Samarqand davlat universitetiga Yaponiyaning Tottori universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi. Delegatsiyaga Tottori universitetining vitse-prezidenti Atsushi Tsunekava rahbarlik qilmoqda. Delegatsiya tarkibi qishloq xo‘jaligi fakulteti dekani Kinya Akashi, qurg‘oqchil mintaqalar tadqiqotlari markazi direktori Mitsuro Tsubo, markazning yetakchi xodimi va JICA vakili Takusaburo Kimura hamda professor Ryo Nishimuralardan iborat.

    Yapon olimlari delegatsiyasini Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov qabul qildi.

    Uchrashuvda universitet olimlari va soha mutaxassislari ishtirok etdilar. Muzokaralarda Markaziy Osiyoning, shu jumladan O‘zbekistonning qurg‘oqchil mintaqalarida regenerativ qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida hamkorlikda tadqiqotlar olib borish, Samarqand davlat universiteti bazasida “Desert Center of Excellence (DCE)” nomli xalqaro ilmiy-amaliy markazni tashkil etish, qurg‘oqchil hududlardagi tabiiy resurslardan barqaror foydalanish orqali mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda ekologik muvozanatni saqlash masalalari muhokama qilindi. Ushbu markaz aynan shu yo‘nalishlarda faoliyat olib borishi bilan mintaqada birinchi va yagona ekani ta’kidlandi. Uchrashuv yakunida muayyan kelishuvlarga erishildi.

    Yaponiyalik olimlar Samarqand davlat universitetining Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti kampusida bo‘lib, institutda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdilar.