan. Eng muhimi, moddiy ne’matlar bilan bir qatorda diniy qarashlar, san’at uslublari, texnologiyalar va siyosiy g‘oyalar ham hududdan hududga o‘tgan. Shu jihatdan Buyuk ipak yo‘li qadimgi dunyoning kommunikatsiya va integratsiya mexanizmi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Qizig‘i shundaki, Buyuk Ipak yo‘li atamasi ham qadimgi manbalarda tayyor holda uchramaydi – uni XIX asrda nemis geografi Ferdinand fon Rixtgofen ilmiy muomalaga kiritgan. Ya’ni biz bugun bir og‘izda aytadigan “Ipak yo‘li” nomi ham zamonaviy ilmiy tilning mahsuli. Samarqand esa ana shu ulkan tarmoqning shunchaki “egasi” emas edi. U ko‘p hollarda savdo, diplomatika va axborot oqimlarini boshqarib turgan “xab” – ya’ni tarmoqning tugun nuqtasi bo‘lib xizmat qilgan. Tarixiy manbalarda u Marokanda, Afrosiyob kabi nomlar bilan tilga olinadi.
Shaharning geostrategik kuchi joylashuvdan boshlanadi. Zarafshon vodiysining qoq markazi, cho‘l va voha chegarasi. Bu holat Samarqandga shimolda dasht-ko‘chmanchi dunyosi bilan janubdagi o‘troq dehqonchilik madaniyatlari orasida vositachilik qilish imkonini bergan. U asrlar davomida Xitoy, Hindiston, Eron va Vizantiya orasidagi savdo muvozanatini ushlab turuvchi “tarozi pallasi” bo‘lib turgan. Samarqandning strategik o‘rni, Zarafshon vodiysidagi qulay geografik joylashuvi va savdo yo‘llari kesishgan hududda bo‘lishi shaharning tarixiy taqdirini belgilab berdi.
Turli davrlarda bu savdo tizimi yirik davlatlar manfaatlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Kushonlar imperiyasi, Sosoniylar imperiyasi, Arab xalifaligi va keyinchalik Temuriylar davlati kabi siyosiy tuzilmalar aynan shu yo‘llar orqali iqtisodiy va diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Markaziy Osiyo markazida joylashgan Samarqand esa mazkur tizimda muhim tranzit va siyosiy markaz sifatida ajralib turgan.
Buyuk ipak yo‘lini ko‘pincha xaritada Sharqdan Gʻarbga cho‘zilgan yagona chiziq sifatida tasavvur qilishadi. Aslida esa bu murakkab, ko‘p tarmoqli savdo tizimi bo‘lib, bir necha asosiy va ikkilamchi yo‘nalishlardan iborat bo‘lgan. Tovarlar ko‘pincha “zanjirsimon savdo” tamoyili asosida harakat qilgan, ya’ni mahsulot bir karvondan boshqasiga, bir bozordan keyingisiga o‘tib, uzoq masofalarga yetkazilgan. Biroq sug‘diy savdogarlar ayrim hollarda bu vositachilik zanjirini qisqartirib, tovarni ishlab chiqarilgan hududdan bevosita iste’molchi mintaqasiga olib borishga intilishgan. Bu esa ularning savdo jarayonidagi faolligi va tashabbuskorligini ko‘rsatadi.
Samarqandning strategik ustunligi uning ikki yirik yo‘nalish kesishgan hududda joylashganligi bilan bog‘liq edi. Shimoliy yo‘nalish Samarqanddan Toshkent, Talas va Yettisuv orqali Sharqiy Turkiston hamda Xitoyga olib borgan. Janubiy yo‘nalish esa Samarqanddan Balx va Kobul orqali Hindiston tomonga yoki Marv va Nishopur orqali Eron hamda Vizantiya hududlariga cho‘zilgan. Shu sababli shahar savdo oqimlari, diplomatik aloqalar va madaniy almashinuvlar markaziga aylangan. Natijada Samarqandga nafaqat tovarlar, balki turli tillar, urf-odatlar, kiyim-kechak uslublari, diniy qarashlar va siyosiy tajribalar ham kirib kelgan. Bu jarayon shaharni mintaqaviy savdo markazidan kengroq – ko‘p madaniyatli va ko‘p yo‘nalishli tarixiy makonga aylantirgan.
Samarqandning qadimgi qismi – Afrosiyob tepaligi – Markaziy Osiyoda erta urbanizatsiya jarayonlarini aks ettiruvchi muhim arxeologik maskandir. Stratigrafik tadqiqotlar natijasida bu yerda miloddan avvalgi VIII asrga oid madaniy qatlamlar aniqlangan. Bu qatlamlar Zarafshon vodiysida ilk shahar tipidagi manzil hosil bo‘lganini ko‘rsatadi. Afrosiyob hududi qadimgi So‘g‘diyananing siyosiy va iqtisodiy markazi bo‘lgan Qadimgi Samarqandning yuragi hisoblanadi. Antik mualliflar – Arrian va Kvint Kursiy Ruf asarlarida tilga olingan Marokanda aynan shu arxeologik maydon bilan identifikatsiya qilinadi. Miloddan avvalgi IV asrda Aleksandr Makedonskiy tomonidan egallangan shahar mintaqaviy siyosiy markaz bo‘lganini yozma manbalar tasdiqlaydi.
Samarqandning Buyuk Ipak yo‘li tizimidagi o‘rni uning geografik joylashuvi bilan belgilanadi. Shahar Sharqiy Turkiston, Farg‘ona vodiysi, Baqtriya va Eron platosini bog‘lovchi yo‘nalishlar kesishgan hududda joylashgan. Bu yo‘nalishlar orqali ipak, metall buyumlar, shisha, ziravorlar va boshqa tovarlar almashinuvi amalga oshirilgan. Arxeologik topilmalar, xususan, import qilingan shisha buyumlar, tangalar va bezak elementlari, Samarqandning keng savdo tarmog‘iga integratsiyalashganini ko‘rsatadi. I–VIII asrlarda sug‘diy savdogarlar Xitoydan O‘rta dengiz havzasigacha bo‘lgan hududda faoliyat yuritganlari Xitoy yilnomalari va arxeologik materiallar bilan tasdiqlanadi. Samarqand esa ularning siyosiy va iqtisodiy markazlaridan biri bo‘lgan.
Afrosiyobda aniqlangan VII asrga oid monumental devor rasmlari shahar tarixining muhim dalillaridan biri hisoblanadi. Ular 1960-yillarda topilgan bo‘lib, hozirda Afrosiyob muzey ekspozisiyasida saqlanadi.
Freskalarda sug‘diy hukmdor saroyidagi qabul marosimlari tasvirlangan. Tadqiqotchilar bu rasmlarni VII asr o‘rtalarida hukmronlik qilgan Varhuman davri bilan bog‘laydilar. Kompozisiyada xorijiy elchilar, jumladan Xitoy vakillari, sovg‘alar va karvon sahnalari aks ettirilgan. Elchilar kiyimlari va atributlari Tan sulolasi davri ikonagrafiyasiga mos keladi. Bu Samarqand bilan Tan imperiyasi o‘rtasidagi diplomatik aloqalar mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.
Mazkur devor rasmlari muhim tarixiy manba sifatida qabul qilinadi, chunki ular yozma manbalarda qayd etilgan diplomatik aloqalarni vizual ravishda tasdiqlaydi. Tasvirlarda turli etnik guruh vakillari ko‘rsatilgan bo‘lib, bu Samarqandning ko‘p tomonlama tashqi aloqalar tizimiga ega bo‘lganini anglatadi. Afrosiyobda olib bortlgan qazish ishlari shahar ichki infratuzilmasining rivojlanganligini ko‘rsatadi. Ya’ni mudofaa devorlari, rejalashtirilgan ko‘chalar tizimi, hunarmandchilik ustaxonalari va suv ta’minoti inshootlari aniqlangan. Bu tizim uzoq masofali savdo uchun zarur logistika sharoitlarini ta’minlagan.
Savdo aloqalari nafaqat iqtisodiy, balki madaniy almashinuvni ham kuchaytirgan. Sug‘diyona hududi orqali buddaviylik, manixeylik va boshqa diniy oqimlar tarqalgan. VIII asr boshlarida Qutayba ibn Muslim yurishlari natijasida mintaqada siyosiy o‘zgarishlar yuz bergan bo‘lsa-da, Samarqand savdo va hunarmandchilik markazi sifatidagi ahamiyatini saqlab qolgan.
Afrosiyob materiallari Samarqandning miloddan avvalgi davrlardan boshlab o‘rta asrlargacha bo‘lgan davrda mintaqaviy va xalqaro savdo tizimida muhim o‘rin tutganini ko‘rsatadi. VII asr devor rasmlari esa shahar tashqi aloqalarining aniq dalili sifatida baholanadi. Shu sababli Afrosiyob Buyuk ipak yo‘li tarixini o‘rganishda asosiy arxeologik va vizual manbalardan biri hisoblanadi.
Samarqand yaqinidagi Kofirqal’a hududida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar shahar iqtisodiy hayotining tashkiliy jihatlari haqida muhim ma’lumotlar beradi. Qazishmalar davomida topilgan muhrlar va hujjat fragmentlari bu yerda savdo jarayonlari nazorat ostida bo‘lganini ko‘rsatadi. Mӯhrlar, odatda, tovar partiyalarini tasdiqlash, ombor va yuk nazoratini amalga oshirish hamda ma’muriy hujjatlarni rasmiylashtirish uchun ishlatilgan. Bu esa Samarqandda savdo faoliyati tasodifiy emas, balki ma’lum boshqaruv tizimi doirasida olib borilganini anglatadi.
Kofirqal’a topilmalari shuni ko‘rsatadiki, Samarqand savdo oqimlarini shunchaki qabul qiluvchi hudud bo‘lmagan. Aksincha, u tovarlar harakati ustidan nazoratni ta’minlay oladigan va iqtisodiy jarayonlarni tartibga soladigan markaz vazifasini bajargan. Muhr tizimining mavjudligi davlat boshqaruvi bilan iqtisodiy faoliyat o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatadi. Bunday tizim odatda tranzit savdo yo‘llari kesishgan hududlarda shakllanadi va boj, ombor nazorati hamda hujjatlashtirish amaliyotlarini talab qiladi.
Numizmatik materiallar ham Samarqandning iqtisodiy ahamiyatini tasdiqlaydi. Turli davrlarga oid Xitoy tangalari, mahalliy sug‘d tangalari va arab dinarlari bir hududda topilgani shahar ko‘p yo‘nalishli savdo aloqalariga ega bo‘lganini ko‘rsatadi. Turli pul tizimlariga mansub tangalarning bir makonda uchrashi xalqaro savdo operatsiyalarining faol kechganidan dalolat beradi. Bu nafaqat tovar almashinuvi, balki moliyaviy muomalalarning ham keng ko‘lamli bo‘lganini bildiradi.
Bir so‘z bilan aytganda, Kofirqal’a muhrlari va numizmatik topilmalar Samarqandning Buyuk ipak yo‘li tizimidagi o‘rnini yanada aniqroq tasavvur qilish imkonini beradi. Shahar savdo jarayonida faqat vositachi emas, balki iqtisodiy boshqaruv va nazorat mexanizmlariga ega markaz sifatida namoyon bo‘ladi. Ayni jihat Samarqandni o‘rta asrlar Sharqining muhim iqtisodiy va ma’muriy markazlaridan biri sifatida baholash uchun asos yaratadi.
V–VIII asrlarda Samarqand va umuman Sug‘diyona mintaqasi yirik siyosiy kuchlar kesishgan hududda joylashgan edi. Sharqda Tan imperiyasi, Gʻarbda Sosoniylar, keyinchalik Arab xalifaligi, shimolda esa Turk hoqonligi hukmron kuch sifatida maydonga chiqqan. Shunday murakkab geosiyosiy sharoitda Samarqand hukmdorlari – ixshidlar tashqi siyosatda muvozanatni saqlashga intilishgan. Ularning asosiy maqsadi shahar mustaqilligini va savdo yo‘llaridagi mavqeini yo‘qotmaslik edi.
Tarixchi Xodadod Rezaxoni ta’kidlaganidek, Sosoniylar davlati qudratli bo‘lganiga qaramay, sharqiy savdo ustidan to‘liq nazorat o‘rnata olmagan. Xitoy bilan aloqalarda ko‘pincha sug‘d savdogarlarining vositachiligi zarur bo‘lgan. Bu esa Samarqand va umuman sug‘diy savdo tarmog‘iga iqtisodiy foyda bilan birga siyosiy ahamiyat ham bergan. Savdo aloqalari orqali shahar ma’lum darajada muvozanatli tashqi siyosat olib borish imkoniga ega bo‘lgan.
Samarqand tarixida iqtisodiy omillar bilan bir qatorda madaniy omillar ham muhim rol o‘ynagan. Arxeologik va yozma manbalar bu yerda buddaviylik, zardushtiylik va keyinchalik islom dini mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu turli diniy an’analar bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘lganini anglatadi. Afrosiyob devor rasmlarida turli hududlardan kelgan elchilar va savdogarlar tasvirlangan. Ularning kiyim-kechaklari, sovg‘alari va marosim sahnalari Samarqandning xalqaro aloqalar doirasini ko‘rsatadi. Bu tasvirlar shaharni faqat iqtisodiy emas, balki madaniy almashinuv markazi sifatida ham baholash imkonini beradi.
Sug‘d savdogarlari Sharqdan Gʻarbga borar ekan, o‘z tillari va yozuvini ham yoyganlar. Sug‘d tili uzoq vaqt davomida Ipak yo‘li hududlarida savdo va diplomatik muloqot vositasi sifatida qo‘llanilgan. Bu holat Samarqandning madaniy ta’sir doirasi keng bo‘lganini ko‘rsatadi.
VIII asr boshlarida arab fathlari natijasida Samarqand Arab xalifaligi hokimiyatiga bo‘ysundi. Siyosiy tuzum o‘zgarganiga qaramay, shahar savdo va hunarmandchilik markazi sifatidagi mavqeini saqlab qoldi. Xalifalik davrida karvon yo‘llari musulmon dunyosining keng hududlarini bog‘lab, Samarqandni yangi iqtisodiy va ilmiy tarmoqlarga qo‘shdi. Keyingi asrlarda – Somoniy, Gʻaznaviy, Saljuqiy, Qoraxonylar davrida bu yerda masjidlar, madrasalar va ilmiy muassasalar shakllandi. Samarqand Movarounnharning yirik ilm markazlaridan biriga aylandi.
XIV asrda Amir Temur Samarqandni poytaxt sifatida tanladi. Bu qaror tasodifiy emas edi. Shahar avvaldan savdo yo‘llari kesishgan markaz sifatida shakllangan, hunarmandchilik va iqtisodiy infratuzilmaga ega edi. Temuriylar davrida Samarqandda yirik me’moriy inshootlar barpo etildi. Samarqanddagi Ko‘ksaroy, Bo‘stonsaroy, turli qasr va bog‘lar, Registon maydoni, Temuriylar maqbarasi, Bibixonim jome masjidi, Ulug‘bek rasadxonasi shahar siyosiy va madaniy mavqeining ramziga aylandi. Temuriylar davrida Hindiston, Eron va Yaqin Sharqdan ustalar va olimlar Samarqandga taklif etilgan. Bu esa shaharni xalqaro diplomatik va madaniy markaz sifatida mustahkamladi. Savdo aloqalari kengayib, shahar yana bir bor keng mintaqaviy iqtisodiy tizimning muhim bo‘g‘iniga aylandi.
Temuriylar davridagi Samarqand me’morchiligi faqat estetik yoki diniy maqsadlarni ko‘zlamagan. Bu inshootlar shaharni Buyuk ipak yo‘lining markaziy bo‘g‘inlaridan biri sifatida namoyon etgan. Savdo yo‘llari orqali kelgan boylik, ustalar va madaniy ta’sirlar Samarqand me’morchiligida mujassam bo‘lib, uni XIV–XV asrlarda yana bir bor xalqaro miqyosdagi siyosiy va madaniy markazga aylantirgan.
XXI asrda Samarqand tarixini o‘rganish yangi bosqichga ko‘tarildi. Geografik axborot tizimlari yordamida qadimgi shahar hududlari, sug‘orish tarmoqlari va karvon yo‘llarining joylashuvi aniqroq xaritalashtirilmoqda. Radiokarbon tahlillari esa arxeologik qatlamlarning sanasini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu usullar yozma manbalar bilan birga qo‘llanilganda, shahar rivojlanish bosqichlarini yanada ishonchli tiklash imkonini beradi. Afrosiyob hududida olib borilgan tizimli qazish ishlari va Samarqand yaqinidagi Kofirqal’ada topilgan muhrlar, hujjat parchalari hamda moddiy madaniylik namunalarining tahlili shahar iqtisodiy va ma’muriy hayotini ilmiy asosda yoritishga xizmat qilmoqda. Bu topilmalar savdo nazorati, boshqaruv tizimi va xalqaro aloqalarning amaliy jihatlarini ko‘rsatadi.
Buyuk ipak yo‘li tushunchasi bugungi kunda ham ilmiy va siyosiy muhokamalarda faol qo‘llaniladi. Xususan, Xitoy tomonidan ilgari surilgan “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi qadimgi savdo yo‘llari g‘oyasining zamonaviy talqini sifatida baholanadi. Bu tashabbus tarixiy aloqalar va iqtisodiy integratsiya masalalariga qiziqishni yana kuchaytirdi. Samarqandning xalqaro miqyosdagi ahamiyati ham e’tirof etilgan. YUNESKO tomonidan shahar “madaniyatlar chorrahasi” sifatida tavsiflanadi. Bu ta’rif tarixiy manbalarga asoslanadi: Samarqand asrlar davomida turli sivilizatsiyalar, tillar va dinlar uchrashgan hudud bo‘lgan.
Tadqiqotchilar Samarqandni Buyuk Ipak yo‘li tizimining muhim markazlaridan biri sifatida baholaydilar. Shahar savdo almashinuvi, diplomatik aloqalar, madaniy va ilmiy jarayonlarda faol ishtirok etgan. Arxeologik topilmalar – tangalar, devor rasmlari, muhrlar va turli qatlamlar – bu jarayonlarning moddiy dalilidir. Ular Samarqandning o‘tmishdagi rolini yanada aniqroq tushunishga yordam beradi. Shu sababli Samarqand tarixi nafaqat o‘tmish haqidagi hikoya, balki bugungi global aloqalar ildizlarini anglash uchun ham muhim ilmiy manbadir.
Yung MUNG CHUL,
Samarqand davlat universiteti professori,
Yevrosiyo Ipak yo‘li instituti raisi.

