Samarqand davlat universiteti O‘zbekiston tarixi kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori Go‘zal Normurodova bilan suhbat

    - Ilm sohasini tanlashingizga asosiy sabab nima va hozirgi kunda qaysi mavzuda ilmiy faoliyat olib boryapsiz?

    - Men ziyoli oilada tug‘ilib o‘sganman. Bu yo‘lni tanlashimda otam, falsafa fanlari doktori, professor Bekmurod Normurodovning ta’siri katta. Shuning uchun bu borada asosiy sababchi sifatida oilamni aytishim mumkin. Qolaversa, fanda oz bo‘lsa-da egallab kelayotgan o‘rnimni topishimda men o‘qigan, kamol topgan Samarqand davlat universitetining o‘rni beqiyos. Men mana shu dargohning, O‘zbekiston tarixi kafedramizning ziyosi bilan ilmdagi yo‘limni topdim. Asosiy yo‘nalishim O‘zbekiston tarixini o‘rganishga qaratilgan. 2011-yilda “XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Samarqand viloyati ijtimoiy qatlamlari tarixi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyamni himoya qildim. Shundan so‘ng ushbu mavzuni yanada kengroq doirada o‘rganish istagi paydo bo‘ldi. Sababi, o‘zbek xalqining shakllanishi juda boy va qiziqarli tarixga ega. Shu asosda 2020-yilda bu mavzuning davomi bo‘lgan “Buxoro amirligi aholisi ijtimoiy qatlamlari va ularning ijtimoiy-iqtisodiy hayotda tutgan o‘rni” mavzusida doktorlik dissertatsiyamni himoya qildim. Mazkur mavzu bo‘yicha 10 ga yaqin o‘quv-qo‘llanma va monografiya, 100 dan ortiq ilmiy maqolalar nashr ettirganman. Ayni paytda rahbar va pedagog sifatida faoliyat yuritish bilan bir qatorda mazkur yo‘nalishda shogirdlar ham tayyorlayapman.

         – Shu kungacha jamiyatdagi o‘rningizni topa oldingizmi?

         - Qisman topa oldim. Ammo oldinda hali bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalar bisyor. O‘zbekistonda yashayotgan har bir fuqaro uchun, millatidan qat’i nazar, jonajon Vatanimiz, xalqimiz tarixini o‘rganish nihoyatda muhim. O‘zbekistonda yashayotgan, shu tuproqda tug‘ilib-o‘sgan neki inson bor, bu tarixni albatta o‘rganishi shart. Bu sohada faoliyat olib borayotgan olimlar faqat sohani o‘rganish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Xalqimiz o‘tmishidagi millat taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan tarixiy jarayonlarni chuqur ilmiy tadqiq etish, O‘zbekiston xalqining buyuk tarixiy merosga ega ekanligi va O‘zbekistonning o‘tmish davrlaridan beri jahon taraqqiyoti jarayonlaridagi faol ishtirokini dalillab berish, mazkur yo‘nalishda muhim izlanishlar olib boradigan yetakchi mutaxassislar tayyorlash mas’uliyati har bir tarixchining mas’uliyatli vazifasi bo‘lishi lozim.

    – Ayol kishiga hayotda o‘z o‘rnini topa olishi uchun kerak bo‘lgan uchta asosiy omil?

    - Birinchi o‘rinda tarbiya. Chunki, ayol go‘zal xulqli bo‘lsa, u tarbiya qilgan avlodning xulqi ham go‘zal bo‘ladi. Ikkinchisi – bu oila. Oila nafaqat ayol kishi uchun, balki barcha insonlar uchun hayotga, yashashga bo‘lgan kuch, energiya manbai bo‘lib xizmat qiladi. Va nihoyat, uchinchisi, sevimli kasb. Ayolning ayol sifatida jamiyatda o‘z o‘rnini topa olishi ko‘p jihatdan ushbu omilga bog‘liq. Kasbga bo‘lgan muhabbat har qanday insonni yangi marralarni zabt etishga undab turadi.

     – Farzand tarbiyasi masalasida asosiy mas’uliyat onaning zimmasida bo‘ladi. Bu borada o‘zingizni qanday ona deb bilasiz?

      - Ko‘pchilik ishlaydigan ayolning ham ishni, ham oilani birvarakayiga eplashi qiyin deb hisoblaydi. Bu fikrga ko‘p ham qo‘shilavermayman. Bilasizmi, inson uchun o‘zi yaxshi ko‘rgan narsa hech qachon qiyin bo‘lmaydi va uni zeriktirmaydi. Kasbga va oilaga muhabbat birday bo‘lsa ikkisini  ham bemalol eplasa bo‘ladi. Men hamisha ona sifatida farzandlarim tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashganman.  Shu kabi, farzandlarim ham men uchun eng yaxshi do‘st, hamroh va suyanchiq bo‘lishgan.

    Nomzodlik dissertatsiyamni yozish chog‘ida Toshkent markaziy davlat arxivi manbalari bilan ishlashga to‘g‘ri keldi. Begona shaharda ayol boshim bilan hamrohsiz yurmay deb, kichik farzandimni o‘zim bilan olib ketdim. O‘g‘limni har kuni arxivga o‘zim bilan yetaklab olib borardim. Kun bo‘yi tarixiy hujjatlarga ko‘milib ishlar, 4 yoshli o‘g‘lim men bilan birga rasm chizib yoki kitob o‘qib o‘tirardi. Hatto nomzodlik dissertatsiyam himoyasiga ham o‘g‘lim bilan borganman. Tarix instituti xodimlari meni “bola yetaklab ilmiy ish yoqlagan ayol” deyishardi. Taqdirni qarangki, vaqt o‘tib, doktorlik ishim uchun Moskva davlat arxivi manbalaridan foydalanishga zarurat bo‘ldi. O‘shanda ham shu o‘g‘limni o‘zim bilan olib ketganman. Ammo Rossiya arxivida ta’qiq kuchli ekan. “Bolani ichkariga qo‘ymaymiz deyishdi. Hech iloji bo‘lmagandan keyin u meni tashqarida, arxiv binosi hovlisida kutib turadigan bo‘ldi. O‘g‘lim har kuni meni sabr bilan tashqarida kutib o‘tirardi. Buni ko‘rib, ba’zida uni qiynab qo‘ymayapmanmi, deb ko‘p o‘ylardim. Ammo, aksincha, bu muhit o‘g‘limning yuragida ilm-fanga bo‘lgan qiziqishning eng katta tamal toshini qo‘yib ulgurgan ekan. Mana, endi bu o‘z mevasini beryapti.

       – Ayolga uni tushunishlari qanchalik muhim?

    - Juda muhim, albatta. Muqaddas dinimizda ham ayolga e’tibor, unga muloyimlik bilan munosabatda bo‘lish buyurilgan. Ayol qachon atrofdagilarning e’tiborida, ularning g‘amxo‘rligi va muhabbatini his qilib yashasa, shundagina hayotda ulkan natijalarga erisha oladi. Shu ma’noda yaqinlar e’tiborini ayol muvaffaqiyatining kaliti deyish mumkin.

    – Shu kungacha hayotdan izlaganlaringizning hammasini topa oldingizmi?

    - Hayotda yashashning o‘zi bir izlanish bo‘lsa, ilmiy tadqiqot faoliyatining o‘zi yana bir izlanish. Demak, olim kishi umri davomida ishda ham, hayotda ham nimanidir izlab yashaydi. Shu haqiqatdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, ilmda ham, hayotda ham izlaganlarimning barchasini topa olganimcha yo‘q.

    – Siz uchun nima qo‘rqinchli?

    - Yaqinlarimni yo‘qotish.

    – Armoningiz bormi?

    - Bugungi erishganlarim sababchisi bo‘lgan otamning muvaffaqiyatlarimni ko‘ra olmagani armonim.

    – Hayotni rasmda tasvirlab berish kerak bo‘lsa, sizning rasmingizda qanday ranglar bo‘ladi?

    - Sariq, yashil va moviyrang.

 – Bugungi kun olimalarini nima cheklaydi?

    - Hozirgi sharoitda ilmiy faoliyat sohasida olimalar uchun hech qanaqa to‘siq yo‘q. Ularni ko‘proq oilaviy muammolar cheklashi mumkin.

    – Kelgusi maqsad va rejalaringiz haqida aytib o‘tsangiz.

    - Hozirda ingliz tilini o‘rganyapman. IELTS darajasini olish arafasidaman. Endigi maqsadim, xorijga chiqib, jahon muzeylarida va kutubxonalarida saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiga oid manbalar, nodir qo‘lyozmalarni o‘rganish, jahon bibliografik yodgorliklarida keltirilgan tarixning xalqimiz o‘tmishiga oid nuqtalarini qayta tiklashga o‘z hissamni qo‘shish.

    – Ilm-fan yo‘lidan ketish umidida bo‘lgan xotin-qizlarga, yosh ayol tadqiqotchilarga qanday maslahat va tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

    - Avvalo sabrli bo‘lish muhim. Hayotda har qanday qiyinchilik qarshisida o‘zini yo‘qotib qo‘ymasdan,  maqsaddan voz kechmasdan harakat qilishda, yashashda davom etish kerak. Eng muhimi, ilm yo‘lini tanlashning o‘zi katta narsa. Bu hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi Agar siz, o‘zingizda bu vazifani bajarishda kuch topa olsangiz, unda maqsad sari intilishda davom etavering. Har bir harakat kun kelib, albatta o‘z natijasini beradi.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi

Iroda Bekmurodova suhbatlashdi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.