YOSH OLIMLARGA G‘AMXO‘RLIK
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov institutlar direktorlari va fakultetlar dekanlari hamrohligida SamDUda tahsil olib, ayni paytda xalqaro hamkorlik va memorandumlar asosida nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan magistrantlar bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv ZOOM platformasi orqali tashkil etildi.
SamDU rektori Rustam Xolmurodov xorijda tahsil olayotgan magistrantlarning keyingi rejalari bilan qiziqdi. Onlayn muloqotda qatnashgan magistrantlar o‘zlari tanlagan yo‘nalishlar, ilmiy qiziqishlari hamda kelgusidagi tadqiqot rejalari haqida ma’lumot berib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Shuningdek, uchrashuvda ilmiy tadqiqot mavzularini to‘g‘ri tanlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Rustam Xolmurodov magistrantlarga bugungi kunda global ahamiyat kasb etayotgan, innovatsion va amaliy natijadorlikka ega bo‘lgan mavzularni tanlash bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi. Xususan, ilm-fan va texnologiyalar rivojiga xizmat qiladigan, xalqaro ilmiy hamjamiyatda dolzarb hisoblangan yo‘nalishlarga ustuvorlik berish lozimligi ta’kidlandi.
Mazkur uchrashuv o‘zaro tajriba almashish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etdi.







