Iqlimga mos qishloq xo‘jaligi bo‘yicha dala seminari
Samarqand davlat universiteti, Yaponiyaning Tottori universiteti, JICA BLUE-SATREPS loyihasi va Toyloq tumani hokimligi hamkorligida noan’anaviy ekinlar yetishtirish tizimini yaratish orqali qishloq xo‘jaligida iqlimga chidamlilikni mustahkamlash mavzusida dala seminari tashkil etildi.
Dala seminarida Tottori universitetining vitse-prezidenti Atsushi Tsunekava, Qishloq xo‘jaligi fakulteti dekani Kinya Akashi, Qurg‘oqchil mintaqalar tadqiqotlari markazi direktori Mitsuro Tsubo, markaz yetakchi xodimi va JICA vakili Takusaburo Kimura, professor Ryo Nishimura, Tottori universitetining Samarqand davlat universitetidagi vakolatxonasi rahbari Kristina Toderich, JICA’ning O‘zbekistondagi ofisi vakili Ozawa Yoshiko hamda SamDU olimlari, Toyloq tumani fermerlari va tomorqa yer egalari ishtirok etdi.
Mazkur tadbirda Toyloq tumani hokimi Behzod Raxmatullayev so‘zga chiqib, bugungi kunda qishloq xo‘jaligi amaliyotiga yangi va innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish, qurg‘oqchilikka chidamli noan’anaviy ekinlar yetishtirish hamda aholini sifatli va ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash eng muhim masalalardan biri ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, u bu borada zamonaviy ilm-fan yutuqlari va ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish ustuvor ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Seminarda Samarqand viloyati Toyloq tumani tuproq-iqlim sharoitida amarant, setariya, kinoa kabi noan’anaviy ekinlarni yetishtirish imkoniyatlari va mahalliy aholi tomonidan bu borada orttirilgan tajribalar xususida fikr almashildi. Tadbir davomida mahalliy aholi tomonidan ushbu ekinlardan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari namoyish etildi. Ishtirokchilarga ushbu mahsulotlarni kundalik iste’molda qo‘llash usullari hamda ularning inson salomatligi uchun foydali xususiyatlari to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar berildi.






